Mehr bilan ko‘ngil obod

“Mehribonlik” uyi darvozasidan kirib borar ekanman, bir yigit bilan qizning suhbatlashib turganiga ko‘zim tushdi. Ular meni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Keyin bilsam ikkalasi ham shu dargohda tarbiyalanib voyaga yetgan va hozirgi kunda yigit mazkur muassasada posbon bo‘lib ishlar, qiz esa kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ekan. Ular turmush qurishga ahdu-paymon qilishibdi.

Inson umri mobaynida ko‘zlagan niyatlariga, orzu istaklariga imkon qadar erishadi, do‘stlar orttiradi, eslashga arzigulik damlarni boshdan kechiradi. Ammo, shunday bir tuyg‘u, tushuncha borki uzoq umr ko‘rsakda unga talpinaveramiz, topganimizda ham kamlik qilaveradi. Bu tuyg‘u – mehr. Xoh katta bo‘ling, xoh bola har bir odam mehr gadosi. Mehridaryo xalqimiz iliq so‘zning shaydosi. Ayniqsa, kichkintoylarni chin ko‘nglidan ardoqlab, “Bolaning begonasi bo‘lmaydi”, deydi. 30-”Mehribonlik” uyida tarbiyalanayotgan bolalar ham hukumatimiz g‘amxo‘rligida sog‘lom va barkamol ulg‘ayishmoqda.

Tarbiyachilar ham ota, ham ona bo‘lib ularning atrofida parvona. Hududda yashovchi aholi ham bolalar taqdiriga befarq emas. Kunora xabar olib turishadi. Bayram, tug‘ilgan kunlarda sovg‘a-salomlar ulashishni kanda qilmaydi. Bolalar ham mahalla ahlini o‘z oilasidek ko‘rib, umumxalq hasharlarida, jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. Bolalar bir-birlari bilan ahil-inoqlikda, og‘a-inidek voyaga yetmoqda. Buning barchasi yaxshi tarbiya, yetarlicha e’tibor, yaratilgan shart-sharoitlarning samarasidir.

– Maskanda tarbiyalanayotgan har bir bola yurt kelajagi uchun o‘z hissasini

qo‘shadigan bo‘lib ulg‘ayishiga ishonchim komil, – deydi direktor o‘rinbosari Svetlana Gareeva. – Ularni har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlari, yurtga muhabbat, xalqiga sadoqat ruhida ulg‘ayishlari uchun tarbiyachilar va mahalla ahli hamjihatlikda ish ko‘ryapmiz. Davlatimiz tomonidan farzandlarimizga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bizning 30– “Mehribonlik” uyida faoliyat olib borayotgan pedagog va tarbiyachilardan H.Umarova, D.Saidalimova, F.Qodirova, F.Gabbasova, logoped Sh.Xudoyberdieva, tarbiyachi G.Abdujalilova, D.Musaeva mazkur dargohda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarga o‘z bolasidek mehr ko‘rsatib, bilim va tarbiya bermoqda. Bolajonlar shundoqqina yonimizda joylashgan 103-maktab internatida saboq oladilar. Darsdan bo‘sh vaqtlarida ingliz tili, rus tili, matematika va yana sportning bir qancha yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga qatnashadi.

Bu maskanda to‘qqizta guruh mavjud bo‘lib, ularda 10-12 nafar turli yoshdagi tarbiyalanuvchilar ikki nafardan tarbiyachi mehru muhabbatla hayot saboqlarini o‘rgatmoqda. Muassasada “Yashashni o‘rganmoqchiman” dasturiga asosan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Kamalak” bolalar tashkiloti, “Umid nihollari” sport bellashuvlari bo‘yicha tadbirlarning muntazam o‘tkazilayotgani bolalarda o‘qishga, kasb-hunar o‘rganishga, o‘zlaridagi iqtidorni namoyon etishlariga turtki bo‘lmoqda. Shuningdek, shaxsiy gigienaga rioya qilish, ovqatlanish odobi, jamoat transportida o‘zini qanday tutish, foydali tejamkorlik, uy-joy ozoda va saranjomligi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan “Yashashni o‘rganmoqchiman” dasturi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda bolalar qiziqarli taklif va mulohazalar bilan uning yanada mazmunli o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

Яна ўқинг:  БЕШ ЁШЛИ ДАСТУРЧИ

“Ma’naviyat va ma’rifat”, “Ekosan”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Mohir qo‘llar”, “Sehrli mo‘yqalam”, “Svetofor” kabi to‘garaklarda bolajonlar o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rganib bilim olmoqdalar. Ularga muassasa kutubxonasidagi kitoblarni avaylash, undan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha ham tarbiyaviy ishlar olib boriladi. Jumladan “Kitob – ilm chirog‘i”, “Kitob – eng yaxshi do‘st” mavzularida, kitob komillik poydevori ekanligi to‘g‘risida suhbatlar tashkil etiladi.

Diana Azimova, Zinaida Sigankova, Sherzod Xoliqov, Temur Kurkin – 9-sinf o‘quvchilari. Ular tasviriy san’atga va barcha fanlarga, ayniqsa, geografiya faniga qiziqadilar. Bundan tashqari, rasm to‘garaklariga qatnashib o‘zlarining iste’dodlarini yanada oshirmoqda. Tasviriy san’at yo‘nalishidagi “Peyzaj”, “Avtoportret”, Tabiat tasvirlarini akvarel bo‘yoqlarida yaratishadi. Ularning beg‘ubor qalbidagi Vatanga, ona-tabiatga, gullarga, hayvonot olamiga bo‘lgan mehr-muhabbat ana shu chizmalarda ifodalangan.

Diana Azimova 2014 yilda o‘tkazilgan “Kamalak jilosi” festivalida o‘zining ijodiy ishlari bilan ishtirok etib, 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. U yozgi ta’til paytida barcha bolalar qatori “Mehribonlik” uyiga qarashli Bo‘stonliq tumanidagi Oqtosh go‘shasida joylashgan “Nur” dala-hovlisida rassom qiz oromgohda bolalarning dam olish quvonchlari, ularning tabiatga bo‘lgan mehrlarini ifodalab rangtasvirga tushiribdi. Uning “Qiz va tabiat”, “Oromgohda” deb nomlangan suratlari va shohi ipaklar orqali yaratgan tabiat tasvirlari e’tiboringizni tortadi. Bo‘sh vaqtida o‘z salomatligini mustahkamlash uchun sportning basketbol va tennis turlari bilan shug‘ullanish ham unga zavq bag‘ishlaydi.

Sportni o‘ziga do‘st bilgan Sherzod ham muntazam ravishda shug‘ullanib borishni kanda qilmaydi. Ustozlarining aytishicha, kelajakda u, albatta, jahon chempioni bo‘ladi.

– Men olti yoshdan futbol to‘garagiga qatnashaman, – deydi Sherzod. – Sababi, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek “Sport bizni butun jahonga tanitadi”. Men Vatanim sha’nini ko‘klarga ko‘tarib, yurtim oldidagi vazifamni, farzandlik burchimni bajarishni maqsad qilganman. Bundan tashqari, o‘qishdan bo‘sh vaqtimda, madaniy hordiq olish uchun tasviriy san’at bilan shug‘ullanaman. “Peyzaj”, “Tog‘ quchog‘ida yoz”, “Hayvonot bog‘i” deb nomlangan ijodiy ishlarim bilan “Kamalak jilosi-2014” ko‘rik-tanlovida qatnashganman.

Muassasada tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda “Mehribonlik” uyining ijtimoiy ruhiy-pedagogik ko‘maklashuv xizmatining ham alohida o‘rni bor. Jumladan, tarbiyalanuvchilarning qonuniy huquq va manfaatlari ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash maqsadida muassasa tarbiyalanuvchilariga turar joy biriktirilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar yangilandi. “Mehribonlik” uyida har bir bolaning shaxsiy hujjatlari, tibbiy diagnostika jadvali ijtimoiy pedagogik ko‘maklashuv xizmati xodimlari tomonidan o‘zgartirildi.

Яна ўқинг:  ИБН СИНО ИЗДОШЛАРИ

Ushbu maskanda tarbiyalanuvchilarning salomatligini mustahkamlash, ulardagi jismoniy kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tibbiyot xodimlarining olib borayotgan ishlari ham tahsinga sazovor. Salomatlik posbonlari bolalarning sog‘lig‘ini, oziq-ovqat sifatini muntazam ravishda nazorat qilib boradi. Bolalar davlat standartlari darajasida belgilangan shirin taomlar bilan siylanadilar. Shuningdek, ularni bir yilda ikki marta shifokor ko‘rigidan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Muassasada faoliyat olib borayotgan pediatr-shifokor Gulmira Umarovaning ham “Mehribonlik” uyida o‘z o‘rni bor. U hamisha bolalar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratadi. Xastaligi aniqlangan tarbiyalanuvchilar dispanser ro‘yxatiga olinib, tumandagi 30-sonli oilaviy poliklinikasida davolanadilar.

Tovush talaffuzida nuqsoni bor, hamda yozuv va o‘qishda kamchiliklari mavjud bo‘lgan bolalar bilan logopedik mashg‘ulotlar olib boriladi. Dars davomida differintsial individual yondashishni amalga oshirish vaqtida nutq, diqqat, xotira va tafakkurni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratiladi. Ayniqsa, bu yerda ruhshunosning o‘rni juda muhim. Chunki, imkoniyati cheklangan bolalarning psixologiyasini o‘rganish bo‘yicha ular bilan individual ya’ni muammolarni aniqlash va ularni hal etish yo‘llarini topish, tarbiyalanuvchilarni hayotga ijtimoiy jihatdan moslashuviga erishish, psixologik savol-javob, bitiruvchi tarbiyalanuvchilar bilan kasb tanlash bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish ularning vazifasiga kiradi.

2013-2014 o‘quv yilida 23 nafar tarbiyalanuvchi 9-sinfni bitirgach, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ixtisoslashtirilgan sanoat kasb-hunar kollejiga o‘qishga joylashtirildi.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: