ShOIRA ZULFIYANING 100 YILLIGI NISHONLANADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludining 100 yilligi keng nishonlanadi.
Mazkur qaror “betakror iste’dodi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda tarannum etgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash maqsadida” qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, shoiraning o‘zbek tilida “Saylanma” asarlarini, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she’riy to‘plamlari, “Zulfiya zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shoiraning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish, mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.
O‘z muxbirimiz