Ustozi yaxshining ustami yaxshi

Ustoz borki, hayot munavvar. U bir mayoqdirki, bizni mudom ma’naviyatga, ma’rifatga chorlab turadi. Yo‘q, ustoz quyosh! Uning qalb nuri, mehrining tafti ona-zaminni, insoniyatni tiriklik lazzatidan bahramand etadi. Kishilarni doim ezgu o‘y, ezgu fikr bilan yashashga o‘rgatadi.

Qachonki ustoz so‘zini eshitganimda ko‘z oldimga Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti “qoraqalpoq til bilimi” kafedrasi professori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi Abatbay og‘a Dao‘letov keladi.

– “Bo‘lar bola boshidan” deganlaridek, u maktabda o‘qib yurgan paytlaridanoq o‘zining o‘tkir zehni va izlanuvchanligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Oliygohda tahsil olish jarayonida ham ustozlari uning bilimi va g‘ayratiga qoyil qolishardi. Shu bois ham u oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatdi, – deya eslaydi uning bolalikdan birga o‘sgan do‘sti Tileo‘bay og‘a Hamzeev.

Shuningdek, ilmga, bilimga bo‘lgan qiziqishlari uni Kiyev va Sankt-Peterburg shaharlariga yetaklab bordi. U yerda tilshunoslik bo‘yicha taniqli olimlardan ilm sirlarini o‘rgandi. Masalan, Sankt-Peterburg universitetida aspiranturada ta’lim olayotgan davrlarida M.Matsuyevich, L.Zinder, Yu.Maslov, L.Bondarko, va L.Verbitskayalardan umumiy til bilimidan, akademik A.Konov, professorlar A.Sh’’erbak va S.Ivanovdan esa turkologiya fanlari bo‘yicha darslar oldi. Natijada 1972 yili “Hozirgi qoraqalpoq adabiy tilining vokalizmi (eksperimental-fonetik tadqiqot)” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Undan keyin o‘zi ta’lim olgan institutga kelib, o‘zining ilmiy va pedagogik mehnat yo‘lini boshlashga kirishadi.

Mehnat faoliyati davomida ilmiy ishni ham teng olib borgan Abatbay og‘a 1994 yili Almati shahrida “Hozirgi qoraqalpoq adabiy tilining tovush tuzilishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Shu bilan birga oliy o‘quv yurtlari talabalari va o‘rta maxsus bilim yurti o‘quvchilari uchun hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalar o‘quvchilari uchun uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar yaratishda ham faollik ko‘rsatib kelmoqda.

Shuningdek, Abatbay og‘a Dao‘letov shogirdlar tayyorlash borasida ham o‘ziga xos maktab yaratgan. Nihoyatda jiddiy va qattiqqo‘l, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashadigan ustozni shogirdlari juda e’zozlashadi. Shogirdlari orasidan fan doktorlari, professorlar, fan nomzodlari va dotsentlarning mavjudligi bunga yorqin dalildir.

Abatbay og‘a doimo ustozlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shogirdlariga ham ta’kidlab keladi. Zero, “Ustoz otangdek ulug‘” degan naqlga amal qilib yashash insonning ziynatidir deydi olim. O‘zi ham hamisha maktabdagi ustozlari Yelmurat Xojamuratov, Yembergen Yerimbetov, Hilal Muyatdinov, Atabay Doshetovlarning nomlarini, oliygohdagi Kosherbay Berdimuratov, Aytjan Yesemuratov, Dosjan Nasirov, Srajatdin Axmetov kabi ustozlarini tez-tez tilga oladi.

Yana o‘qing:  Qutlug‘ yoshli qizaloq

“Ustozi yaxshining ustami yaxshi” deganlaridek, olimning oliygohda birga o‘qigan kursdoshlari ham Abatbay og‘aga o‘xshagan o‘ziga yarasha obro‘ga ega ulug‘ ustozlar bo‘lib yetishib chiqdi. Masalan, kursdoshlaridan elga taniqli publitsist va yozuvchi Abdimurat Atajanov, O‘zbekiston xalq muallimi R. Usnatdinova, olim Serimbet Seytimbetov, shuningdek boshqa kursdoshlari ham jamiyatimizda o‘z sohalari bo‘yicha el-yurtga tanilgan fidoyi insonlardir.

Olimning mehnatlarini e’tiborga olgan holda unga 1992 yili “Qoraqalpog‘iston Respublikasi fan arbobi” mukofoti berildi. 1995 yili esa O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi bo‘lib saylandi. 2012 yili uning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan universitet miqyosida ulkan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Abatbay og‘a turmush o‘rtog‘i Mirzagul Tleuova bilan uch o‘g‘il va ikki qizning sevimli ota-onasi hamda shiringina nabiralarning sevimli bobo-buvisi.

Bir so‘z bilan aytganda, olim Abatbay og‘aning ustozlari shogirdi uchun jon kuydirib, bergan aql-nasihatlari, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlari bejiz ketmaganligini uning mehnat yo‘li-yu amalga oshirgan ishlaridan aniq ko‘rsa bo‘ladi.

Janabay MARZIYAEV,

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: