SAN`AT DILNI, SPORT TANNI TOBLAYDI

2012-yil. Chexiya. “Yosh g‘unchalar” xalqaro san`at festivali. Osmondagi yulduzlar yanglig‘ behisob chiroqlar og‘ushidagi ko‘rkam sahna ko‘zni qamashtiradi. Qalblar to‘la hayajon. Minglab tomoshabinlarning gulduros qarsaklariga hamohang ravishda ingliz, fransuz, ispan, portugal, hind, arab kabi ko‘plab xorijiy tillarda yangragan qo‘shiqlar qatorida Sarvarjon Zoirov tomonidan o‘zbek tilida ijro etilgan “Mustahzod” qo‘shig‘i ham yuraklarni junbushga keltirdi.

O‘ziga xos shirali ovozi bois ushbu festivalda faxrli II o‘rinni egallagan Sarvarjonning quvonchi cheksiz. Sarvarjon Zoirov poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 243- maktabni tamomlab ayni vaqtda Jahon Iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik-litseyining ijtimoiy gumanitar fanlar yo‘nalishida tahsil olmoqda. Yoqub Tayronov, Alisher Pirmatov kabi ustozlarining berayotgan saboqlari haqida to‘lqinlanib gapirayotgan o‘spirinning iqtidoriga havas qilsang arziydi.

O‘qishdan so‘ng sportning boks va suzish turiga qatnashayotgan Sarvarjon “Tantana” bolalar estrada vokal guruhining ham faol a‘zosi hisoblanadi.

Fikrlari teran, o‘ziga bo‘lgan ishonchi nigohlarida aks etib turgan o‘smir bilan suhbatlashib quyidagilarni bilib oldik.

– 2-sinfda o‘qigan paytimda oyijonim meni Beruniy ko‘chasida joylashgan “Suv sporti majmuasi”ga yetaklab keldi. Bu yerda o‘zim tengi bolalar ko‘pligini ko‘rib quvonib ketdim. Murabbiyimiz Nozim Nishonov bizga ushbu sport turining nozik sir-asrorlarini o‘rgatib, har birimiz bilan alohida shug‘ullanar edi. Suv havzasidagi suzish mashqlari jismonan chiniqishimga katta yordam berdi. Keyinchalik, “Suv sporti majmuasi”dagi mashg‘ulotlardan so‘ng “Dinamo” sport kompleksi qoshidagi boks to‘garagiga ham qatnay boshladim. Boks bilan shug‘ullanish uchun avvalo chiniqish zarur. Suv sporti bilan shug‘ullanganim uchun boks to‘garagidagi mashg‘ulotlarda unchalik qiynalmadim. Ertalabki badantarbiyadan so‘ng har kuni uzoq masofaga yugurishim ham bu borada qo‘l keldi. Akmal Azimov murabbiyligida “Umid nihollari” hamda shahar, respublika miqyosidagi ko‘plab musobaqalarda ishtirok etdim. Bir necha bor faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Sport to‘garaklaridagi murabbiylarim bizni nafaqat musobaqalarga tayyorlashadi balki, yigit kishining odobu axloqi qanday bo‘lishi kerakligini, raqibga nisbatan hurmat, arenalardagi adolatparvarlik, insoniylik tuyg‘ularini, o‘zgalar bilan suhbatga kirishish madaniyatini qalbimizga singdirib borishmoqda.

Darhaqiqat, Sarvarjonning sportdagi muvaffaqiyatlari qatori san‘at sohasidagi yutuqlari ham arzirli. Maktab partasidayoq Shayxontohur tumanida joylashgan “O‘quvchilar saroyi” qoshidagi “Kamalak” bolalar estrada vokal guruhiga qatnagan Sarvarjonning ustozi Nargiza Mirzaeva shogirdining o‘ziga xos shirali ovozi borligiga diqqat-e`tiborini qaratdi va teran anglab unga ko‘plab qo‘shiqlar o‘rgatdi. Shu bois ham «Osiyo taronalari» xalqaro bolalar festivalida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Sarvarjonni yana yangi marralar chorlab turardi. Keyinchalik “Tantana” bolalar estrada vokal guruhiga qatnay boshlagan yosh san`atkor Mustaqillik, Navro‘z bayramlari shodiyonalarida ishtirok etdi. So‘ngra 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan “San`at g‘unchalari” bolalar festivalining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Ustozi Fotima Jo‘raboevaning qo‘shiqchilik sohasidagi saboqlari bois “Zamonaviy xoreografiiya va raqs plastikasi” bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Yaqinda Malayziya va Singapur davlatlarida kontsert dasturlarini namoyish etgan “Tantana” bolalar estrada vokal guruhi “Malayziya kunlari” respublika festivalida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishida shubhasiz Sarvarjonning ham munosib hissasi bor. Sanayversak yutuqlar ko‘p, bu yo‘lda chekilgan mashaqqatlar ham behisob. O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “Davrning bolasi” ko‘rsatuvida boshlovchilik qilgan Sarvarjon, “Zabarjad” kinofilmida Yorqin rolini ijro etgan bo‘lsa, “Mehmonjonlardan aylanay” kinofilmida uni Sarvar epizodida tomosha qildik. “Qaydasan, oymomo” kinofilmidagi Shahriyorning eng yaqin do‘sti obrazi esa uni tomoshabinlarga yanada yaqinroq tanishtirgan bo‘lsa ajab emas.

Яна ўқинг:  BOLALIK

Bir so‘z bilan aytganda Sarvarjon Zoirov singari iqtidorli bolalar ertamizning munosib vorislari ekanligidan quvonasan. Ammo ana shu iqtidorni o‘z vaqtida anglab, yetarlicha e`tibor bergan ota-onalarga, asrab-avaylab kamolga yetkazayotgan mehridaryo ustozlarga behisob tasannolar aytsak arziydi.

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: