Buyuk Ipak yo‘li kesimida: Qozog‘iston-O‘zbekiston qo’shma turlarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi
O’zbekistonning Qozog’istondagi elchixonasi, Qozog’istonning Turkiston viloyati hokimiyati O’zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish Davlat qo’mitasi ko’magida 5-avgust kuni Toshkent shahrida Qozog’iston Respublikasida O’zbekiston yili doirasida Road Show o’tkazdi. Tadbir «Qozog’iston-O’zbekiston Road Show: buyuk dasht -an’anaviy mehmondo’stlik» mavzusida bo’lib o’tdi. Tadbirda Turkiston va Toshkent viloyatlarining turistik imkoniyatlari va jozibadorligini oshirishga oid taqdimotlar o’tkazildi.
Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li kesimida Qozog‘iston-O‘zbekiston qo’shma turlarini rivojlantirish, Turkiston, Samarqand, Buxoro shaharlarini bir yo‘nalishga bog‘lovchi turizm klasterini tashkil etishga doir masalalar muhokama qilindi.
– Ushbu tadbirdan maqsad Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarni Turkistondagi, Turkistonga borayotgan turistlarni Oʻzbekistondagi turizm obyektlariga yoʻnaltirishni hamkorlikda tashkil qilishdan iboratdir. Tadbir mehmonlari mamlakatlar o’rtasida sayyohlik oqimini ko’paytirishga ko’maklashadi.
Bundan tashqari, O’zbekiston va Qozog’iston Respublikalari sayyohlik sohasi vakillarini sayyohlik xizmatlari sohasida hamkorlik qilish va tajriba almashish uchun to’g’ridan-to’g’ri muloqot va yangi biznes aloqalarni o’rnatish imkoniyatini beradi.Toshkent viloyati va Qozogʻistonning Turkiston viloyati oʻrtasidagi turizm aloqalarini yaxshilash orqali mamlakatlarimiz oʻrtasidagi turizm aloqalarini yanada mustahkamlashga umid qilamiz, – dedi Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Ismat Nusurov.
Sayram-Ugam milliy parkidagi Ekokemp vakili Altinay Kapalbayevaning soʻzlariga koʻra, ikki viloyatga sayohatni yoʻlga qoʻyishda viza bilan bogʻliq muammolarning optimal yechimini topish kerak. “Masalan, yaqinda biz Hindistondan mehmonlarni taklif etmoqchimiz – ularga 5 kun Oʻzbekistonga, 5 kun Qozogʻistonga sayohat qilishni taklif qilmoqchimiz.
Bir kempingni oʻzida 10 kun zerikarli boʻlishi mumkin, lekin ikki mamlakatga sayohat tashkil qilinsa, qiziqarliroq boʻladi. Viza bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi mumkin, albatta, chunki hindlarning Qozogʻistonga viza olish jarayoni qiyinroq, Oʻzbekistonda esa bu bilan bogʻliq muammolar yoʻq, sizlarda hatto tranzit vizani olish ham qiyinchilik tugʻdirmaydi. Shu bois bir tashrifning oʻzida ikki mamlakatga sayohat qilish imkonini beruvchi yagona viza olish imkoni boʻlsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi”, — deydi u. Shuningdek, B2B tadbiri doirasida turizm sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari, Ipak yo’lida turizm mahsulotlarini ishlab chiqish va ilgari surish bo’yicha o’zaro hamkorlikning samarali mexanizmini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, qozogʻistonlik mehmon dunyoning yarmini kezib chiqqani va Oʻzbekistondagi ozodalikdan yoqimli hayratga tushganini taʼkidladi.
“Oʻzbekistonda hamma joy ozoda, sayyohlar uchun qulay va asosiysi, xavfsiz. Aslida sayyoh uchun xavfsizlik darajasi juda muhim. Shunday ekan, sayyohlarga ham Oʻzbekistonni, ham Turkiston viloyatini koʻrish juda ajoyib tajriba boʻlar edi”, — deydi Kapalbayeva.
Tabir doirasida maʼlum qilinishicha, yaqin kunlarda xuddi shunday roud-shoular Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.
Maryam AXMEDOVA,
Amal SOLIYVA