Odam savdosi – asr muammosi
Odam savdosi – inson, uning sha’ni, qadr-qimmati, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, o‘zining chegara tanlamasligi hamda girdobiga asosan yoshlarni va ayollarni tortayotganligi bilan dunyo hamjamiyatida katta tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Ushbu jinoiy faoliyat ortida majburiy mehnat va donorlik, qullik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik bilan shug‘ullanishga majburlash kabi qabih qilmishlar mujassamdir.
Odam savdosi jinoyatchilar uchun serdaromad manba bo‘lib qolmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, dunyo bo‘yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromad 7 milliard AQSH dollaridan oshmoqda.
Bu esa, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya kabi xavfli illatlarning keng yoyilishiga olib keladi. Hamma odamlar qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar, ushbu qoida BMTning 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida, shuningdek, qator xalqaro huquqiy xujjatlarda hamda milliy qonunchilikda belgilab qo‘yilgan.
2008 yilning 23 iyul kuni odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tuzilib, uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ushbu yig‘ilishda komissiya faoliyati bilan bog‘liq, tashkiliy huquqiy masalalar hal qilindi. Xususan, komissiyaning ish rejasi, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalarning namunaviy Nizomi tasdiqlandi. Shuningdek, Milliy dasturga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish borasida qonunchilikni takomillashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Hozir “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga sharh va bu sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘plami tayyorlandi va amalda foydalanilmoqda.
Bugungi kunda ushbu mavzuga bag‘ishlangan davra suhbatlari, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda.
Aholining bu boradagi savodxonligini oshirish maqsadida foydalanish uchun qulay bo‘lgan o‘quv, uslubiy qo‘llanmalar, bukletlar nashr etilib, tarqatilmoqda.
Sherzod TOSHO‘LATOV,
Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i