Yaxshilikning shirin mevasi
Ayol bir qo‘li bilan beshikni, bir qo‘li bilan dunyoni tebratadi. Beshik quchib mudrayotgan onaga ahamiyat berganmisiz, bag‘ridagi nuridiydasini avaylab tunni tongga ulab bedor o‘tkazadi. Beshikda xotirjam uxlayotgan bola bir onaning yuragi emas, butun bir millatning farzandi. Azaldan Saroymulkxonim, Uvaysiy, Nodirabegim, To‘maris kabi jamiyat ravnaqiga xissa qo‘shgan ayollar tarix zarvaraqlarida, insonlar qalbida mangu yashaydi.
Bugungi kunda ham oilasidagi vazifasidan tashqari, yurt istiqboli uchun mehnat qilayotgan shijoatli ayollar bisyor. Ayni chog‘da so‘z yuritmoqchi bo‘lgan qahramonimiz ham oilaviy saodatga erishgan, Vatan taraqqiyoti yo‘lida xalqqa ma’rifat ulashayotgan Gulchehra Karimova muborak oltmish yoshni qarshi oldi.
Gulchehra opa uzoq yillar davomida Yunusobod tumanidagi 27-umumta’lim maktabida nemis va ingliz tilidan bolalarga saboq berdi. Shu davr mobaynida, muntazam ravishda gazeta va jurnalarda ma’naviy ruh bilan sug‘orilgan maqolalari chop etildi. “Hamroh”, “Bedorlik”, “Ijod zavqi” kabi ko‘plab radio eshittirishlar olib bordi. Televideniye orqali namoyish etiladigan ma’rifiy ko‘rsatuvlarda murabbiya sifatida ishtirok etgan. Hayoti davomida ko‘rgan kechirganlari haqida “Yaxshilik-la yonib yashayman” deb nomlangan mo‘jazgina kitob yozdi.
Gulchehra opa fayzli bir xonadonning oqila bekasi, besh kelinning sevimli oyijonisi. Mahallada, yoru birodarlari davrasida opaning o‘rni o‘zgacha. Qo‘ni-qo‘shnilaridan u haqida iliq fikr eshitasiz.
Hayot chizgilari doim bir tekis bo‘lavermaydi. Turmushning shirin tashvishlari bilan andarmon bo‘lib yurgan ona, ko‘z gavharidek asrab voyaga yetkazgan qizi Shahnozaxonni o‘z qo‘llari bilan nam tuproqqa topshirdi. Onaga farzand dog‘idan ortiq g‘ussa bo‘lmaydi. Polaponini izlayotgan qaldirg‘och misoli qaynoq bag‘rida quchib yurgan nuridiydasini yo‘qotgan onaizor chirqillab qoldi…
Ayolning mehri toshni ham sel qiladi, ayolning irodasi temirni ham mo‘rt qiladi. Jigargo‘shasidan ajralgan Gulchehra opa boshqa farzandlarning baxtu kamolini ko‘rish uchun ham yashashda davom etishi, sinovlarni yengishi lozimligini yaxshi bilardi. Shu tariqa biroz vaqtdan so‘ng u yana ijod olamiga qaytdi. Birin-ketin mazmunli sherlar yozdi, hikoyalar qoraladi. Gazeta jurnallarda ijodiy faoliyatini davom ettirdi..
– Hayotda birgina armonim bor, – deydi qahramonimiz. – 27 yoshimda onam vafot etdi. Ularning diydoriga, mehriga to‘yolmadim. Nolimayman, farzandlarim bag‘rimda, do‘stlar davrasida e’zozdaman, ammo birgina onamning taftini sog‘inib yashayman. Ba’zida savol berishadi “Gulchehra opa, sochingizga oq oralasa ham juda shijoatlisiz. Oilangiz davrasida farog‘atda yashasangiz bo‘lmaydimi?”. O‘tirgan bo‘yra, yurgan daryo, deyishadi. Hozir ham farog‘atda yashayapman. Odam yaralibdi-ki, xalovatni mehnatdan topadi. Yurtimizda barcha sohada cheksiz imkoniyatlar yaratilayotgan paytda chetdan tomosha qilib turish mumkinmi? “Qimirlagan qir oshar”, – deydi dona xalqimiz. Mayli qiynaling, mayli qoqiling ammo harakatdan to‘xtamang. Shundagina saodat sohiliga yetasiz.
Har bir sinov ortida yaxshilik bor, deydi mashoyixlarimiz. Ayni kunlarda qahramonimiz bir-biridan shirin sakkiz nabiraning buvijonisi bo‘lib umrguzaronlik qilmoqda. O‘zi istiqomat qilayotgan “Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida “diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha” maslahatchi bo‘lib, mahalladoshlarining qayg‘u va xursandchiligiga sherik bo‘lmoqda. Yaqinda Gulchehra opaning 60 yoshni qarshilaganini qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindosh, hamkasblar mahalla guzariga yig‘ilib katta shodiyona bilan nishonladi. Oramizda Gulchehra opadek kasbiga fidoiy insonlarning borligi uchun ham yurtimiz ravnaq topmoqda, u kabi mehridaryolar sabab ko‘ngli yarimlarning qalbi quvonchga to‘ladi, uningdek oqila ayollar hamisha o‘z nomiga, sha’niga munosib qadr topadilar.
Dildora MURODOVA