USTOZ – HAYOTIMIZ ChAROG‘BONI
Ustozni bejiz mayoqqa qiyoslashmaydi. U taratgan yorug‘lik odamlarning yo‘lini bir umrga yoritadi. Uzoq yillar o‘tsa ham ustozlar qoldirgan merosning ohori to‘kilmaydi. Ana shunday ijod olamining fidokorlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Hafiz Abdusamatov bugungi kunda tabarruk 90 yoshni qarshilamoqda. Ustozning shu kunga qadar bosib o‘tgan hayot yo‘llarini sarhisob qiladigan bo‘lsak, undan deyarli 70 yili ilm-fan rivoji, ijtimoiy faoliyatga bag‘ishlandi. E’tibor berib qaralsa, bu kichik fursat emas. Bir inson umridek yo‘l.
Ushbu olimning butun hayoti va faoliyati adabiyotning eng murakkab turi – dramaturgiya va uning sahnaviy talqinlari tarixi va nazariyasi, zamonaviy muammolari tadqiqiga bag‘ishlandi. Hafiz Abdusamatov har ikkala sohada ham o‘z imkoniyatlarini namoyon eta oldi. Asosiysi, ijtimoiy hayotning qaysi yo‘nalishida bo‘lmasin, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshish, kasbiga, qilayotgan ishiga hamda atrofdagilarga hurmat va mehr tufayli, xalq hurmatiga sazovor bo‘ldi.
Men ustozimning bir xislatiga doimo havas bilan qarayman. U kishi zamonaviy jarayon bilan tanishishga intiladi. Madaniy hayot ichida bo‘lib, har bir badiiy hodisada faol ishtirok etadi. Kuzatganlar biladi, spektakllar qabuli ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Chunki sahnalashtirilgan asarni ko‘riboq, fikrni zudlikda jamlagan holda so‘zga chiqishga to‘g‘ri keladi. Mana shunday jarayonlarda ham ustoz jo‘yali, dadil fikrlarni o‘rtaga tashlashga harakat qiladi.
Ustozim ishlashdan charchamaydi. Shu ma’noda o‘zbek dramaturgiyasining bugungi kun darajasiga yetishida uning xizmatlari cheksizdir. Mana, yarim asrdan ortiq vaqtdan beri o‘tgan katta davr ichida yaratilgan salmoqli kitoblar, keng qamrovli maqolalar nafaqat adabiyotshunosligimiz, shu bilan birga teatrshunosligimizning rivojiga katta hissa bo‘lib qo‘shilgani so‘zimning yorqin isbotidir. Bugunga qadar olimning dramaturgiya muammolari yoritilgan 20dan ortiq monografiyalari, risolalar, 500ga yaqin maqolalari nashrdan chiqqan. “Abdulla Qahhor”, “Traditsiya va novatorlik muammosi”, “Estetika va hayot”, “Teatr – tanqid ko‘zgusida” , “Tanqidmi, tosh otish”, “Tarix va badiiy talqin”, “Alp Jamol – dramaturg”, “Drama nazariyasi”, “Sahna sardori”, “Shoshma, quyosh!”, “Ilm mening quyoshim”, “Zamon sadosi” shular jumlasidan.
Olimning Abdulla Qahhor, O‘lmas Umarbekov, Zikir Muhammadjonov ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblari keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan. Ayniqsa, satira, drama nazariyasi haqidagi nazariy yo‘nalishdagi tadqiqotlari alohida ajralib turadi. Tanqidchi uchun eng zarur bo‘lgan hozirjavoblik xislati u kishini sahna san’atidagi sodir bo‘layotgan har bir yangilik bilan vaqtida tanishib borishga undaydi. Ushbu jarayonda nafaqat qattiq prinsipiallik bilan yondoshish, adabiyot va san’atga bo‘lgan mehr, odamiylik, asosiysi, tomoshabin va kitobxon qiziqishlarini e’tiborga olgan holda yondoshishni kuzatish mumkin.
Ustozning yana bir fazilatini cheksiz hurmat qilaman va o‘rnak olaman. Ilmiy qarashlarimiz, badiiy ijodiy jarayonga munosabatimiz hamma vaqt ham mutanosib kelavermaydi. Lekin biror marta fikrimdan qaytarishga, o‘z qarashlarini singdirishga urinmaydi. Hamma vaqt fikrimda qolishga imkon yaratgandi. Ustozning otalarcha mehrini tuyib ulg‘aydim. Bugun o‘zim ham ustozman. Ba’zan o‘zimga “men ham shogirdlarimga ustozday karamli bo‘lyapmanmi”, deya savol beraman. Bu meni sergaklantiradi. Aynan mana shu holatda ham ustozlik qilayotganlarini tuyib, ularga mehrim yanada ortadi. Ustozlarimiz hamisha umr bog‘ining navqiron daraxti bo‘lib, yosh nihollarni unib-ustirishda hormay mehnat qilsinlar!
Dilfuza RAHMATULLAYEVA,
san’atshunoslik fanlari doktori