SABZILI MANTI
Vitaminlarga boy bo‘lgan ajoyib taom sizlarni befarq qoldirmaydi. Taomning antiqa ko‘rinishi nafaqat kattalarga, balki kichik yoshdagi bolajonlarga ham yoqishi shubhasiz.
Kerakli masalliqlar:
1,5 stakan un, 120 ml. sabzi sharbati, 300 gr. karam, 100 gr. qizil loviya, 70 ml. pomidor sharbati, 1,5 osh qoshiq soya sousi, ta’bga ko‘ra tuz va shivit.
Tayyorlanishi:
Ivitilgan loviyani pishgunga qadar qaynatamiz. Tovaga pomidor sharbati, soya sousi va ustiga mayda somoncha shaklda to‘g‘ralgan karamni solib biroz qovuramiz. Masalliqlarni 4-5 daqiqa qovurgandan keyin tayyor bo‘lgan loviyani solib 15-20 daqiqaga dimlab qo‘yamiz.
Xamir qorish uchun sabzi sharbatini isitib olamiz, unga ta’bga ko‘ra tuz solib xamir qoramiz. Qorgan xamirni 30 daqiqaga tindirib qo‘yamiz, so‘ngra zuvalachalarga ajratamiz. Har bir xamir zuvalasini dumaloq qilib yoyib to‘rt bo‘lakka bo‘lamiz. Har bir bo‘lak ustiga karamli qiymani solib chetini biroz bukib aylantirib o‘raymiz. Bu masalliqlardan 12 dona manti chiqadi. Tayyor bo‘lgan mantilarni qasqon listida 30-40 daqiqa davomida pishirib olamiz.
Pishib tayyor bo‘lgan mantilarni shivit va soya sousi bilan bezab dasturxonga tortishingiz mumkin.
Guli NOZ tayyorladi