VATAN
Vatan, quchog‘ingdan lolalar terdim,
Har bahor bag‘ringda qo‘shiqlar ayta.
Boychechakdek kulib, sevib ulg‘aydim
Har so‘zing qatlida tug‘ildim qayta.
Sen falak-Temurning ko‘ziga botgan
Hazrat Navoiysan- so‘zdagi yog‘du!
Sen qamar-beorom Hind sori yotgan
Zahriddin Bobursan, ko‘kdagi mangu!
Nidosan, Behbudiy bo‘g‘zidagi oh,
Sen Usmon ko‘ksida yoniq bir bardosh!
Fitratning qalamda qolgan ko‘z yoshi
Sen Cho‘lpon bag‘rida botmagan quyosh!
Qizingman, jafokash ko‘ksingdan parcha
Oydek tunlaringda bo‘lolsam bedor.
Qalbim uyg‘oq magar har nafasingda
Demakki, yashashga mening haqqim bor!
Vatan, quchog‘ingdan lolalar terdim,
Har bahor bag‘ringda tug‘ildim qayta.
Seni ko‘zim dedim, oftobim dedim
Boychechakdek kulib, qo‘shiqlar ayta!
Behro‘zabonu ABDUNAZAROVA