Safro dimlanishi badjahllikka sababmi?
o‘t pufagi va o‘t yo‘llari kasalliklari xususida
Tabobat ilmining sultoni, buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning nomi jahon tibbiyot tarixida muhim o‘rin egallaydi. Ulug‘ allomaning qoldirib ketgan qo‘lyozmalarida hozirgi vaqtda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan tavsiyalar mavjud. Ularda o‘t suyuqligini haydaydigan bir qancha o‘simliklar, jumladan, zirk mevalari, bo‘znoch, yalpiz, qoqio‘t bargi va boshqalar xususida to‘xtalgan. Uning yozishicha kasallikni keltirib chiqaradigan tashqi va ichki sabablar bor.
Tashqi omillardan infeksion, mexanik, fizik omillar, ob-havo (harorat) va shuningdek, boshqalarni ham aytib o‘tgan. Ovqatlanishning buzilishi ham shular jumlasiga kiradi. Yetarlicha ovqatlanmaslik ham, ortiqcha ovqatlanish ham zararlidir. Yetarlicha ovqatlanmaslik, ovqatga yolchimaslik organizmning holdan toyib, infeksiyaga ko‘rsatadigan qarshiligi kamayib ketishiga, gipo va avitaminozlar paydo bo‘lishiga olib kelsa, ortiqcha ovqatlanish oziq-ovqat mahsulotlarining energetik qiymati energiya sarfidan ancha ortib ketishiga olib boradi. Bu esa moddalar almashinuvi buzilishiga, odam semirib, uning tanasi yog‘ bosishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ichki kasalliklar to‘g‘risidagi ta’limotning asoschisi yunon hakimi Gippokrat eramizdan avvalgi V asrda yashagan. Qadimgi dunyoning shu atoqli hakimi ko‘rsatib ketgan ba’zi kasallik belgilarining hozir ham to‘g‘ri tashhis qo‘yishda katta ahamiyati bor.
Gippokrat zamonasida tabib asosan o‘zining sezgi a’zolariga suyanishi mumkin edi, xolos. Haddan tashqari og‘ir holatdagi bemorda kuzatiladigan “Gippokrat yuzi”, o‘pka pardalari orasiga suv yig‘ilganda (plevrit) bemor nafas olganda plevraning ishqalanishidan eshitiladigan shovqin singari kasallik belgilari bunga misol bo‘lishi mumkin.
Yana boshqa bir mashhur hakim eramizdan avvalgi II-III asrlarda yashagan Galen Gippokrat ta’limotini to‘ldirdi. U kasallik vaqtida qanday bo‘lmasin biror a’zo va tizimlarda bo‘ladigan mahalliy dard tufayli paydo bo‘ladigan turli o‘ziga xos hid, ranglarning, kasallik o‘choqlari joylanishi ham muhim o‘rin egallaydi deb hisoblar edi.
Sergey Petrovich Botkin (1832-1889) qorin bo‘shlig‘i a’zolarini paypaslab ko‘rish (palpatsiya) usullarini amaliyotga joriy qildi. Olim ichki kasalliklarni aniqlashda yangi belgilarni (o‘t-tosh kasalligida og‘riqning o‘ng tomondagi qovurg‘alar ostidan yurak sohasiga o‘tib turish belgisi, ya’ni irradiatsiyalanish belgisi, yana infeksion gepatitni) ham topdi.
SALBIY HIS-HAYAJONLARNING ROLI
Barcha kasalliklar mijoz buzilishi sababli paydo bo‘ladi. Mijoz buzilishiga ham noto‘g‘ri ovqatlanish, o‘z vaqtida to‘yib uxlamaslik, zararli odatlar(ichish, chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilish) kiradi. Badjahl odamlarda safro (o‘t suyuqligi) ko‘p ajralib chiqadi. O‘t yo‘llarida turli tiqilmalar bo‘lsa, o‘t pufagida bu suyuqlik dimlanib qoladi.
Iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarning nobop bo‘lishi kasalliklar paydo bo‘lishida katta rol o‘ynaydi. Turmush darajasining past bo‘lib qolgani infeksion, turli parazitlar sababli paydo bo‘ladigan kasalliklarga keng yo‘l ochadi. Hakim buyurganlarini muloyimgina qilib bemorga qunt bilan eslatib turish uning sog‘ayib ketishi uchun juda muhim. Shifokorning shirin so‘zi dardga malham bo‘ladi, lekin u aksincha bo‘lsa odamni chilparchin qilib qo‘yishi ham mumkin.
Davolash rejasini buzib, shifokor maslahatlariga parvo qilmaydigan intizomsiz bemorni uning o‘zboshimchaligi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida qattiq ogohlantirib qo‘yish shart.
ALLERGIK OMILLAR
Organizm reaktivligi o‘zgarib ketganligi tufayli turli moddalarga uning ortiqcha sezgir bo‘lib qolishidir. Ilgari qaysi omilga (allergenga) duch kelgan bo‘lsa odam shu omilga ortiqcha sezuvchan bo‘lib qoladi.
IRSIYAT
Kasallikning ba’zi alomatlari va xususiyatlari nasldan-naslga o‘tishi mumkin. Pasoriaz (temiratki), o‘t qopining qiyshiqligi (diskineziya), turli nevrologik va o‘sma kasalliklari, gipertoniya (xafaqon) va boshqa xastaliklar irsiy bo‘ladi.
XOLESISTIT
O‘t pufagining yallig‘lanish kasalligi – xoletsistit eng ko‘p uchraydigan kasallikdir. Xoletsistit toshsiz (nokalkulyoz) va kalkulyoz (toshli) bo‘ladi. O‘t pufagidagi yallig‘lanish jarayoni o‘t toshlari-konkrementlar hosil bo‘lishi bilan birga uchraydi. Kalkulyoz xoletsistit o‘t-tosh kasalligi o‘t pufagida yallig‘lanish jarayoni bilan birga kechmasligi ham mumkin. Bu holatda konkrementlar hosil bo‘lishi boshqa qator omillarga bog‘liq bo‘ladi. O‘t pufagi va o‘t yo‘llari kasalliklari qatoriga kiruvchi diskineziya nomini olgan o‘t pufagi mushaklari qisqarishining buzilishi kiradi. Natijada o‘tning jigar va o‘t pufagidan o‘n ikki barmoq ichakka ajralib chiqishi buziladi. Diskineziya mushak tarangligining pasayishi va bo‘shashi bilan o‘tadigan gipotonik yoki aksincha o‘t pufagi mushaklarining keskin qisqarishi kuzatiladigan gipertonik bo‘lishi mumkin. Xoletsistit va o‘t-tosh kasalligiga o‘t chiqaruvchi yo‘llarning parazitar kasalliklari lyamblioz, opistorxoz, askaridoz va boshqalar qo‘shilib keladi. Xoletsistit asoratlar bilan o‘tishi mumkin. Biliar jigar sirrozi xoletsistopankreatit, reaktiv gepatit(yo‘ldosh gepatit) rivojlanishi ehtimol tutilgan gepatoxolangit eng ko‘p qayd qilinadi. Kalkulyoz xoletsistit, o‘t-tosh kasalligining jiddiy asorati o‘t (jigar)sanchig‘i hisoblanib, bunda o‘ng qovurg‘alar ostida kuchli og‘riq xuruji kuzatiladi. Jigar, o‘t pufagi yoki umumiy o‘t yo‘li konkremetdan tiqilib qolishi hamda obturatsion sariqlik, istisqo (qorin bo‘shlig‘ida suv yig‘ilishi) yoki qovuq empiyemasi (yiring yig‘ilishi) rivojlanishi ehtimoli kuchayadi.
Ichak infeksiyalari (ich terlama, dizenteriya), xronik(surunkali) otit (quloq yallig‘lanishi), tonzillit (bodomcha bezlarining yallig‘lanishi), gaymorit (Gaymor bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi), adneksit(bachadon naylari va tuxumdonning yallig‘lanishi) piyelit (buyrak jomchalarining yallig‘lanishi), osteomiyelit (suyak ko‘migining yallig‘lanishi) va shu kabi pastga tushadigan infeksiyalar o‘t pufagi yallig‘lanishiga zamin yaratadi. Ko‘pincha bu kasallik o‘choqlaridan o‘t pufagiga stofilokokk, streptokokk va boshqa infeksiyalar tushadi.
Xoletsistit rivojlanishiga o‘t pufagida o‘tning dimlanib qolishi ham imkon beradi. Bu gipotonik diskineziya, shuningdek, tor kiyim kiyish (korsetlar, tasmalar, belbog‘lar) qabziyat bilan ham bog‘liq. O‘t dimlanishiga odamning kam harakatli hayot tarzi, jismoniy faollik bilan bog‘liq bo‘lmagan kasb-korda ishlashi, yetarlicha harakat qillmasligi, ovqatni uzoq vaqt oralig‘ida va ko‘p miqdorda yeyish kabilar sabab bo‘ladi. O‘t pufagiga mikrofloraning bevosita kirishiga va unda yallig‘lanish jarayoni rivojlanishiga axiliya (me’da xlorid kislota va fermentlar ishlab chiqarmasligi) yoki me’da sekretor faolligining pasayib ketishi imkon beradi. Chunki, me’da shirasi tarkibiga kiradigan xlorid kislota bakteritsid xossasiga ega. Xoletsistit ko‘pmi-ozmi uzoq vaqtgacha o‘rtacha klinik manzarada yuza yallig‘lanish holatlari bilan o‘tishi mumkin.
Bemor o‘ng qovurg‘asi ostida unchalik qattiq bo‘lmagan og‘riqdan va og‘zi bemaza bo‘lishidan shikoyat qiladi. Duodenal zondlash yordamida olingan o‘t suyuqligida leykotsitlar, shilimshiq, epitelial tekshirishda u yoki bu bakterial flora (mikroblar) topiladi. Rentgenologik tekshiruvda o‘t pufagi qisqarish xususiyatining buzilishga moyilligi, ya’ni diskineziya belgilari aniqlanishi mumkin. Toshsiz xoletsistitning klinik alomatlari ana shulardan iborat. Aksariyat o‘t pufagidagi yallig‘lanish jarayoni ta’siri ostida o‘tning fizik (kolloid) xossalari o‘zgaradi. Tosh hosil bo‘lishi jarayonida organizmda moddalar almashinuvi jarayonlarining buzilishi, birinchi galda yog‘ almashinuvining izdan chiqishi muhim rol o‘ynaydi. Bu ortiqcha ovqatlanish natijasida organizmning yog‘ bosishi, shuningdek, tanadagi neyroendokrin o‘zgarishlar (homiladorlikda, klimaterik davrda, qalqonsimon bez faoliyati pasayganda yog‘ almashinuvining buzilishi) bilan bog‘liq. O‘t dimlanishi o‘t toshlari paydo bo‘lishiga imkon beradi.
Kalkulyoz xoletsistitda og‘riq o‘ng qovurg‘ada bo‘lib, odatda kuchli, aksari xurujsimon bo‘ladi. U o‘ng tomondan belga yoki kurak osti sohasiga o‘tadi. Agar tosh (konkrement) umumiy o‘t yo‘lini berkitib qo‘ygan bo‘lsa, obturatsion sariqlik vujudga kelishi mumkin. O‘t-tosh kasalligining klinik belgilarida yallig‘lanish jarayoni kuzatilmaydi. Gipotonik diskineziyada dimlangan o‘t-pufagi deb ataladigan holat rivojlanadi. O‘ng qovurg‘a ostida og‘riq doimiy, simillagan bo‘ladi. Bemor engashganda kattalashgan o‘t pufagi osilganday bo‘lib qorin oldi devoriga qadalganday bo‘lib tuyiladi. Gipertonik diskineziyadan o‘ng qovurg‘a ostida tez-tez xurujsimon og‘riq bo‘lishi o‘ziga xos klinik belgi hisoblanadi. Biroq, qator hollarda lyamblioz-parazitlar borligi ayniqsa, ularning ko‘p miqdorda bo‘lishi kasallik kechishini og‘irlashtirib, o‘t suyuqligi oqib chiqishiga va qorinda mexanik to‘siqlar vujudga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Kalkulyoz xoletsistit va o‘t-tosh kasalligida aksariyat o‘ng qovurg‘a ostida o‘tkir va qattiq og‘riq xuruji paydo bo‘ladi. Bu kuchli sanchiq o‘ng kurakka, o‘ng yonbosh va bel sohasiga o‘tadi. Ushbu og‘riq o‘t pufagi shilliq pardasining undagi tosh ta’sirlanishi natijasida toshning o‘t ajratuvchi yo‘llarga tiqilib, safroni to‘sib qo‘yishi, teri shilliq to‘qimalarining sarg‘ayishi, peshob rangining to‘q tusga kirib qora choy yoki pivoga o‘xshab qolishi, axlatning oqarishi bilan kuzatiladi. Xuruj davomliligi bir-necha daqiqadan bir necha soatgacha cho‘zilishi mumkin.
Kasallik xuruji vaqtida bemor o‘t (safro) suyuqligini tashlab, qayt qiladi. Terida qichishish, teri orasida jonli narsa yurganday tuyuladi. O‘t – tosh kasalligi sanchig‘idagi og‘riqqa morfin og‘rig‘i deyiladi. Chunki, uni faqat narkotik og‘riq qoldiruvchi in’yeksiya bilan qoldirish mumkin. Zudlik bilan ultratovush, rentgen, kompyuter tomografiyasi yordamida bemorga to‘g‘ri tashhis qo‘yib muolaja qilinadi.
Bemorga shifoxonada davolanish tavsiya etiladi. Shuningdek, jigar kasalligidagi kabi parhez buyuriladi. Avvalo o‘tdagi mikroflora va uning antibiotiklarga sezuvchanligi aniqlanadi. Har bir bemorga individual muolaja belgilanadi. O‘t haydaydigan vositalar (makkajo‘xori popugi, na’matak damlamasi yoki o‘t haydovchi choy) mineral suvlar (Yesentuki, Borjomi) yarim stakandan ovqatdan oldin ilitilgan holda ichiladi. Konkrement (tosh) bilan to‘lgan o‘t pufagini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash kerak.
Toshsiz xoletsistitlarga davo qilishda parhezga, doimiy “drenaj qilish”, o‘t yo‘llarini zond yordamida yuvish va zondsiz tyubajlar (bemor bir stakan iliq mineral suv yoki na’matak damlamasni ichadi va jigar sohasiga grelka qo‘yib o‘ng yonboshi bilan 1 soat yotadi, o‘t haydovchi dori vositalar qatoriga o‘tni suyultirish xususiyatiga ega bo‘lgan mineral suvlar) tavsiya etiladi. Ko‘rsatmalar bo‘yicha yallig‘lanishga qarshi davo kurslari (aksariyat holatlarda lyamblyaga qarshi preparat bilan) tayinlanadi.
Toshsiz xoletsistitni o‘z vaqtida to‘g‘ri muolaja qilish bemorning butunlay sog‘ayib ketishiga zamin hozirlaydi. Hozirgi vaqtda kalkulyoz (toshli) xoletsistitlarni, o‘t yo‘lida tiqilgan toshlarni operatsiyasiz endoskopik usulda tushiriladi.
Toshlarni erituvchi dorilar yordamida ham tushiriladi. Ularni tarkibi va tuzilishi aniqlanib qayta hosil bo‘lmasligi uchun dori-darmon beriladi. Sanatoriy-kurortda davolanish, shifobaxsh balchiq, turli fizioterapevtik muolajalar olish xastalikning qaytalanishining oldini oladi.
Bahodir HAMIDOV,
ToshPMI dotsenti, xalqaro “Inson va tabiatni ekologik xavfsizligi ilmiy akademiyasi” muxbir a’zosi, oliy toifali jarroh