VII – TOSHKENT XALQARO FOTO BIYENNALESI BOSHLANDI
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida 6-12 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan VII – Toshkent xalqaro biyennalesi ochildi. Unda 32 davlatdan tashrif buyurgan 200 dan ortiq yetuk fotorassomlar o‘z asarlari bilan ishtirok etishmoqda. Mehmonlar dastlab Mustaqillik maydonidagi hurriyatimiz, istiqbolimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. Istiqlol yillarida poytaxtimizda bunyod etilgan inshootlarni ko‘zdan kechirdi.
«O‘xshashlik. Tasavvur va borliq» shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro fotobiyennaledan ko‘zlangan maqsad istiqlol yillarida Vatanimizda barcha jabhalarda qo‘lga kiritilgan ulkan yutuq va marralar, tinchlik va osoyishtalik, hamdo‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasidagi ezgu intilishlar samaralarini keng namoyish etishdan iboratdir.
Markaziy ko‘rgazmalar zalida ijodiy ishlari namoyish etilayotgan ishtirokchilarning aksariyati o‘z suratlarini kompyuterda ataylab qayta ishlashdan voz kechib, hujjatli fotografiyani badiiy va g‘oyaviy qiymatini o‘zaro bog‘lab mahoratlarini ko‘rsata olgan. Masalan, Anna Tishenkoning Kaliningrad suratlarida yangicha uslub va o‘zgacha yondashuv aks etib turadi. Bundan tashqari, Vladimir Dubrovskiyning Qozog‘iston cho‘llaridagi oddiy xalq orasida olgan fotolari, shuningdek, Diana Mindubayevaning Toshkentning konseptual shahar manzaralari ajoyib taassurotlar uyg‘otadi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston fotosan’ati olamining ijodiy hayoti jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
D.QARSHIBOYEVA,
«Sog‘lom avlod» muxbiri