MUSTAQIL YURT FARZANDLARI
xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi
zarurYurtimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat g‘ururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, o‘z taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan chambarchas bog‘lab, faoliyat ko‘rsatayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar ma’naviy merosini, ham umumbashariy qadriyatlarni barobar o‘zlashtirmoqdalar. Salohiyatli mutaxassislar O‘zbekistonning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. Shu bois zamon talablariga javob beradigan yuksak ma’naviyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Ana shu ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida hozirda 4 ta fakultet, 15 ta kafedra, 14 ta til va madaniyat markazlari, mintaqaviy til o‘rgatish markazi, Ta’lim sifati ta’minoti va innovatsiyalar markazi, eng zamonaviy o‘quv va multimedia uskunalari bilan jihozlangan Axborot-resurs markazi mavjud.
Institutda 11 ta yo‘nalishda bakalavri, 5 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura, 4 ixtisoslik bo‘yicha doktorantura faoliyat ko‘rsatmoqda. 350 nafar talabaga mo‘ljallangan zamonaviy talabalar turar joyi, 250 o‘rinli oshxona mavjud. Bakalavriat bosqichida bugungi kunda ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, arab, yapon, koreys va xitoy tillari hamda tarjimonlik mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Joriy o‘quv yilida institutda bakalavriat bosqichida 1 ming 932 nafar, magistratura bosqichida 129 nafar talaba, 14 nafar doktorant tahsil olmoqda. Ularga kasb sirlarini o‘rgatish, ilmiy-pedagogik jarayonni faol olib borish uchun salohiyatli ilmiy muhit mavjud. Hozirda bu obro‘li ilm dargohida 225 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan, 13 nafar fan doktori, professorlar, 58 nafar fan nomzodi, dotsentlar mehnat qilmoqda. Shuningdek, institutda 20 ga yaqin xorijlik mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda.
Samarqand davlat chet tillar instituti Samarqand viloyatida ta’limga oid hukumat qaror va farmonlari ijrosini amalga oshirishda yetakchi ilmiy maskanlardan hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida institut pedagogik jamoasining ishlari e’tiborga molikdir. Hozirda Samarqand viloyatida xalq ta’limi tizimidagi 49 ta tayanch va 9 ta tajriba-sinov maktablarida tabiiy fanlarni chet tilida o‘qitish, uzluksiz ta’lim tizimining keyingi uzviy bosqichi bo‘lgan kasb-hunar kollejlarida chet tili ta’limini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish borasida Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oqdaryo Pedagogika kollejida va Narpay tumanidagi 32-o‘rta maktabda hamda qator boshqa ta’lim markazlarida SamDCHTI tashabbusi bilan tashkil etilgan seminar va konferensiyalarda o‘rta maktab va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilariga chet tillarini o‘qitishda amaliy-uslubiy ko‘mak berish, o‘qitish uslublari va mazmuniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni jadal va samarali tatbiq etish, yangi, xalqaro standartlarga mos o‘quv adabiyotlarini yaratish va amaliyotda qo‘llash, o‘rta maxsus ta’lim tizimi sub’yektlari uchun nofilologik fanlarni chet tillarda olib boradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama etilib, tavsiyalar ishlab chiqildi.
SamDCHTI xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan ilmiy, amaliy-pedagogik va texnikaviy sohalarda 50 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Ikki tomonlama shartnoma doirasida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi dasturlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Rossiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Malayziya, Koreya, Yaponiya va boshqa ko‘plab davlatlar universitetlari bilan hamkorlik faol rivojlanmoqda.
Har yili institutimizning 20 dan ziyod professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari hamda talabalari Yevropa, Amerika va Osiyo davlatlarida tahsil olmoqda. Ular yozgi ta’til davomida ishlab chiqarish jarayoni va yangi texnologiyalar bilan tanishib, xorijiy universitetlarda malakalarini oshirib qaytishmoqda.
Institut ilmiy xodimlari va talabalari xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Muassasada sohaviy nashrlar orasida eng nufuzlilaridan hisoblangan “Xorijiy filologiya: til, adabiyot, ta’lim” ilmiy-nazariy jurnali chop etilmokda. Institut respublikamizning barcha oliy o‘quv yurtlari bilan bir qatorda xorijiy davlatlardan Gyote instituti, Gumboldt universiteti (Germaniya), London Metropoliten universiteti (Angliya), Xoseo, Xondong, Chonnam (Koreya Respublikasi), Siyena (Italiya), Al-Mansura (Misr), Dalarna (Shvetsiya), Oulu (Finlyandiya) kabi shaharlardagi qator yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan qisqa tarixiy vaqt ichida Samarqand davlat chet tillar institutida o‘ziga xos tilshunoslik maktablariga asos solindi: German tillari va sotsiolingvistika (professorlar A.Bushuy, T.Bushuy), umumiy tilshunoslik va matn lingvistikasi (professor N.Turniyazov): tarjima nazariyasi va amaliyoti, adabiyotshunoslik, tarix va madaniyatshunoslik, xorijiy pedagogika tarixi ilmiy yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda.
Bugun ana shunday nufuzli oliy o‘quv yurtida mehnat qilayotganimdan barcha jamoadoshlarim singari men ham faxrlanaman. Tinimsiz izlanishlarim o‘z samarasini berdi. Ustozlarim va hamkasblarim o‘rtasida hurmat-e’tibor qozondim. Mamlakatimiz mustaqilligining 23 yilligi arafasida mamlakatimiz Prezidentining farmoniga ko‘ra mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy faol ishtiroki, samarali mehnati, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlangan hamyurtlarimiz qatorida men ham “Shuhrat” medali bilan mukofotlandim. Bu mukofot butun jamoamiz mehnatiga berilgan munosib baho deb bilaman.
Gulchehra OBRO‘EVA,
Sam DCHTI, ingliz tili fonetikasi kafedrasi mudiri, dotsent