MUNDIALDA ne gaplar?
Braziliya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan XX jahon chempionati o‘zining shiddatli bahslari, kutilmagan natijalari bilan muxlislar qiziqishini oshirmoqda. Butun dunyo futbol ishqibozlarining e’tibori qaratilgan maydonlarda futbol afsungarlari barchaga zavq ulashishmoqda.
Musobaqaning guruh bahslari ham hal qiluvchi pallaga kirib ulgurdi. E’tiborli jihati amaldagi jahon chempioni Ispaniya terma jamoasi jahon chempionatini guruh bosqichidayoq yakunlashga majbur bo‘ldi. Gollandiyadan 5-1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan ispanlar shu bilan o‘zlariga kela olishmadi. Keyingi o‘yinda Chili termasi ham 2-0 hisobida ispanlardan ustun kelib chempionlarning muddatidan oldin uyga qaytishlariga sababchi bo‘ldi.
Eng kutilmagan holat esa bu safargi jahon chempionatida uchta jahon chempionlari guruh bosqichidayoq musobaqani yakunlashgani bo‘ldi. Bular Ispaniya, Italiya va Angliyadir.
Jahon chempionati kashfiyoti sifatida esa Kosta-Rika terma jamoasini bemalol aytishimiz mumkin. Zero “o‘lim guruhi” deb atalayotgan guruhdan Italiya, Urugvay va Angliya jamoalari o‘rtasida birinchi o‘rin bilan guruhdan chiqqan Kosta-Rika buyog‘iga ham raqiblarga anchagina tashvish tug‘dirishi tabiiy.
Bundan tashqari Portugaliya ham keyingi bosqichga chiqish masalasini o‘zi uchun ijobiy hal qila olmadi.
Bu galgi musobaqada Amerika qit’asi vakillari anchayin muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishmoqda. O‘yinlardagi shiddat va go‘zallik o‘yindan o‘yinga ortib bormoqda.
Hozirgacha o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov jahon chempionatining eng ishonchli hakami bo‘lib turibdi.
Shveysariya va Ekvador hamda Meksika va Xorvatiya jamoalari o‘rtasidagi bahslarni boshqargan Ermatov uchinchi turning o‘zida yana bir bahs Germaniya va AQSH jamoalari o‘rtasida o‘tadigan o‘yinga ham hakam sifatida tayinlandi. Bu esa yurtdoshimizga bildirilayotgan ishonchdan darak beradi.
13 iyulgacha davom etadigan musobaqalarda kuchlilarga omad yor bo‘lsin.
Farhod TOLIPOV