TOVUQLI RULET
Aziz ayollar, bugun sizning bayram dasturxoningizga tovuqli rulet tayyorlashni taklif qilamiz.
Masalliqlar: tovuq go‘shti, qo‘ziqorin, pishloq, yong‘oq, sariyog‘, 1 dona bosh piyoz, bir bo‘lak oq non yoki baton, 100 g. sut, ko‘katlar, ta’bga ko‘ra tuz, murch.
Tayyorlash: Bo‘g‘imlaridan kesilgan tovuq oyoqlarining pastki qismi terisini asta kesib go‘shtdan ajratib olasiz. Qanotchalarni ham bo‘g‘imlaridan kesib qo‘yasiz.
Non bo‘lagini chuqur idishga solib, ustidan sut quyasiz. Bo‘kkan non bo‘laklarini sutli idishdan olib qo‘yasiz. Tovuq go‘shtini suyaklaridan ajratib olib go‘sht qiymalagich yoki blender yordamida maydalaysiz.
Mayda to‘g‘ralgan piyozni sariyog‘ yoki o‘simlik yog‘ida qovuring. Unga tovuq qiymasini qo‘shib 7 daqiqa davomida aralashtirib masalliq tayyor bo‘lguncha qovuring. Tayyor bo‘lgan masalliqni blenderga soling, unga yong‘oq, non qo‘shib maydalang. Shampinon qo‘ziqorinini 2-4 bo‘lakka bo‘ling. Qo‘ziqorinni sariyog‘ yoki o‘simlik yog‘ida 5 daqiqa davomida qovurib oling. Qiymaga qo‘ziqorin, pishloq, ko‘kat, bir bo‘lak sariyog‘ yoki eritilgan yog‘ qo‘shasiz va obdon aralashtirasiz.
Tovuq terisining ustki va ichki qismini tuzlab, murch sepib yoyasiz va unga qiyma solasiz. Asta-sekin ruletni o‘rab chetlarini ip bilan tikib yoki tish tozalagich cho‘pi bilan birlashtirib chiqasiz.
Rulet ustiga yog‘ surib 190 darajali haroratda gaz plitasi duxovkasida 35-40 daqiqa pishirib olasiz. Ruletni 1,5-2 sm o‘lchamda bo‘lakchalarga bo‘lib kattaroq likopchalarga ko‘katlar, salat barglari va sabzavotlar bilan chiroyli qilib taxlaysiz. Ishonamizki, bu sizning yaqinlaringizga xush yoqadi.
MEHRIBONU