CHEMPIONAT YAKUNLANDI
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi hamda O‘zbek jang san’ati federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada uch yuz nafarga yaqin sportchi yakkama-yakka bellashuv va kompleks mashqlarni bajarish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Joriy yilgi sport mavsumi o‘zbek jang san’ati ustalari uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Sportchilarimiz Qozog‘istonda o‘tgan jahon chempionati, Janubiy Koreyaning Chungju shahri mezbonlik qilgan xalqaro festivalda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
Musobaqada Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari sportchilarining mahorati hakamlar tomonidan yuqori baholandi.