Qo‘shnimning farosati

Qo‘shnimning egizak farzandi bor. Uni har zamonda qizaloqlarni sayrga olib chiqib, o‘zini gazeta, kitob varaqlab o‘tirgan holatda uchrataman. O‘z o‘rnida farzandlariga ham hushyor. Biri pildirab, ariqchaga chopadi, biri kapalak quvib, shag‘al uyumi tomon ketib qoladi. Ko‘pqavatli uyning oldidan onda-sonda bo‘lsa ham mashinalar o‘tib turadi. Qo‘shnim mashina ovozi chiqishi bilan ikkala qizini ushlab, sergak turadi. Qizaloqlarning Fotimasiga Zuhrasini, Zuhrasiga Fotimasini “opang” deb gapiradi. Ular bir-birlarini opa, deb sizlashadi.

Bir kuni qizaloqlardan biri bexosdan yiqilib tushdi. Yugurib borib qizaloqni dast ko‘tarib, ovutmoqchi bo‘ldim. U men kutganimday yig‘lamas, aksincha, qo‘lchalarini qoqib, “Menga hech narsa qilmadi”, deydi. Qo‘shnim bolalarini shunchalik mustaqillikka o‘rgatganki, yiqilsa o‘zi tursin, egni chang bo‘lsa o‘zi qoqsin. U o‘zini himoyasiz go‘dak deb emas, mustaqil shaxs deb tasavvur qilsin, deb tarbiyalar ekan. Shu kuni qo‘shnimning vaqtini olib, biroz suhbatlashdim. U farzandingizni xato qilishidan qo‘rqmang, ovqatini to‘kib yesa tanbeh bermang, ovqatlanib bo‘lgach, birga yig‘ishtirishga o‘rgating, qizaloqlar pardoz buyumlariga o‘ch bo‘lishadi, uydagi lab bo‘yog‘ini yashirib olib qo‘ysa, yoki buzib qo‘ysa, koyimang. Shunchaki, o‘zingizni e’tiborsizdek tuting, vaqti bilan lab bo‘yog‘idan kimlar, qaysi mahalda foydalanishini tushuntirish zarur, dedi. Bir qarashda unga e’tirozlarim bor edi. Biroq, bu ham tarbiyaning bir usuli deb, indamay qo‘ya qoldim.

U bo‘sh vaqtida kitob o‘qib, bolalariga o‘rnak bo‘lyapti. Farzandlarini erta – go‘dakligidanoq mustaqil hayotga o‘rgatyapti. Har bir oilaning o‘z an’analari bor, albatta. Bu oilaning an’analari ham o‘ziga xos ekan. Unga tegma, bunga tegma, bu mumkin emas, degan ta’qiqlar bolalarni burchak odamiga aylantiradi. Bolalarda erta shakllangan erkinlik tuyg‘usi yot ta’sirlarga ichki immunitet hosil qiladi. Chunki, cheklovlar bilan voyaga yetgan bola uchun hamma narsa qiziq, chiziqning narigi tarafi mudom o‘ziga jalb qilib turadi. Erkin o‘sgan bola esa o‘z-o‘zidan narigi tarafdan o‘z erkini ma’qul ko‘radi. To‘g‘ri erkinlik degani bolani mutlaqo beqarov qoldirish degani emas. Har holda kichikligidan unga alohida odam ekanini uqtirib borish, o‘rni kelganda ayrim masalalarda ularning ham fikriga quloq solish, maslahatlashish shaxs kamolotida yaxshi samara beradi.

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2014/27)

Toshmirza AHMEDOV,

Sergeli tumani

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: