QOMUSIMIZ – BAXTIMIZ

Jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy omillardan biri – qonun ustuvorligidir. Chunki qonunlarga og‘ishmay amal qilish, ularda belgilab qo‘yilgan talablarni so‘zsiz bajarish ijtimoiy hayotdagi barqarorlikni ta’minlaydi. Shu ma’noda Asosiy Qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – tenglar ichida teng davlat, mustaqil diyorning mustaqilligini yorqin namoyon etuvchi asosiy hujjat, baxtimiz qomusi, xalqimizning oru nomusi. Negaki, uning har bir moddasida, har bir bandida xalqaro huquq me’yorlari ham, milliy bag‘rikenglik tamoyili ham aks etib turadi. Erkin va obod jamiyat hamda, huquqiy-demokratik davlat barpo etish g‘oyasi Qomusimizning asosiy mazmunini tashkil etadi. Binobarin, 4-moddada qayd qilinganidek, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

Odatda, har qanday narsaning mohiyati boshqa biror narsa bilan taqqoslanganda, uni nima bilandir qiyoslaganda bilinadi. Inchunin, boshqa mamlakatlar konstitutsiyalari bilan solishtirganda ham O‘zbek Qomusining naqadar insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgani ma’lum bo‘ladi. Masalan, 40-moddada belgilab qo‘yilganidek, “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”.

Ma’lumki, ilm-ma’rifatni egallamasdan turib, biror-bir yutuqni qo‘lga kiritish, tub ma’nodagi islohotlar o‘tkazish, yosh avlod tarbiyasida ma’lum bir muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Ayni shu haqiqat Asosiy Qomusimizda ro‘yi-rost aks etgan. Buni “Shaxsiy huquq va erkinliklar” deb nomlangan VII bobda ham, “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” deb nomlangan IX bobda ham aniq-ravshan ko‘rish mumkin. Jumladan, 41-moddada quyidagilar kafolatlangan: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”. Mazkur moddada belgilab qo‘yilgan qoidalarga e’tibor berilsa, quyidagilarga amin bo‘lamiz. Avvalo, bizda har bir fuqaro bilim olish huquqi bilan kafolatlanmoqda, millatidan qat’iy nazar barcha fuqarolarga bu borada cheklash yo‘q. Davlat tomonidan bepul umumiy ta’lim olinishi mustahkamlab qo‘yilgan. Ayni paytda maktab-maorif ishlarining davlat nazoratida ekanligi qat’iy tarzda belgilab qo‘yilgan. Nazarimizda, 1997 yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning asl zamini ham Konstitutsiyamizdagi ayni shu moddalar ekanligi, shubhasizdir.

Yana o‘qing:  Matonat, jasorat va vatanparvarlik namunasi

Konstitutsiya bizga faqat huquq va erkinliklar berib qolmasdan, qator burch va mas’uliyatlarni ham yuklaydi. Bu haqda alohida bob (XI bob) ajratilgan bo‘lib, u “Fuqarolarning burchlari” deb nomlangan. Mazkur bobdagi 6 moddaning har birida fuqarolarning ma’lum bir burchlari aniq va ravshan ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, 49-moddada madaniy va ma’naviy meros masalalari qamrab olingan: “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir”. Yoxud 52-moddada belgilab qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”.

Mamlakatimizda har bir yilning ma’lum bir nom bilan atalishi an’anaga aylangan. Jumladan, 2012 yilning “Mustahkam oila yili” deb nomlanishi hamda olib borilayotgan chora-tadbirlar negizida ham Asosiy Qonunda belgilangan huquqiy asoslar yotadi. Chunki Konstitutsiyamizning XIV bobi “Oila” deb nomlanib, unga boshqa biror mamlakat konstitutsiyasida bu qadar e’tibor berilmagan, xalqimiz turmush tarzining o‘ziga xosligini aks ettiruvchi oilaga bag‘ishlangan. 4 moddadan tashkil topgan ushbu bob jamiyatimizning ma’naviy negizlarini aniq aks ettiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Darhaqiqat, 64-moddada qayd qilinganidek, “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarning vasiyligidan mahrum etilgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi”. Ayni paytda fuqarolarning ota-onalar oldidagi mas’uliyati ham qat’iy tarzda belgilab qo‘yilgan: “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining har bir moddasini alohida sharhlash, izohlash, kundalik hayotiy masalalar bo‘yicha xulosalar chiqarish mumkin. Asosiy maqsad esa, Konstitutsiya – Asosiy Qonun sifatida jamiyatning har tomonlama kamol topishida dasturulamal ekanini anglab yetishdir. Binobarin, Qomusimiz – nomusimiz ekani, fuqarolar nafaqat erkinliklarga, balki qator burchlarga ham egaligi his etib borilmog‘i zarur. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida, huquqiy-demokratik davlat qurilayotgan bir paytda Konstitutsiyani chuqurroq o‘rganish va kundalik faoliyatimizda oqilona qo‘llay olish barcha uchun ham farz, ham qarzdir.

Ravshan JOMONOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: