Vatan himoyasi – mardlar farzi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida Qurolli Kuchlarimizning 22 yilligiga bag‘ishlangan “Vatan himoyasi – mardlar farzi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi faxriylar Markaziy kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti kursantlari hamda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultet kursantlari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga qodir, har tomonlama rivojlangan, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikaga ega milliy armiyamiz shakllantirilganini ta’kidladilar. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi hamda zamonaviy axborot-kompyuter texnologiya va intellektual bilimlarni puxta egallashlariga alohida e’tibor qaratilayotganligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan “Posboniman muqaddas yurtning” nomli she’riyat tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
– Vatan himoyachilari kuni nafaqat harbiylar, balki butun xalqimizning ulug‘ bayramidir. Chunki dunyoda Vatan himoyasidan muqaddas, sharafli ish yo‘q, – deydi tanlov g‘olibi, Shimoliy-g‘arbiy okrug harbiy xizmatchisi Dilnoza Sulaymonova. – Mening eng oliy maqsadim – Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilish.
Tadbirda Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan she’rlar o‘qilib, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
N.NORBOBOYEV