SAN’ATKORLAR SINFI
Chor-atrofga taralayotgan qashqar rubobining mayin ohanglari og‘ushida ohista tebranayotgan sentyabr gullari yanada ko‘rkam. Bir qator marjon singari tizilib olishgan bu “nozanin” larni ko‘pincha sentyabr “malika” lari deb ham atashadi. Hech e’tibor berganmisiz? Ularning ochilishi bilan yangi o‘quv yili boshlanadi. Atirgul yoki chinnigul singari bo‘y cho‘zib, yashnab turmasada bu gullarning o‘ziga xos ifori betakror chiroyi ko‘zni qamashtiradi.
Maktabimizga kiraverishda qator ekilgan gullar xuddi chamanzor singari yashnab turibdi. Bugungi bayram tadbirini har galgidek sinf rahbarimiz Botir Muqimov boshchiligida tashkillashtirdik. Ular bayram ssenariysini tuzishga biram ustaki, asti qo‘yaverasiz. Ayniqsa, qashqar rubobiyu doira chalishda ularga teng keladigani kam topiladi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois bo‘lsa kerak, ko‘pincha boshqa o‘qituvchilar, o‘quvchilar ham sinfimiz bolalarini ko‘rdi deguncha “san’atkorlar” kelayapti deya beg‘araz hazil qilishardi. Har galgidek bu safar ham bizning 7-”B” sinf o‘quvchilari sinflararo “Marhabo, talantlar” bellashuvini boshlab berishdi. Sinfimiz sardori Aliqul Shomurodov ijrosida yangrayotgan “Tong” kuyi dillarga olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Ustozimizning hayajonlanayotgani yuz-ko‘zidan ko‘rinib turibdi. Axir, qaysi ustoz o‘z shogirdlarini muvaffaqiyat qozonishini istamaydi, deysiz. Sinfimiz o‘quvchilari ham aslo bo‘shashmadi. Qizlar jamoasining dilbar qo‘shiqlari, jozibali raqslari, yigitlar ijrosidagi dilrabo kuylar, “Andijon polkasi” raqsi hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Aslidaku bizni san’atga oshno etgan sinf rahbarimizning o‘zi ham san’atni jonu dilidan sevar edi. Bellashuv nihoyasida hakamlar g‘oliblarni e’lon qilar ekan, sinfimiz birinchi o‘rinni egallagani ma’lum bo‘ldi. Botir akaning qo‘llarini ikki yonga cho‘zib, “rahmat mening xizmat ko‘rsatgan san’atkorlarim”, deya bizni alqab sevinishlarini ko‘rib, bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shildi. Bu kichkina yutuq nafaqat bizni, balki jonkuyar sinf rahbarimizning ham yutug‘i edi.
Ha, ustozimiz Samarqand viloyatining Oqtosh shahridagi 6-umumta’lim maktabini tugatgunimizcha bizga sinf rahbari bo‘ldi. Sinfimizni tugatgan 28 nafar o‘quvchining ko‘pchiligi oliy ma’lumotga ega. Bugungi kunda ular turli sohalarda mehnat qilishmoqda. Sinf rahbarimiz esa nafaqada bo‘lsa ham hali-hanuz san’atsevar bolajonlarga bosh-qosh. Ayni vaqtda Muqimiy nomidagi mahallada faoliyat yuritayotgan Botir aka Muqimovning ta’lim maskanimizda yaratgan o‘ziga xos tajriba maktabi yosh o‘qituvchilarga qo‘l kelmoqda.
Xayol hamon bolalik tomon yetaklaydi. Maktabning qaynoq bag‘ri, o‘sha qadrdon sinf, sho‘x sinfdoshlar, mehribon dugonalar davrasi ko‘z o‘ngimda namoyon. Kundaligimizdagi qator “a’lo” baholar kim o‘zarga beg‘araz bellashuvlar… Bu beg‘ubor onlarni xotirlamay bo‘ladimi?! Barcha sho‘xliklarimizdan ko‘z yumib, quvonchimizdan quvonib, tashvishimizdan ozor chekkan sinf rahbarimiz Botir Muqimov sha’niga qanchalar iliq so‘z aytsak, shuncha oz. Bizni san’atga oshno etgan muallimimizga qalbimizda cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
Ustoz..! Bugun o‘quvchilaringiz olis manzillardan Sizga o‘z qutlovlarini yo‘llamoqda. Bolajon qalbingiz aslo ozor chekmasin. Shogirdlaringiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘ling.
Jamila ERDONOVA