Vatan mehri bilan

Yangi yil arafasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi “Shahriston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasiga qarashli ikkinchi yoshlar uyi tashkil qilindi. Toshkent shahar hokimligi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalar turar joyining birinchi qavatini to‘la ta’mirlab, ularning ixtiyoriga berdi. Bu yerda o‘smirlarning o‘n olti yoshdan keyingi davrda yashashi, hayotga moslashuvi, ularni ma’naviy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash maqsadida muayyan muddatli yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Uyushma tarkibidagi birinchi yoshlar uyi 2009 yil Chilonzor tumanida tashkil etilgan. Endilikda uning 30 dan ortiq tarbiyalanuvchisi o‘zining mustaqil hayotini to‘g‘ri o‘zanga qo‘yishga muvaffaq bo‘layotir. Yoshlar uyi umumiy ta’lim maskanini tamomlagan va ilk mustaqil hayotini boshlayotgan o‘smirlar uchun mo‘ljallangan. “SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi”dan bu maskanga ko‘chirilgan bolalarga yuqori malakali mutaxassislar, pedagog murabbiylar, psixologlar ko‘magida ilk mustaqil hayotga oid bilim va ko‘nikmalar, kasb tanlash, ishga joylash, shaxsiy salohiyatini rivojlantirishga oid bilimlarni egallashida yaqindan ko‘maklashiladi. Bu yerda o‘smir yoshidagi o‘g‘il-qizlar oiladagi kabi turmush kechirish, o‘z mablag‘larini to‘g‘ri rejalashtirish, ro‘zg‘or va xo‘jalik ishlarini oqilona yurgizishga o‘rgatiladi.

Biz ikkinchi yoshlar uyining tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, suhbatlashib, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan ya’ni ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ta’lim tarbiyasi bilan birga ularning kelajakda biror kasbni egallab, turar-joyga ega bo‘lib, jamiyatning faol a’zosiga aylanishiga, ushbu usul o‘zini to‘la oqlayotganiga guvoh bo‘ldik. Quyida o‘smirlarning fikr va mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

O‘zbekiston – jannatmakon o‘lkam

Madinabonu Ergasheva:

– Ta’tillarda homiylarning ko‘magida mamlakatimizning tarixiy joylariga sayohat uyushtiramiz. Samarqand, Buxoro, Xorazm va Farg‘onaning diqqatga sazovor joylarini kezib kelganmiz. Toshkentning madaniy yodgorliklarini, xushmanzara joylarini tomosha qilgani jamoamiz bilan tez-tez chiqib turamiz. Bir safar teleminoraga chiqib poytaxtning beqiyos manzaralarini kuzatdik. Yurtimizning buyukligi, tariximizning ulug‘vorligi, O‘zbekistonimiz jannatmonand o‘lka ekanligi meni hamisha lol qoldiradi. Hozir Toshkent mehmonxona xo‘jaligi kollejining 2-bosqich talabasiman. Kelajakda shu yurtga munosib farzand bo‘lib, turizm sohasining rivojlanishiga xizmat qilishni ko‘nglimga tugganman.

Opam Do‘KON ochyapTi

Mohlaroy Mo‘minova:

– Akam va opam bilan bolaligim shu muassasada – “SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi”da birga o‘tdi. Hozir ular Farg‘onada yashashadi. Opam farzandli, go‘zallik salonida ishlaydi. Yaqinda undan xat oldim. O‘zining xususiy do‘koni va salonini ochayotgan ekan. Mehr maskaniga kelganimizdan nomimizga hisob raqami ochilib bankka davlat tomonidan pul qo‘yiladi. Opam jamg‘armani olib ana shu maqsadlarga ishlatayotgan ekan. Yana go‘zallik saloni ochish uchun davlatdan kredit ham olibdi. Eshitib juda xursand bo‘ldim. Men ham ularga o‘xshab tadbirkor bo‘lishni orzu qilaman.

Яна ўқинг:  ИХТИСОСЛАШТИРИЛГАН ТИББИЙ ХИЗМАТ

Xorijiy tillarni o‘rganyapman

Nargiza Aytanova:

– “SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi”dagi o‘ninchi xonadonda istiqomat qilganman. Biz olti aka-uka, opa-singil edik. Maskanimizning o‘zida esa 45 nafar bola ahil-inoq yashardik. Ko‘ngilli kishilar bizga xorijiy tillarni o‘rgatar edi. Men o‘shanda ingliz va koreys tili to‘garagiga qatnaganman. Niyatim O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida o‘qishdir.

Yoshlar uyiga o‘tganimdan keyin ham shu mashg‘ulotlarni davom ettira boshladim. Hozir koreys markaziga qatnayapman va ingliz tilini o‘rganish uchun kollejdagi mashg‘ulotlardan keyin nodavlat-notijorat tashkiloti qoshidagi ingliz tili kursiga boryapman. Gohida biroz mashg‘ulotlar cho‘zilib kechroq qolsam yoshlar uyining murabbiy-pedagoglari darhol surishtira boshlaydi. Ularning mehri ko‘nglimni tog‘dek ko‘taradi. Maskanimizda navbatchilik tashkil qilganmiz. Pedagog-murabbiylar bilan birga haftada bir marta oziq-ovqatlarni xarajat qilamiz. Birgalashib oshxonada ovqat tayyorlaymiz. Kech kelgan paytlarimda xuddi uydagidek men uchun ovqat olib qo‘yishadi, va do‘stlarimning, murabbiylarimning tezroq ovqatlanib ol deb chorlashlari qalbimni iliqlikka to‘ldiradi. Xonamizda ikki kishi turamiz, o‘zimizning kiyim javonimiz, ish stolimiz mavjud. Tug‘ilgan kunlarni, bayramlarni tantanavor nishonlaymiz. Bu tadbirlar bizni yanada jipslashtiradi.

Biz bunyod etgan bog‘

Dmitriy Mekuryashiy:

“SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi” yonida tashlandiq bo‘lib yotgan yerni tuman hokimligining ruxsati bilan bog‘-rog‘ qildik. U yerda yurtimizda o‘sadigan yuzdan ortiq o‘simliklarning turlari bor. Archalarni ekkanimizda biz bilan teng edi. Bir-birimizga hazllashib bo‘ylarimizga o‘lchab ekkanmiz. O‘z qo‘limiz bilan yaratgan bog‘ni kezishni xush ko‘raman. Bu go‘zal, maftunkor tabiat go‘yo bolaligimizning shirin damlaridan yodgorlikdek. Insonning qo‘li gul, u barcha ishga qodir, deyman shu boqqa boqib. Barcha go‘zallikning bosh sababchisi tashabbuskorlikdir. Bu bog‘ tashabbuskorligimizning, yurtga, elga, tabiatga bo‘lgan mehrimizning ramzidir.

Xalqimiz kam bo‘lmagan, kam bo‘lmaydi

Doniyor Mahkamov:

– Asli farg‘onalikman. She’r o‘qishni, qo‘shiq xirgoyi qilishni xush ko‘raman.

“SOS” – O‘zbekiston bolalar mahallasi”da Vatanimizning mehr-e’tibori tufayli bizni onalik muhabbati bilan tarbiyalashdi. Ayni kunda kollejda o‘qiyapman. Endi bilim olib, hayotda o‘z o‘rnimizni egallashimiz lozim. Men bilan birga shu maskanga kelgan akam Shavkat Azimov Rossiyaning Plexanov nomidagi iqtisodiyot universitetining Toshkent filialini tugatib hozir bankda ishlayapti. Hayotidan juda mamnun. Farg‘onada yashaydi, tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Men esa oliy o‘quv yurtini tamomlab, Farg‘onada metropoliten qurilishida qatnashishni orzu qilaman. Buni poytaxtdagi “Bunyodkor” sport kompleksining ochilishiga borganimda, u yerdagi behad go‘zal bunyodkorlik ishlarini ko‘rganimda yuragimga tuydim.

Яна ўқинг:  Сахийнинг боғи гуллайди

Ilk muvaffaqiyat

Behzod Ismoilov:

– Mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik bizni behad quvontiradi. Shu bilan birga zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetishga, Vatanimizga, xalqimizga munosib farzandlar bo‘lishga intilamiz. Men dastlab poytaxtdagi 49-umumta’lim maktabini, so‘ngra kollejni tugallab, hozir O‘zbekiston Davlat San’at va madaniyat institutida tahsil olyapman. Ayni kunda institutning uchunchi bosqich talabasi bo‘lsam-da, 2-yoshlar uyining sardori – murabbiyimiz Maqsud Qodirov tez-tez institutga borib, o‘qituvchilarimiz bilan uchrashib, holimizdan xabar olib turadi.

Institut talabalari hamkorlikda yaratgan va internetga joylashtirilgan “Sevgi tarixi” asarini sahnalashtirishda ishtirok etdim. Bu mening san’at olamidagi dastlabki qadamim bo‘ladi. Yaqinda esa Sardor Raximxonning “Tanhoginam” qo‘shig‘i uchun ishlangan klipda birinchi rolimni ijro etdim. Bu ijodiy izlanishlar menga olam-olam zavq-shavq bag‘ishlaydi.

Chevarlikni xush ko‘raman

Saodatxon Axmadbekova:

– Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sanoat kollejida o‘qiyman. Tikuvchilik, to‘quvchilik, dizaynerlik mening sevimli mashg‘ulotim. “Yoshlar uyi”mizga tikuv mashinasi sovg‘a qilishdi. Men kollejda olgan bilimlarimni uyga kelib ana shu chevarlik mashinasida mustahkamlayman.

Uyimizdagi barcha yoshlarning tikish-bichish ishlarini jon-dilim bilan bajarib beraman. Maskanimizning kiraverishida “Yoshlar uyi”ning milliy ramzi tushirilgan so‘zanaga ko‘zingiz tushadi. Juda go‘zal to‘qilgan. U fabrikada maxsus tayyorlanib, sovg‘a qilingan. Ayni kunda uning nusxasini tayyorlash ustida izlanayapman.

Ana shunday nafis amaliy san’at namunalarini yaratish, milliy hunarmandchilikka hissa qo‘shish – mening orzuim.

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: