NAMUNALI TIBBIYOT XONASI OCHILDI
Davlatimiz rahbarining 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohada keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur dasturda respublikamizning 193 ta tumanida umumta’lim maktablarida namunali tibbiyot xonalarini tashkil etish va to‘liq jihozlash vazifasi belgilangan edi.
Yaqinda poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 242-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan namunali tibbiyot xonasining taqdimoti ana shunday ezgu ishlardan biri bo‘ldi.
– Ushbu maktabda 2 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar ta’lim-tarbiya olishadi. Endilikda ular mazkur tibbiyot xonalarida birlamchi tibbiy-sanitariya va profilaktik yordam olishlari mumkin bo‘ladi. Chunki, homiy tashkilot “MAGNUM MEDIKAL SERVIS” kompaniyasi tomonidan ushbu tibbiyot xonasiga yangi tarozi, bo‘y o‘lchash uchun maxsus jihoz, gripp, virusli gepatit (va boshqa kasallik)larda xona havosi namligini me’yorlashtirish uchun ishlatiladigan kvars-lampa, birinchi yordam uchun dori-darmonlar va boshqa tibbiy jihozlar taqdim etildi, – deydi 15-oilaviy poliklinika shifokori Shahzoda Tursimetova.
Ushbu tadbirga Toshkent shahridagi 11 ta tumanning xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, maktab joylashgan hududdagi oilaviy poliklinika mutasaddilari, o‘quvchi yoshlarning ota-onalari, Olmazor tumanidagi 33 ta maktabning direktorlari, poytaxt tumanlarining Tibbiyot birlashmalari mudirlari hamda Xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari ishtirok etib, tibbiyot xonasidagi yangi jihozlar, tibbiyot xodimlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
M. XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri