MA’NAVIYATLI YOSHLAR – KELAJAK BUNYODKORLARI
Yurtimizda farzand tarbiyasi, uning jismonan baquvvat, ma’nan barkamol bo‘lib o‘sishiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu ma’noda o‘g‘il-qizlarimizning baxtu saodatini, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda ularni hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlod qilib voyaga yetkazish xalqimizning eng ulug‘ niyati, sa’y-harakatlarimizning pirovard natijasidir.
Bunday niyat istiqlol yillarida mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘tgan davr mobaynida farzandlarimizning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi maqsadlariga qaratilgan o‘nlab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Davlat dasturlari ro‘yobga chiqarildi. Xalqaro konvensiyalar milliy qonunchilikka implementatsiya qilindi. “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar siyosatining asoslari to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar, Kadrlar tayyorlash Milliy, maktab ta’limini rivojlantirish Umummilliy dasturlarining hayotga izchillik bilan tatbiq etilishi erishayotgan yutuqlarimizga zamin hozirladi.
Buni bizning yuksak salohiyat va zamonaviy texnika bazasiga ega bo‘lgan Sirdaryo tibbiyot kollejimiz misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Mazkur ta’lim dargohida ayni vaqtda “Hamshiralik”, “Davolash ishi”, “Farmatsiya”, “Tibbiy profilaktika” yo‘nalishlarida jami 964 nafar yosh malakali ustozlaridan ilm olib, kasb sirlarini puxta egallashyapti. O‘z navbatida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida turli tadbirlarning o‘tkazilishida ham faollik ko‘rsatmoqda. “Buyuk sohibqiron Amir Temur siymosi qalbimizda”, “Amir Temur yurishlari”, “Siz tarixni bilasizmi?”, “Biz yoshlar giyohvandlik va OITS ga qarshimiz”, “Dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalash – xalqimiz orzusidir” nomli adabiy-badiiy kechalar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar barkamol avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Z.Ubaydullayeva, O. Ataqulov, M.Irbo‘tayeva, I. Qurbonov, F. Mirzayeva, S.Ismoilova kabi tajribali o‘qituvchilarimiz o‘tkazilayotgan turli tadbirlarga bosh-qosh bo‘lib, ularning qiziqarli o‘tishini ta’minlamoqda.
Ta’lim dargohidagi turli fan va sport to‘garaklari o‘quvchilar ixtiyorida. Yaratilgan shart-sharoitlar ko‘plab iqtidor egalarini namoyon etmoqda. “Hamshiralik ishi” yo‘nalishi o‘quvchisi Iroda Tursunqulova shashka bo‘yicha yetti karra O‘zbekiston chempionligini hamda Osiy chempioni nomini qo‘lga kiritib, kollej nufuzini yanada oshirgan bo‘lsa, mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan Zarina Saidmurodova amresting bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Shuningdek, “Laboratoriya-diagnostika” yo‘nalishi o‘quvchisi Komiljon Qo‘ziboyev, “Farmatsiya” yo‘nalishi o‘quvchisi Shahnoza Esonboyeva ham mazkur sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Qolaversa, ko‘pgina sport turlari bo‘yicha yoshlarimiz viloyat kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘rtasida yuqori o‘rinlarni band etib kelmoqda. Iqtidorli o‘quvchilarimiz respublika miqyosida musobaqalarda ishtirok etib, viloyatimiz sharafini himoya qilayotgani kollejimiz uchun faxr. Aytish kerakki, turli to‘garaklar faoliyatini jonlantirish yutuqlar mezoni bo‘lmoqda.
Sirdaryo tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va tuman prokuraturasi bilan birgalikda o‘tkazilayotgan turli mavzulardagi yig‘ilishlar va davra suhbatlari ibratli va qiziqarli bo‘lmoqda.
Mamlakatda ma’naviyatli yoshlar qancha ko‘p kamol topsa, bu yurtning ertasi hamisha porloq, istiqboli nurli bo‘lajak. Zero, qalbi pok va iqtidorli, yuksak salohiyatli yoshlar Vatan uchun jon fido qiluvchi barkamol, vatanparvar fuqarolar bo‘lishiga aminmiz.
Shuhrat BURHONOV,
Sirdaryo tibbiyot kollejining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari