ShIVIT HAQIDA ShIVIRLAMANG…
Shivit – juda foydali o‘simlik. Uning yengilgina vazni o‘z tarkibida turli vitamin va mineral moddalarni saqlaydi.
Uning tarkibida nikotin va askorbin kislotasi bilan birgalikda karotin, pektin moddasi, uglevod, kaliy, fosfor, temir va kalsiy hamda ko‘plab vitaminlar bor. Shuningdek, shivit tarkibida ko‘p miqdorda oqsil, olein va linol kislotasi bo‘lib, o‘ziga xos ifor va efir moyi mavjud. Shivit tarkibidagi magniy tuzi va temir moddasining mavjudligi qon aylanish jarayonini kuchaytirishga yordam beradi.
Tibbiyotda shivit keng qo‘llaniladi. U yurak va tomirlar faoliyatini yaxshilaydi. Tarkibidagi atenin miya qon tomirlari faoliyatini kengaytirib, yurak mushagini mustahkamlaydi. Bu esa ovqatning yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi. Shuningdek, undan ona sutini ko‘paytirishda (laktatsiya) jarayonini yaxshilashda foydalaniladi. Organizmning nafas olish a’zolari, qon bosimining ko‘tarilishi, ko‘rishning pasayishi holatlarida ham shivit shifobaxsh o‘simlik bo‘lib hisoblanadi. Asosiysi bu o‘simlikni gipertoniya (qon bosimining ko‘tarilishi)da ham qo‘llash mumkin.
Uning urug‘idan tayyorlangan tindirma (nastoyka) ishtahani ochish, hazm qilish, uyqusizlik va buyrakning yallig‘lanish kasalliklarida samarali yordam beradi. Bundan tashqari bavosil (gemorroy) kasaliga qarshi vosita, sirtqi yaralarni tuzatuvchi va allergiyada keng qo‘llaniladi.
Xurshida XUSENOVA