MAHORAT MAKTABI yosh tarjimonlarni kashf etmoqda
Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi huzuridagi “Oltin qalam” gazetasi tahririyati tashabbusi bilan “Yosh tarjimonlarning mahorat maktabi” va uning saytini tashkil qilish loyihasi doirasida tarjimonlar tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovda oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, yosh tarjimonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlovda “Yosh tarjimonlarning mahorat maktabi” va uning saytini tashkil qilish loyihasi bilan qatnashib, davlat grantini qo‘lga kiritgan tahririyat bir qator ishlarni amalga oshirdi.
Loyiha asosida gazeta va jurnallarda chop etilgan, turli tillardan tarjima qilingan asarlar mualliflari rag‘batlantirildi. Eng sara ijod mahsullari “Quyoshli darcha” to‘plamiga kiritildi. Soha mutaxassislari ishtirokida turli seminarlar, uchrashuvlar, adabiy-badiiy kechalar o‘tkazildi.
Tadbirda tanlov g‘oliblari diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
M.XO‘JAMURODOVA