YAXShI YASHASH BAXTI
Biz bugun inson manfaati ustuvor qo‘yilgan, uning qadr-qimmati yuksak tutilgan mamlakatda yashayapmiz. Har bir sohada insonning farovon turmush kechirishi, uning erkin ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Bunday ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar, e’tibor va g‘amxo‘rlik tabiiyki, shu yurtda istiqomat qilayotgan har bir kishini yangi marralarga undamoqda. Uni g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishga chorlamoqda. Masalan, tadbirkorlik sohasini olaylik. Yurtboshimiz tomonidan mazkur tarmoqqa istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab katta e’tibor qaratilayaptiki, buning samarasi amalda o‘z aksini topmoqda.
Yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar biz singari ishbilarmonlarning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shayapti, desam ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Chunki Prezidentimiz tomonidan soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmon va qarorlarning e’lon qilinayotgani hamda ularda tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi imtiyoz hamda imkoniyatlar nazarda tutilgani ayni muddao bo‘layapti. Endilikda mazkur hujjatlarga binoan tadbirkorlarning ishiga huda-behuda aralashish ta’qiqlandi. Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi. Albatta, har qanday tadbirkorlik, avvalo puxta biznes reja va moliyaviy mablag‘ orqali shakllantiriladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, tadbirkorning ishi moliya muassasasi bilan chambarchas bog‘liq. Har ikki tomon o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik esa muvaffaqiyat garovidir. Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda bank va mijoz o‘rtasidagi masofa tobora “qisqarib” bormoqda. Ya’ni, moliya muassasalarining mijoz uchun qulay shartlarda taklif etayotgan xizmatlari turi kengayayotgani, aholi orasiga chuqur kirib borayotgani shunday deyishga asos bo‘ladi. Ana shunday moliya muassasalari orasida “Mikrokreditbank”ning o‘ziga xos o‘rni bor. Chunki, aynan ushbu soha vakillarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashtirilgan mazkur bank tadbirkorlar bilan ishlashda muayyan tajribaga ega. Bank tomonidan taklif etilayotgan xizmatlarning bari birinchi navbatda mijoz manfaati ustuvorligini kafolatladi. Bunga bizning faoliyatimiz ham yaqqol misol bo‘la oladi. Biz ham yetti yil avval “Daston akfa plyus” xususiy korxonasini tashkil etgandik. O‘tgan yillar mobaynida “Mikrokreditbank” bilan hamkorlik qilib kam bo‘lmadik. Bankning ishbilarmonlikni rivojlantirishga qaratilgan turli xil kreditlaridan maqsadli foydalanib, faoliyatimizni tobora kengaytirib kelayapmiz. Bugungacha bank kredit xizmatlaridan to‘rt marta foydalandik. Xususan, o‘tgan yilda ham bankning 60 million so‘mlik mikrolizingi hisobiga xorijdan tuzni qayta ishlash uskunasini xarid qildik. O‘tgan yili esa yana 98 million so‘mlik mikrolizing evaziga tuzni qadoqlash texnologiyasini keltirdik. Ayni paytda ushbu zamonaviy uskunalar yordamida bir kunda uch tonnagacha osh tuzini qayta ishlab, yodlab, qadoqlab olayapmiz. Bu ishlarni korxonamizda mehnat qilayotan 20 nafardan ziyod ishchilarimiz amalga oshirmoqda.
Joriy yilda ham “Mikrokreditbank” tadbirkorlar, jumladan tadbirkor ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan. Xullas, bugun qo‘lida hunari yoki uquvi bor inson borki, “Mikrokreditbank” e’tiboridan chetda qolmayapti. Ularning qobiliyati, ishtiyoqi va mahorati bank mablag‘lari evaziga ro‘yobga chiqmoqda.
Intizorbonu ABDALNIYOZOVA
“Daston akfa plyus” xususiy korxona rahbari