Saodatim – yurtim kamoli bilan

– Gulnoza, seni shunday joyga olib boraman, u yer senga albatta, yoqadi, – deya dadam meni ilk bora Buxoro shahridagi “Nafis” gimnastika saroyiga yetaklab borgan edilar.

O‘sha kezlarda men 5 yoshda edim. Keng, yorug‘ bino e’tiborimni o‘ziga tortgandi. Mashq zaliga solingan toza va chiroyli supa go‘yo chempionlar shohsupasiga o‘xshardi. Nafis va bejirim liboslari o‘zlariga yarashgan turli yoshdagi qizlar ajoyib sport mashqlarini bajarishardi. Ochig‘i, qizlarning nafis xatti-harakatlaridan hayratga tushdim, beixtiyor ularga havasim keldi.

Ilk bor peshvoz chiqib, “salom kichkintoy”, – deya meni iliq tabassum bilan qarshi olgan murabbiyim Rimma Xoxlovadan badiiy gimnastika deb atalmish mo‘jizaviy olamning bor go‘zalligi, nafosati, murakkabliklarini o‘rgandim. Bora-bora ushbu sport turi hayotim mazmuniga aylandi. Muntazam mashg‘ulotlar, qat’iy intizom meni butkul o‘zgartirdi. O‘z kuchimga ishona boshladim. Ustozimning “sen uddalaysan, senga ishonaman”, deya bergan daldalari sababli fe’l-atvorimda qat’iyat paydo bo‘ldi. Asta-sekin sportdagi natijalarim ham yaxshilanib bordi. Dastlab, shunchaki jismonan sog‘lom bo‘lishim uchun bu sport turi bilan shug‘ullangan bo‘lsam, endilikda badiiy gimnastika asosiy maqsadimga aylandi. Dadam va onam, piru badavlat Zulayho buvijonim har tanlovda qo‘llari duoda bo‘ldi. “Yo‘llaring oydin. Marra seniki. Buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli. El-yurt e’tiborida unib-o‘saver, qizim”, deya ruhimga kuch berdi. Ustozimning talabchanligi esa meni shaxs sifatida shakllanishimga sabab bo‘ldi. Vatanimning o‘z qiziga ko‘rsatgan e’tibori tufayli sport olamidagi sa’y-harakatlarim o‘z mevasini bera boshladi.

Bugunga qadar badiiy gimnastika bo‘yicha “Barkamol avlod” sport o‘yinlarida uch karra g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

O‘zbekiston chempionatida bir necha bor muvaffaqiyat qozondim. Shuningdek, Germaniya, Italiya va Fransiya kabi davlatlarda o‘tkazilgan yirik xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, yaqinlarimning ishonchini oqladim. O‘sha kezlarda ota-onam va ustozimning chehrasida ajib bir hayajonni payqadim. Ularning nigohlari “yurtimiz bayrog‘ini baland tut, madhiyamiz sen tufayli jahon arenalarida yangrasin”, deyayotgandek edi, go‘yo.

Shuningdek, sportda erishgan yutuqlarim inobatga olinib, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Bu ham bo‘lsa, mamlakatimizda yoshlar, xususan, qizlarning jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik namunasidir.

Yurtimizda biz yosh o‘g‘il-qizlarga yaratib berilgan ana shunday sharoit va imkoniyatlar haqida xorijdagi tengdoshlarimga so‘zlab berganimda, bu ular uchun xuddi ertakday tuyuladi. Zero, dunyoning hech bir mamlakatida bolalar sporti masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmaydi. Ana shunday lahzalarda farzandlariga ilm olishida, hayotda o‘z yo‘lini topishiga esh bo‘lgan jonajon yurtim bilan faxrlanaman. Qalban anglaymanki, Vatan men uchun o‘z orzularimga erishishimda yo‘lchi yulduz misoli porlaydi. U mening va men kabi yoshlarning ongu-shuurida, jismu jonida, quvonchlarimizning har bir kulgichida jarang sochadi.

Яна ўқинг:  Маъқул келадиган ишга кирмоқчиман

Hozirda yosh bo‘lishimga qaramay, sport ustasi unvonini qo‘lga kiritdim. Shogidlarim turli yoshdagi jajji qizlar. Ularga ustozim kabi sportning badiiy gimnastika turining sir-asrorlarini o‘rgatib kelyapman. Va’da beramanki, bu qizlar ham kelajakda men kabi Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishadi.

 

Gulnoza ALIYEVA,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: