Mittivoyning yig‘isi nimani anglatadi?

yoki go‘daklar “Sirenada”siga izoh

Oilada yangi mehmon dunyoga keldi. Ota-onaning quvonchi cheksiz. Jajjigina chaqaloq barchaning diqqat markazida bo‘ladi. Barcha oila a’zolari uning atrofida parvona bo‘lishsada hech kim onachalik go‘dakning injiqliklari va yig‘isiga sabr ila chora topa olmaydi.

Chaqaloq ona bag‘rida o‘zini himoyalagandek his etadi. Chunki, homiladorlik davrida ona yuragi urishini his etib rivojlangan homila dunyoga kelgach yana o‘sha yoqimli “jonli soat” dukkullashini beixtiyor qo‘msaydi.

Go‘daklar qorni och bo‘lsa, tagi ho‘l bo‘lganda noqulaylik his etib, uyqusi kelganda yoki biror joyi og‘risa yig‘laydi. Ammo yig‘i bilan yig‘ining farqi bor. Agar go‘dak onasini ema turib yig‘lasa va injiqlik qilsa ikki xil izoh berish mumkin. Emishni xohlamay bir oz emib, yana nafas olishga harakat qilib og‘zini katta ochib yig‘lab, yig‘i aralash yana ema boshlasa, biling-ki uning burni bitib qolgan. Sterillangan paxta tolasidan pilikcha qilib, uning burnini tozalang. Agar burnidagi qatqaloq qotib qolgan bo‘lsa yumshatish uchun burun kataklariga navbati bilan ona sutini sog‘ing. Bir oz o‘tgach chaqaloqning burnini ohistalik bilan tozalab oling. Go‘dak erkin nafas olgach yaxshi ema boshlaydi. To‘yib emgan va tagi quruq mittivoy tezda uxlab qoladi. Shuningdek, sterillangan o‘simlik yog‘i tomizib ham burnidagi qatqaloqlarni tozalash mumkin.

Yana go‘dak og‘rigan qulog‘ini yostiqqa ishqalab, chinqirib ham yig‘laydi. Bunday holatda u emishdan ham bosh tortadi. Quloq og‘rig‘iga ham ona suti davo bo‘ladi. Emizikli ona neonatolog yoki pediatr huzuriga borguncha chaqaloqning qulog‘iga sog‘ib, keyin steril paxta tiqib qo‘yishi kerak. Bolalar shifokoriga murojaat etsangiz sizga zarur muolajalarni tavsiya etadi.

Shuningdek, go‘dak bir necha lahza yig‘lab, orada jim bo‘lib, tanaffus qilsa va yana yig‘lay boshlasa ota-onasining e’tibor qilishini xohlayotgan bo‘ladi. Bunday payti kattalar bolani qo‘llariga olib, bag‘rilariga bosib, suyib-erkalashlari zarur. Go‘dak yig‘isi shu tariqa bir necha bor takrorlanib, oxiri uzluksiz davom etsa biling-ki chaqaloq och qolgan bo‘ladi. Ona go‘dagini bag‘riga bosganida u emish uchun harakat qiladi.

Agar chaqaloq bir xil tovushda yig‘lasa va ora-orada ilojsiz chinqirsa uning biror yeri og‘riyotgan bo‘ladi. Bunday holatda ham ona go‘dakning a’zoi-badanini yengil silab-siypalab, uni erkalab, mehr bilan emizishi kerak. Shunda ham yig‘isi tinmasa albatta zudlik bilan bolalar shifokorini uyga chaqiring.

Yana o‘qing:  MASTIT chaqaloqlarda ham uchraydimi?

Ojizgina yig‘i va bezovtalik go‘dakning hojatga chiqqisi kelganini bildiradi. Ba’zan esa chaqaloq tagini ho‘llab qo‘ygan bo‘lsa ham shunday injiqlik qiladi. Doimo har safar ichi kelishidan oldin yoki kichik hojat ushatgisi kelsa (peshobi qistasa) go‘dak shunday yig‘i chiqaraversa balki biror kasallik belgisi ham bo‘lishi mumkin. Pediatr bilan uchrashganda albatta bu haqida unga xabar bering.

Uzluksiz va bir tekis tovush chiqarib yig‘layotgan go‘dak nimadandir shikoyat qilayotgandek sizda taassurot qoldirsa uning uyqusi kelayotgan bo‘ladi. Yana u qo‘lchalari bilan ko‘zlarini ishqalab, ko‘zini qisib yoki yumib oladi. Shuningdek, esnay boshlaydi. Uxlashga qiynalayotgan chaqaloqqa yordam bering. Ona go‘dakni bag‘riga bosib, emizsa uni uxlashi oson bo‘ladi. Go‘dak tunda besabab yig‘lab uyg‘onsa u ona bag‘ridan uzoqlashgani uchun qo‘rqqan bo‘lishi mumkin yoki emishdan bosh tortib yig‘isi kuchaysa uning biror joyi og‘riyotgan bo‘lishi ehtimol.

Agar ona chaqaloqni bag‘riga bosgan zahoti u tinchlansa, demak go‘dak sovuqqotgan yoki tushida cho‘chigan bo‘ladi. Yana chaqaloqning qorni dam bo‘lsa (emizikli ona dukkakli mahsulotlar – mosh, loviya, no‘xat hamda o‘rik, turshak iste’mol qilsa, shuningdek, gazli ichimliklar ichganda bu holat kuzatiladi) oyoqlarini qorniga yig‘ib chinqirib yig‘laydi. Iliq o‘simlik moyi bilan go‘dakning qorni soat strelkasi bo‘yicha silanadi. Chaqaloqni qorni bilan yotqizib qo‘ysangiz yel oson chiqib ketadi. Yosh onalar arpabodiyon o‘simligining urug‘i (shivitning urug‘iga o‘xshaydi)ni choy o‘rnida damlab ichsalar bu damlama ona sutini ko‘paytiradi va chaqaloqning ichi dam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar go‘dakda chilla yara (diatez) kuzatilsa onaning asal va sut, sitrusli mevalar, shokolad va dukkakli donlar hamda qizil va sariq rangli mahsulotlarni iste’mol qilishi tavsiya etilmaydi. Chunki, bu oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqiradi.

Shuningdek, chaqaloqning sut tishlari (pastki o‘rta kurak tishlari 6-8 oyligida va yuqorigi kurak tishlari 8-9 oyligida chiqa boshlaydi) yorib chiqayotganida ham go‘dak injiqlanib, qo‘lini og‘ziga tiqib ko‘p yig‘laydi. Shunday paytda uning milki qichishadi. Mittivoyga dorixonalarda sotiladigan maxsus rezina xalqachalarni qaynagan iliq suvda yuvib berish kerak. Ana shunda uning asabiy holda yig‘lashining oldini olasiz. Chaqaloq og‘ziga qo‘lini ko‘p tiqsa, so‘lak bezlari ta’sirlanib ko‘p so‘lak ajralib chiqishi mumkin. Uni chalg‘itish maqsadida toza havoda ko‘proq sayr qildiring va turli rangdagi, oson yuviladigan rangi o‘chmaydigan, shiqildoq rezina o‘yinchoqlarni qo‘liga berib qo‘ying.

Yana o‘qing:  Xurrakdan qanday qutilamiz?

Sahifani Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: