Qarisi bor uy – parisi bor uy
“Qarisi bor uyning parisi bor” – degan naql bizni doim insonparvar g‘oyalar sari yetaklaydi. Darhaqiqat, bobo-yu buvijonlarimiz, ota-onamizning yonimizdagi har bir daqiqasi, so‘zlayotgan purma’no so‘zlari, bizni qo‘llab-quvvatlab to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, to‘y-ma’rakalarimizda bosh-qosh bo‘lishining o‘zi qanchalik bebaho davlat. E’tibor berganmisiz, o‘g‘il ota-ona uyiga bosh suqib, otajon-oyijon nabirangizga falon kishining o‘g‘lidan sovchi keldi, nima deysizlar, – deganicha ularga bir ilinj bilan boqadi. Go‘yoki bu bir juft qalbi ezguliklarga makon keksalarni so‘zi o‘g‘il uchun ming tillodan-da afzal ko‘rinadi. Yoki otajon nabirangizni qulog‘iga azon aytib qo‘ying, toki shu yurtda tug‘ilib uning tuprog‘ini siz kabi e’zozlab yurish unga ham nasib etsin, – deya padariga havas bilan nigoh qadaganicha bag‘ridagi chaqalog‘ini tutayotgan qizining bir olam orzular og‘ushida ekanligini sezib otaning dili quvonchga to‘ladi.
Voajab, shajarasini toza imon, toza e’tiqod bilan davom ettirayotganiga ming bora shukronalar qilayotgan padarning o‘z otasidan olgan duolari ijobati emasmi bular?!
Buvijon, sizga o‘zim yoqtiradigan qizning suratini ko‘rsataymi, – yuragidagi bir olam sevgi otashidan masrur nabira buvisining pinjiga suqiladi.
– O‘zim o‘rgilayin polaponimdan, ishqilib sochi uzunmi, anavi usta Olimning qizi bo‘lsa kerak-a, qani ko‘rsatchi?!
– Qayerdan bildingiz buvijon?! Yaxshilab ko‘rishingiz uchun ko‘zoynagingizni olib kelib beraymi? – deya entikayotgan nabirasining hayajoni bir zumda Halima buvining ham qalbiga ko‘charkan, – bilamanda, buving bilmagan narsa yo‘q. – hazilomuz nabirasining yelkasiga qoqib qo‘yadi…
– Assalomu alaykum bobojon! Bog‘imizdagi uzumlarni xomtok qilmoqchi edim, ammo nard navdasini kesib qo‘yishdan cho‘chiyapman, shu bois sizni olib ketishga keldim, “shosha-pisha” so‘zini yakunlar ekan, ichida ishqilib bobomning uyoq-bu yoqqa boradigan yumushi bo‘lmasin-da, – hadik bilan Abdullo boboga umidvor boqadi to‘ng‘ich nabirasi Abduhalim.
– Nard navdasini degin, bo‘pti-da, o‘g‘lim, hozir buving bilan birga boramiz, bahonada ular ham bir bog‘ning toza havosidan nafas olib, evaralari bilan yayrasin, – ta’kidlaydi o‘rnidan ildam turishga intilib Abdullo bobo…
– Oyijon, dadam uydami? – Sobirjonning ovozi balandlaganidan sarosimaga tushgan Salima opa. “Hoy, dadasi turing o‘g‘lingiz chaqirayapti”, – “shosha-pisha” yarim tun bo‘lishiga qaramay erini tortiqilab uyg‘otishga tushadi.
– Ola sigirning qorni shishib ketdi, o‘rnidan turolmay inqillayapti. Nima qilishni bilmay qoldik. Darrov sizlarning oldingizga yugurdim, dadam bir ko‘rsin-chi, nima derkin, – o‘g‘lining so‘zlarini uyqu aralash tuyqus anglayolmagan bo‘lsada juz’iy ko‘ngilsizlik ro‘y berganini tushungan Habib ota to‘nini yelkasiga tashlaganicha o‘g‘lining ketidan “qoqilib-suqilib” bo‘lsada ildamlaydi.
– Namuncha hayalladingiz, dadasi, ola sigir yaxshimi? Derazadan qarayverib ko‘zim tolib, yuragim yorilay dedi, – Habib otani eshik oldida qarshilagan Salima buvining birinchi so‘zi shu bo‘ldi. – Yaxshi, yaxshi, xavotirlanma, og‘ziga tol xivchin tiqib, qornidagi shishni pasaytirdim, yarim chelakcha ayron ham ichirdim, bolalaring yoshda, shoshib qolibdi, o‘ziyam jonivor rosa qiynalibdi, – momoni tinchlantiradi Habib ota…
– Buvijon, nabirangiz Nozimaning injiqliklaridan to‘yib ketdim, qachon qaramang qaynonasi bilan chiqishmay uyga arazlab kelgani-kelgan, nima qilsam ekan-a? – Oynisa buviga najotkor ko‘zlarini qadaydi nabirasi Olimjonning xotini Azizaxon.
Nima qilardingiz bolam, o‘sha xonadonning “kitob”ini o‘qitasiz-da, – bosh chayqab qo‘yadi buvi chuqur tin olib.
– Qanaqa kitob, nimalar deyapsiz, buvijon? – ajablanadi kelin.
– Qanaqa bo‘lardi bip-binoyiday kitob, – kulimsirab gapida davom etadi Oynisa buvi. – Har bir xonadonning boshqalar ko‘rmagan o‘z “kitob”i bo‘ladi. Undan o‘sha xonadondagi keksalarning, qaynota va qaynonaning hurmatini joyiga qo‘yish, hamda qaynonaning chizgan chizig‘ini anglay bilishni o‘rganadi. Uning birinchi sahifasidan boshlab to mundarijasigacha o‘qish, eng avvalo, qaynona yordamida, so‘ngra kuyov bo‘lmishu qayinopa, qayinsingillar, qayinakayu qayinukalar yordamida o‘qiladi. Bu kitobni o‘qishda ko‘pam so‘zamollik emas, balki chaqqon qo‘l-oyoqlar, ochiq chehra, saranjom-sarishtalik hamda fahm-farosat zarur.
– Rahmat buvijon, ming rahmat, bizdan o‘tibdi, – nimalarnidir dil-dilidan anglagan Azizaxon buvisini asta quchib o‘rnidan turadi…
– Bu bobomning piyolasi, bunisi buvimniki, “ur-re-re”, ana o‘zlari kelishayapti, – shodligi bir jahon Asliddinbekning qiyqirig‘i jumlai jahonni tutadi.
– Men bobomning yoniga o‘tiraman, seni buvim tizzasiga oladilar shodlanib murg‘ak singlisiga so‘z qotadi Asliddinbek.
Shu topda kichkina Marg‘ubaxon akasining so‘zlariga javoban allanimalarni tushungan ko‘yi o‘zicha “g‘a-g‘u”lab qo‘yadi.
Darhaqiqat, Asliddinbekni dast quchib olgan Shokir ota nabirasini suyib yoniga oladi. Habiba buvi bo‘lsa, Marg‘ubaxonni bag‘riga bosib asta tizzasiga qo‘yganicha uni alqash bilan ovora bo‘ladi…
– Dadasi, hoy dadasi, nabiramiz Madinabonuning tobi qochibdi, tezda yetib bormasak bo‘lmaydi, o‘g‘lingizning rangi bir holatda, birrovga kelib-ketdi, manavi to‘ningizni kiyib oling, shoshganimdan qaysi kasalxonada ekanligini surishtirmabman-a, endi nima qilamiz?! Hay, yo‘l-yo‘lakay u-bu kishining telefonidan qo‘ng‘iroq qildirarmiz, o‘zining savoliga o‘zi javob beradi Hanifa buvi kuymalanganicha sumkasiga nabirasi uchun ul-bul solarkan.
Sahar-mardondan dala bog‘ga ketgan Abdulloh ota bo‘lsa xotini tutgan to‘nni yelkasiga tashlaganicha beliga belbog‘ taqib yo‘lga otlanardi. “Ishqilib, sog‘ayib ketsinda. Shu nabiramiz juda xushro‘y ammo, nimjonroq tug‘ilgan-da”… Izma-iz kasalxonaga kirib kelgan boboyu buvisining nurli chehrasidan bir olam zavq olgan Madinabonuning xastaligi ariganday bo‘lib o‘zini qushdek yengil sezadi. Ayniqsa, bobosining o‘z qo‘llari bilan o‘stirgan anorining salkam jimjiloq barmog‘idek keladigan sarxil donalarini buvisining qo‘lidan olib maza qilib tanovul qilar ekan, ikki yuziga qizillik yugurib o‘zi ham anorga o‘xshab qoldi…
– Sog‘-salomatmisiz, oyijon kelishingizni kutib nabirangizning beshigini ham bezatolmay turibmiz. Bizniki sirayam o‘xshamayapti, baribir o‘zingiz bezagan beshik boshqachada… – Qaynonasini uyiga chorlayotgan to‘ng‘ich kelini Sarvinozning shirali ovozidan qaynonaning boshi ko‘kka yetadi.
Bir zumda beshikka solinadigan chaqaloq uchun atab tikilgan beqasam to‘nu atlas qiyiqcha, quroqdor do‘ppiyu asl paxtalik yumshoq kiyim-kechaklarni orqalab yo‘lga tushadi. Borar manzilining olisligi-yu, peshonasidan oqayotgan “reza-reza” terni ham, ba’zan bo‘g‘ziga tiqilmoqchi bo‘lgan nafasini ham pisand qilmay odimlab borayotgan qaynona o‘z-o‘ziga, ha, “danagidan mag‘zi shirin”, – degani shu bo‘lsa kerak-da, – deb qo‘yadi…
– Boshingdagi iroqi do‘pping buncha chiroyli bo‘lmasa Surayyo, kel, dugonajon men ham bir kiyib ko‘ray, kim olib berdi? – dugonasini savol ustiga savolga tutadi Shahnoza.
– Voy, kim bo‘lardi, albatta, buvijonimda… Nimaga jimib qolding? Ma, kiyib ko‘raqol, – do‘ppisini olib dugonasiga tutadi qiz.
– Eh, mening ham buvim bo‘lgandamidi?! – xomush tortib xo‘rsinib qo‘yadi Shahnoza.
– Yanagi gal buvijonim kelganida, albatta, senga ham do‘ppi olib kelishini tayinlayman, – buvisi yaqinda qazo qilgani sabab birdan kayfiyati tushgan dugonasining ko‘nglidagini sezgan Surayyo uni ovutishga tushadi.
Azizlar! Biz sizga hikoya qilayotganimiz bu har bir o‘zbek xonadonida bo‘layotgan oddiy voqea va hodisalar hisoblanar. Ammo hayotiy voqeliklarning tub ildiziga boqsak har kim farzandiga qanday ta’lim-tarbiya bergan bo‘lsa oxir-oqibat shuning mevasidan masrur bo‘lishi bu isbot talab etmaydigan haqiqat hisoblanadi. O‘tayotgan g‘animat kunimizning har daqiqasida biz qaysidir ma’noda keksalarimizning yo‘l-yo‘riqlariga, maslahatlariga suyanamiz.
Darhaqiqat, keksalarni ardoqlab ularga qanchalik mehr-muruvvat ko‘rsatsak kelgusida o‘zimiz ham shunchalik farzandlarimiz e’zoziga sazovor bo‘lamiz.
Nuroniylar sabab ko‘ngil uyimiz obod, xonadonimiz fayzli. Buyuk mutafakkir bobomiz Mir Alisher Navoiy aytganidek:
Boshni fido ayla ato qoshig‘a,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a.
Tun-kunungg‘a aylagali nur fosh,
Birisin oy angla, birisin quyosh.
Dunyo uchun oy bilan quyosh qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, farzand uchun ota-ona ham shunchalik qimmatga egadir.
Jamila HAYDAROVA