Antiqa ruchka
Barchamiz bolaligimizda ertak eshitganmiz. Ana shu ertaklardagi sehrgarning sehrli tayoqchasiga havas qilmagan, o‘sha tayoqchani orzu qilmagan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. Shundoq tekkizishi bilan istalgan narsani muhayyo qiluvchi tayoqcha kimga ham yoqmaydi, deysiz!
Yevropalik olimlar tomonidan ana shu sehrli tayoqchaning muqobili ixtiro qilindi desam ishonavering. Ko‘plab rassom va dizaynerlarni bir yerga jamlaydigan ushbu ixtiro bu – antiqa ruchka. Bir ko‘rishda oddiy ruchkadan farq qilmaydigan mazkur ixtironing o‘ziga xos xususiyati tashqi ta’sirdan o‘ziga tekkizilgan har qanday buyumning rangidan nusxa olib uni qog‘ozga tushirishishga ko‘maklashishida.
Scribble Pen nomi ostida ishlab chiqilayotgan ruchka ixtirochilar Mark Berker va Robert Xoffman tomonidan ixtiro qilingan bo‘lib, ranglarni aniq va ravshan qilib bera oladigan 16 bitli RGB rang ko‘rsatkichi va ARM9 mikroprotsessorga ega. Ajoyib va o‘ziga xos ushbu buyum turfa olam ranglarini o‘zida mujassam etadi.
Uning yani bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, qog‘ozga yozish bilan bir qatorda, zamon talabiga javob bergan holda planshetlarda ham ishlatish mumkin. Ixtirochilarning aytishicha, maxsus ixtiro 16 millionga yaqin ranglarni tasvirlashi mumkin ekan. Buning uchun ruchka bilan biron bir buyumga tekkizib qo‘yishning o‘zi kifoya.
Guli NOZ