MAKTAB – MUNAVVAR MANZIL
Oilaning gultoji, davlati farzand sanaladi. Zero, har bir xonadonning mahalla-ko‘ydagi obro‘-e’tibori, nufuzi unda tarbiyalangan zukko bolalari bilan belgilanishi ham ayni haqiqatdir. Xalqimizda “Bola aziz, odobi undan aziz” deya bejiz aytilmagan. Farzand tarbiyasi borasida o‘z-o‘zidan mas’uliyat nafaqat oilaga, balki jamiyatning muhim tarbiyaviy bo‘g‘ini – maktabga yuklanadi. Zero, kishining tarbiyasida maktab oiladan keyingi o‘rinda turadi.
Dunyo maydonida mafkuraviy kurash avj olayotgan bir pallada ertamiz kelajagi yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kundagi ta’lim dargohlarining eng katta vazifasi sanaladi. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir”.
Toshkent shahri Sergeli tumaniga qarashli 6-davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilgan qator ishlar zamirida yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida ulg‘aytirish maqsadi o‘z ifodasini topmoqda.
Umumta’lim maktabida 95 ta sinf bo‘lib, 2 ming 955 nafar o‘quvchi tahsil olishadi. Muassasada darslar ikki tilda olib boriladi, o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi qat’iy nazoratga olingan. Ularning bilim darajasi belgilangan talabga javob bersa, maktabdagi ixtisoslashgan maxsus sinflarga o‘tkaziladi. O‘quvchilarning aniq fanlardagi bilimini yanada oshirish maqsadida maktab qoshida matematika, kimyo, fizika, ingliz tili to‘garaklari tashkil etilgan. So‘nggi paytlarda fan olimpiadalarida shahar bosqichida yuqori natijalarga erishishida o‘qituvchilarning, faoliyat yuritayotgan to‘garaklarning o‘rni ham salmoqli sanaladi. Bu borada esa bilimli va o‘qitish borasida tajribaga ega o‘qituvchilarning mehnatini e’tirof etsak arziydi.
Fevral oyining o‘rtalarida umumta’lim maktabida tuman hokimi, tuman bosh imom xatibi, tuman prakurori ishtirokida ta’lim muassalarida ta’lim sifatini yaxshilash o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda ota-onalar ham ishtirok etdi. Tadbir davomida voyaga yetmagan yoshlar orasida huquqbuzarlikning kelib chiqish sabablari borasida videofilm namoyish etildi.
– Yoshlar kelajagimiz mevasi, – deydi muassasaning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilorom Eshmatova. – Ular haqida bugun qayg‘urishimiz, kelajagimizga bo‘lgan g‘amxo‘rlikni belgilaydi. Maktabda ota-onalar bilan yuzma-yuz muloqot bolani o‘ylantirayotgan muammolarini birgalikda hal etishga, ularni yangi orzulari sari ruhlantirishga ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda tuman faollari, maktab o‘qituvchilari ota-ona mas’uliyati hamda oilada kattalarning befarqligining salbiy oqibatlari haqida fikr bildirishdi.
– Ba’zan biz onalar turmush tashvishlari bilan farzandimizning maktabdagi hayotidan bexabar qolamiz, – deydi uy bekasi Matluba Abdunabiyeva. – Farzandim tahsil olayotgan maktab o‘qituvchilaridan minnatdorman, sababi ular biz ota-onalar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, bolamizning xatti-harakati, o‘zlashtirish darajasidan xabardor etishadi. Bu esa bizni farzand tarbiyasida hushyorlikka chorlaydi.
Maktabning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Komila Sa’diyevaning ta’kidlashicha, maktabda o‘tkazilgan ana shunday tadbirlar doirasida o‘quvchilarning tartib intizomga qat’iy rioya etishlari, darslarni o‘zlashtirishlari, turli to‘garaklarga qiziqishlari tobora ortib bormoqda.
Muxtasar aytganda, maktab ulkan orzular, rejalar bo‘sag‘asi, ma’naviyat o‘chog‘idir. Bu maskanda ta’lim olayotgan har bir o‘quvchining ertasi istiqbolli bo‘lishi shubhasiz. Zero, ertangi kunga bugundan umidli qadam tashlanadi.
Xurshida HUSENOVA