XALQARO TANLOVDAN YORQIN TAASSUROTLAR
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “Competizione dell’Opera” yosh opera ijrochilarining XIV xalqaro tanlovi g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Avstriyadagi “Competizione dell’Opera” xalqaro tanlovi assotsiatsiyasi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu tanlov ko‘plab yosh ijrochilar uchun musiqa olamining yuksak cho‘qqilari sari yo‘l ochib, jahonning eng nufuzli opera sahnalarida o‘z iste’dodlarini namoyish etish imkonini bermoqda.
“Competizione dell’Opera”ning poytaxtimizda o‘tkazilishi mamlakatimiz madaniy hayotida yorqin voqea bo‘ldi. Tanlov o‘zbekistonlik muxlislarga Italiya opera san’ati, mamlakatimiz va butun dunyodan kelgan yosh iste’dod egalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. O‘zbekiston, Avstriya, Germaniya, Vengriya, Yaponiya, Belarus, Polsha, Rossiya, Slovakiya, Turkiya, Qozog‘iston, Janubiy Afrika Respublikasi va boshqa davlatlardan 60 dan ziyod ishtirokchi bir necha kun davomida eng yaxshi opera asarlarini italyan tilida ijro etdi. Ularning chiqishlari nufuzli xalqaro hay’at tomonidan baholandi.
Ishtirokchilarning opera asarlarini ijro etish va tomoshabinga yetkazib berish mahorati hamda boshqa ijodiy xislatlari baholangan tanlov natijalariga ko‘ra, 20 nafar xonanda finalga yo‘l oldi. Ularning besh nafari mamlakatimizning iqtidorli yoshlari ekani biz uchun, ayniqsa, quvonarlidir. Bular O‘zbekiston davlat konservatoriyasi bitiruvchisi G‘ulom Nazirov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandalari Rustam Alimardonov, Jabroil Idrisov, Barno Ismatullayeva, ushbu teatr stajyori Damir Rahmonovdir.
Mazkur tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik Barno Ismatullayeva egalladi. Ikkinchi o‘ringa Belarus opera ijrochisi Pavel Pyatro sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘ringa rossiyalik Mariya Bayankina va O‘zbekistonning yana bir vakili Jabroil Idrisov munosib ko‘rildi.
M. TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri