BIRYANI
Kerakli mahsulotlar: Buning uchun bizga 1 kg basmati guruchi (uzunchoq guruch yoki “Devzira” ham bo‘ladi), 1.2 kg tovuq go‘shti, 1 dona bulg‘or qalampiri, 2 dona piyoz, 2 dona pomidor, 0.5 stakan o‘simlik yog‘i, 2 osh qoshiq saryog‘, 6-7 bo‘lak sarimsoqpiyoz zarur. Ziravorlardan esa murch, zanjabil, zira, koritsa, qizil bulg‘or qalampiri, lavr bargi, tuyilgan kashnich urug‘i, sariq rangli zarchava kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi: Guruchni 30 daqiqaga tuz solingan iliq suvga ivitib qo‘yamiz. Tovuq go‘shtga bir dona piyoz, ikki dona lavr bargini solib shurva pishirib olamiz. Pishgan tovuqni qizib turgan saryog‘da ustki qismini qizartirib olamiz. So‘ngra piyoz, bulg‘or qalampiri, pomidorni kichik shaklda to‘g‘rab qozonga solamiz. Qirg‘ichda chiqarilgan zanjabilni, maydalangan sarimsoqpiyoz va qolgan barcha ziravorlar va tovuqni ham solib 4-5 daqiqa dimlab qo‘yamiz. Ushbu masalliqlar ustidan avval 2 stakan suv, ivitilgan guruch va uni biroz ko‘madigan miqdorda tovuq sho‘rva solamiz. 15 daqiqadan so‘ng zarchavani 3 osh qoshiq suv bilan aralashtirib, guruch ustiga sepib chiqamiz hamda 20 daqiqaga dimlaymiz. Guruch pishgach, olovni o‘chirmasdan qozon qopqog‘ini ochib qo‘yamiz (5-7 daqiqaga). Ushbu hindcha oshni dasturxonga tortishdan oldin didingizga qarab bezating.
Guli NOZ tayyorladi