FUTBOLCHI QIZLAR SAFI KENGAYMOQDA
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qishloq qizlarining sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bunday keng ko‘lamli ishlar samarasini millionlar o‘yini – futbol, xususan, ayollar futboli jadal ommalashib borayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2011 yil 19 yanvarda qabul qilingan «2011-2013 yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, futbol klublari, ixtisoslashtirilgan futbol maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda muhim omil bo‘ldi. Buning samarasida ayollar futboli ham rivojlanib, qizlarning futbol bilan shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi, ayollar futbol jamoalarining to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.
– Maktabimizda futbol bilan shug‘ullanayotgan 558 o‘quvchining 120 nafari qizlardir, – deydi Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi direktori Soyibjon Nazirov. – Qizlar sakkiz guruhda futbol texnikasi, qonun-qoidalarini malakali murabbiyalar rahbarligida puxta o‘zlashtirmoqda. Zamonaviy futbol maydonlari, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus maydonchalar, trenajyor zali ular ixtiyorida.
Bunday sharoitlardan samarali foydalanayotgan maktabning qizlar jamoasi turli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. 2013 yili viloyat birinchiligi hamda «Qizlar ligasi – 2013» musobaqalarida ikkinchi, «Bahor malikasi – 2014» turnirida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Futbol bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan qizlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda, – deydi murabbiya Sarvinoz Rustamxo‘jayeva. – Ular orasida iqtidorli qizlar juda ko‘p. Albatta, ularning barchasi ham kelajakda professional futbolchi bo‘lmas, eng muhimi va bizning asosiy maqsadimiz qizlar o‘rtasida futbolning ommaviyligini oshirish orqali xotin-qizlar salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shishdir.
Maktab tarbiyalanuvchilaridan Surayyo Qamchiyeva, Kumushoy G‘ulomova viloyatning «Andijanka» jamoasi safida to‘p surmoqda.
Muxtasar aytganda, Xo‘jaobod tumani bolalar va o‘smirlar futbol maktabida o‘quvchilar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Kompyuter xonalari, oshxona, yotoqxona mashg‘ulotdan bo‘sh vaqtni unumli va samarali o‘tkazish uchun xizmat qilmoqda. Maktab zarur mebel va jihozlar, sport anjom va inventarlari, uskunalar bilan to‘liq ta’minlangan. Bu yerda o‘quvchilarning nafaqat mohir futbolchi, balki sog‘lom tafakkur va yuksak ma’naviyat sohiblari bo‘lib kamolga yetishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
F.UBAYDULLAYEV,
O‘zA muxbiri