Mustahkam bilim asosi qulay sharoit va ilg‘or tajribada

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri va Kadrlar tayyorlash Milliy dasturiga muvofiq, bajarilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yurtimizdagi ziyo maskanlari faoliyatini tubdan yaxshilab, ta’lim sifatini jahon andozalari darajasiga olib chiqmoqda. Bugun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan maktablar, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida puxta bilim olib, kasb sirlarini mukammal o‘rganayotgan yoshlarning iqtidori va salohiyatiga chindan-da havas qilsang arziydi.

O‘qituvchilikdek sharafli kasb egasi bo‘lishni orzulagan 1500 nafardan ziyod yigit-qiz bugun Kattaqo‘rg‘on pedagogika kollejida tahsil olmoqda. Bo‘lg‘usi pedagog murabbiylarga “Ixtisoslashgan (maxsus) va boshlang‘ich ta’lim muassasalari tarbiyachisi”, “Jismoniy tarbiya va bolalar sporti murabbiyi”, “Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachisi”, “Maktabdan va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlar tashkilotchisi” kabi oltita yo‘nalish bo‘yicha 140 nafarga yaqin malakali o‘qituvchi, yoshlarga fan va kasb sirlarini o‘rgatmoqda.

Ta’lim dargohida o‘quvchilarning tahsil olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamon talablari asosida jihozlangan fan hamda laboratoriya xonalari o‘quvchilar ixtiyorida. “Tabiatshunoslik”, “Biologiya”, “Kimyo”, “Fizika” xonalarida o‘quvchilar olgan nazariy bilimlarini o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlab borish imkoniga ega.

Shuningdek, kollejda chet tillarini o‘qitish bo‘yicha ilg‘or tajribalar qo‘llanilmoqda. Feruza Asrolova, Dilbar Davidova, Dilnoza Eshonqulova, Shohista Rashidova, Muqaddam Fozilova kabi malakali o‘qituvchilar o‘quvchilarga yangi pedagogik texnologiyalar asosida bilim bermoqda.

Kollej direktori Shahribonu Hamrayevaning ta’kidlashicha, ta’lim sohasida o‘quvchilarning bandligini ta’minlash, ularni ma’lum yo‘nalishlarga qiziqtirish eng muhim masala hisobalanadi. Shuni inobatga olib, kollejda 17 ta fan to‘garagi va 9 ta sport seksiyalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Muassasa hayoti bilan tanishar ekanmiz, mazkur to‘garaklar o‘quvchilar bilan gavjumligi, mashg‘ulotlar qiziqarli o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, kollej hamda tuman miqyosidagi turli ommaviy bayramlar Dilbar Abidova rahbarligidagi “Dutorchi qizlar”, Malika Salohiddinova rahbarligidagi “Raqqosa qizlar”, Malohat Shomurodova rahbarligidagi “Zulfiyaxonim qizlari” to‘garagi a’zolarining ishtirokisiz o‘tmaydi.

Kollejda o‘quvchilarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va sog‘lig‘ini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar yaxshi samara bermoqda. Bu yerda zamonaviy sport zali, futbol, basketbol, voleybol maydonlari, yugurish yo‘laklari, o‘quvchilarning muntazam sport bilan shug‘ullanishlariga zamin yaratmoqda. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib kelayotgan Barno Ziyodullayeva, Dilshoda Norqulova, Donobek Hoshimov kabi o‘quvchilar yaqinda “Kamolot” YOIH Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi, shahar madaniyat va sport ishlari bo‘limi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “Kamolot shaxmat taxtasi” kollejlararo sport musobaqasida faxrli birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Hozirda o‘quvchilar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Odil Ashurov boshchiligida navbatdagi musobaqlarga puxta hozirlik ko‘rmoqda, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari San’at Azizov.

Яна ўқинг:  Барча бола бирдек азиз

Mazkur ta’lim muassasasida sportga berilayotgan e’tibor va qo‘lga kiritilayotgan natijalar yuqori bo‘lgani bois, Kattaqo‘rg‘on pedagogika kollejida ilk bor “Qarabtep” xalq milliy o‘yini bo‘yicha respublika musobaqalari o‘tkazildi. Bellashuvning qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslarida Dilobar Fayzullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqlarda Suxrob Hamdamovga teng keladigani topilmadi. Jamoaviy bahslarda ham kollej jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.

– Bu muvaffaqiyatlarning debochasi, – deydi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Muxtor Eshquvvatov. – Ishonamanki, kollej o‘quvchilari bundan-da yuqori yutuqlarni qo‘lga kiritish yo‘lida tinimsiz mashg‘ulotlar olib boramiz.

Chindan ham, har bir ta’lim muassasasi o‘zining tartibli, bilim va salohiyatli o‘quvchilari bilan faxrlanadi. Kattaqo‘rg‘on pedagogika kolleji o‘quvchilari fan olimpiadalarida ham munosib ishtirok etib, yaxshi ko‘rsatkichlarga erishmoqdalar. O‘tgan yilning o‘zida ona tili va adabiyoti fanidan Nazokat Olimova, rus tili fanidan Giyoxon Husanova, informatika fanidan Gulchehra Nuriddinova, tarix fanidan Nilufar Toshbotirova kabi o‘quvchilar olimpiadaning viloyat bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Joriy yilda esa ko‘plab o‘quvchilar qator fanlar bo‘yicha birinchi bosqich fan olimpiadasida ishtirok etib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. Bu yutuqlarning qo‘lga kiritilishida Sayyora Rajabova, Mohinur Toshbotirova, Dilrabo Ahmedova kabi tajribali o‘qituvchilarning Samarqand davlat universiteti qoshidagi “Malaka oshirish va qayta tayyorlash” o‘quv kurslarida o‘z tajribalarini oshirib qaytgani qo‘l kelmoqda.

– Tajriba almashish pedagogni o‘z ustida ishlashiga zamin hozirlaydi, – deydi “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi Shohista Rashidova. – Yoshlarning puxta bilim olishi yangi pedagogik yo‘nalishlar orqali amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Sir emaski, ijtimoiy hamkorlik ta’lim sohasida ham o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmaydi. Shuning uchun kollej rahbariyati Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari, shahar FHDYO bo‘limi, shahar “Salomatlik” markazi, shahar tibbiyot muassasalarining shifokorlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, hamkorligida yoshlarga oid turli mavzularda uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilib turiladi. Muntazam tashkil etilgan davra suhbatlari, targ‘ibot-tushuntirish ishlari yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Shunqorlar” harbiy sport musobaqasida kollejning “Qalqon” guruhi birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi.

Яна ўқинг:  М У Ш Т И П А Р

– Kollejni tamomlash bo‘sag‘asida turgan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun davlatimiz tomonidan ko‘plab imtiyozlar mavjud, – deydi ta’lim muassasasi kasbiy ta’lim ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shafoat Tosheva. – O‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish maqsadidagi bitiruvchi yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilayotgani nur ustiga nurdir. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 120 nafar o‘quvchi ana shunday imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘on pedagogika kollejida tahsil olayotgan yigit-qizlarning qalbida bir olam jo‘shqinlik namoyon. Zero intilish va izlanish muvaffaqiyatlar garovidir.

M.EGAMOVA,

Kollej ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari,

F. NURMUHAMMeDOV,

jurnalist

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: