ENDI HAR BIR BOLADA “NEKSIYa” BO‘LADI
Bir kuni ukam maktabgacha ta’lim muassasasidan har doimgidan ham quvnoq kayfiyatda kirib keldi. Sababini bilsak, dadam yangi o‘yinchoq avtomashina olib bergan ekan. U hammamizga yangi ovunchog‘ini maqtandi. “Qani, men ham ko‘raychi?”, deya qo‘limga olgandim, ko‘zlarimga ishonmay ukamdan ham ko‘proq sevindim. U xuddi dadam haydab yurgan “Neksiya”ning mittigina ko‘rinishi edi. O‘zi kichik bo‘lsa-da og‘ir, sifat darajasi mukammal ishlangan!
Ommaviy axborot vositalarida “Milliy mashinalarimizning o‘yinchoq nusxalarini ishlab chiqarish qachon yo‘lga qo‘yilar ekan?” degan mazmunda qator maqolalar yoritilgan edi. Izlanuvchan tadbirkorlarimizning sa’y-harakatlari natijasida asta-sekinlik bilan bozorlarimizda milliy avtomobillarimizning o‘yinchoq nusxalari ham ortib bormoqda.
Yurtimizda tadbirkorlik sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini tadbirkorlarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor Baxtiyor Yusupovning samarali faoliyati tahsinga sazovor. U bolalarga quvonch ulashish asnosida milliylik ruhini beruvchi avto o‘yinchoqlarni xorijlik hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Aniqroq ma’lumot beradigan bo‘lsak, 2013 yil Xitoyning “WELLY” korxonasi bilan shartnoma imzolagan Baxtiyor Yusupov o‘zbek avtolarining mitti nusxalarini ishlab chiqarishga buyurtma berdi. Ezgu maqsadlar amalga oshib, o‘yinchoqlarning ilk nusxalari sotuvga chiqarildi. Ayni kunlarda, yurtimizning barcha hududlarida mazkur o‘yinchoq avtomobillarni uchratasiz.
Tashabbuskor tadbirkor tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning tafsilotlari bilan yaqindan tanishish maqsadida poytaxtimizning “O‘rikzor” savdo majmuasiga bordik. Bu yerda Baxtiyor akaning xaridorlar bilan gavjum o‘yinchoq do‘konlari kichkintoylarga quvonch ulashish uchun doimo ochiq. Do‘konlarning biriga kirganimizda bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Bolajonlar va ularning ota-onalari tomonidan “Neksiya” avtomobilining o‘yinchoq nusxasiga bo‘lgan talab keskin ortib ketgan.
– Ismim Abror, mening o‘yinchoq mashinalarim juda ko‘p. Uyimda turli rusumdagi xorij avtomobil o‘yinchoqlari bor. Lekin, mana bu mashina menga chinakam quvonch baxsh etdi. Chunki, dadam boshqarayotgan “Neksiya” endi menda ham bor.
Darhaqiqat, o‘yinchoq mashinalar haqiqiysidan aslo qolishmaydi. Mustahkam metalldan tayyorlangan. Eshiklari ochiladi. G‘ildiraklari tez aylanadi va uzoq masofagacha o‘zi yuradi. O‘yinchoqni bolaga ikkilanmasdan olib bersa bo‘ladi, sababi u butunlay zararsiz, hamma tomoni silliqlangan. Sanitariya-gigiyena va xalqaro sifat talablariga to‘liq javob beradi.
– Ko‘pincha o‘g‘lim menga ham mashina olib bering, deb xarxasha qilardi. O‘yinchoq do‘konlarini aylanganimda esa yaxshi avtomobillar juda qimmat, bundayroqlarini esa olib bergim kelmasdi, – deydi xaridor Rustam Po‘latov. – Ammo, bugun olganimiz “Neksiya” avtomobilining sifati ham, narxi ham kishini xursand qiladi. Eng muhimi, o‘g‘limning ham ko‘ngli to‘ldi.
Albatta, bola tarbiyasida o‘yinchoqlar katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, globallashuv jarayonida turli oqimlar, “ommaviy madaniyat” epkinlari butun dunyo bo‘ylab esib turgan bir paytda e’tibordan chetda qoldirilgan kichik narsalar ham katta muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu oddiygina o‘yinchoq ham bolada vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Milliy qahramonlarimiz o‘yinchoqlarini o‘ynab, ular haqidagi hikoyalarni tinglab ulg‘aygan bola kelajakda, albatta, o‘zi ham shunday yaxshi sifatlarga ega bo‘lishga harakat qiladi. Yoki milliy avtomobillarimiz o‘yinchoqlarini olsak. Uni o‘ynash jarayonida bolada mazkur o‘yinchoqqa va uning asliga, o‘z yurtiga nisbatan mehr tushunchasi shakllana boradi. Va natijada bola kelajakda o‘ziga ham milliy avtomobillardan olishga intiladi. Bu esa, o‘z navbatida, uning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, balki milliy ishlab chiqarish mahsulotlarimizga bo‘lgan talabning ham yanada ortishiga zamin hozirlaydi.
Shunday ekan o‘yinchoqlarning nafaqat sifatiga, balki, ijobiy ta’sir kuchiga ega ekanligiga ham e’tibor qaratgan ma’qul.
– Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlaganimdan buyon bir qancha biznes loyihalar ishlab chiqdim, – deydi Baxtiyor Yusupov. – Eng avvalo, kichkintoylar uchun har tomonlama zararsiz va sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan o‘yinchoqlar bilan savdo qilishni ko‘zlaganman. Mamlakatimizda bolalarning har tomonlama yetuk, barkamol, vatanparvar, komil inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Men ham shu yurtning fuqarosi sifatida ana shu ezgu maqsadlarga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. O‘zbek avtolarining o‘yinchoq nusxalarini elektron holatda xitoylik hamkorlarimizga jo‘natdim. Ularga bu juda ham ma’qul keldi va ishni boshlab yuborishdi. Mazkur kichik avtolarni sotuvga chiqargan paytimizdan boshlab ayni vaqtgacha 11 ming donaga yaqin o‘yinchoqlar sotildi. Ularni miriqib o‘ynayotgan bolalarni kuzatib mehnatim samarasidan mamnunman. Kelgusida mazkur o‘yinchoqlarni yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman.
Ha, bola ulg‘aygan sari orzulari osmon qadar parvoz qiladi. Avvaliga o‘yinchoq avtomobil o‘ynab yurgan kichkintoy ulg‘ayib, haqiqiysini sotib oladi. Vaqt o‘tib o‘zi ham mashina ishlab chiqarishni boshlaydi. Dunyo kezib, yangi hamkorlar jamlaydi, o‘zbek modeli asosida yaratilgan yangidan-yangi avtolarni butun olamga namoyish etadi. Ezgu orzular og‘ushida, musaffo muhitda o‘sgan bola ana shunday buyuk ishlarni bajara oladi.
Tez orada Yangi yil bayrami ham kirib keladi. Bu esa bolajonlar uchun sovg‘a-salom ulashiladigan asosiy ayyomlardan biri. Shu sababdan buni inobatga olgan holda, yaqinlashib kelayotgan 2015 yil “Neksiya”, avto o‘yinchoqlari qatoridan “Matiz”, “Lasseti” o‘yinchoqlari ham o‘rin olishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun buyurtma berilib, ishlab chiqarish nihoyalab qolgan. Baxtiyor Yusupov singari jonkuyar, fidoyi tadbirkorlarimiz safi kengayib borar ekan, yurtimizda rivojlanish barqaror davom etadi.
Dildora QARSHIBOYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri