Ena

Eshik qoqib “Gulxan” jurnali tahririyatiga ilk bor kirib kelgan inson Vasila enamning savlatidan hayiqadi.

– Bundayroq o‘tirvol. Namuncha noziksan…, – degan edi talabalikning so‘nggi yili “Gulxan”ga ishga kirish ilinji bilan kelganimda. – Manzura, choy-poy qo‘yvoring… Voy-y, bechoralarey-y, ovqatam yemagandirsanla…

To‘g‘risi, avvalida, bu muomala-yu takallufni hazm qilishda xiyol qiynalganman. Keyin esa onasi bag‘riga shoshayotgan polopondek “Gulxan” quchog‘iga oshiqib keladigan bo‘ldim. Sababi, bolalar jurnali tahririyatidagi bolalardek sodda va samimiy munosabat, beg‘ubor muhit meni o‘ziga bog‘lab olgan edi. Undan keyin esa, o‘qishdan horib kelgan qup-quruq talaba uchun izzat-ikrom bilan olib qo‘yilgan tayyor xo‘rakni paqqos tushirib keyin ishga sho‘ng‘ish odatga aylandi.

Vasila enam bolalar jurnalida qirq yildan buyon ishlaydi. Qancha-qancha shogirdlarni boshini silaydi bu ayol:

– Rangingni qara, qoravoy bo‘bqopsan, bundog‘roq soya-poyada yurmiysanmi? – Qishda bo‘lsa, diydiraganimizni ko‘rib, – boshingga ul-bul kiyvol, – deydi shirin dakki bilan. Xullas, Vasila enamning nazariyu nazorati bilan qancha “polaponlar qanot chiqardi”.

Xalqimizning “daraxt bir joyda ko‘karadi”, degan ajoyib naqli bor. Bunga aniq misol – Vasila enam. Uzoq yillar bolalar dunyosida ijodiy parvoz etib kelmoqda.

Har kuni tongdan “Gulxan”ga mamlakatimizning turli hududlaridan ijodsevar, bilimdon o‘quvchilardan o‘nlab xat-xabarlar, dil izhorlari keladi. Enam bo‘lsa, har galgidek ko‘zoynagini peshonasi ostiga qo‘ndiradi-da barcha xatlarni birma-bir ochib o‘qiydi.

– Muhab, qaragin, biram ajoyib she’r yozib yuboribdi, – deydi beg‘ubor tabassum bilan sal kam yarim asr bir xonada mehnat qilib kelayotgan qadrdoni Muhabbat Hamidovaga. Keyin shogirdlarini qabatiga olib, birma-bir maktub egalariga javob xati yo‘llaydi.

Vasila enamning shogirdlarini sanab adog‘iga yetolmaysiz. Chunonchi, “Gulxan” jurnali tahririyatidagi yoshlardan nari boshqa bolalar matbuoti yosh ijodkorlarini ham ba’zan enamning huzurida, panohida ko‘rasiz. Eh-he, enamning javob xatlaridan kuch olib bilimga sho‘ng‘igan, kasb tanlagan, el-yurt koriga yarayotgan “bola”larning sanog‘iga yetib bo‘ladimi? Vatanimizning turli hududlarida, turli jabhalarda ishlayotgan qancha-qancha insonlarning bolalik orzu-maqsadlarini mustahkamlamagan, deysiz Vasila enamni. Demak, to‘g‘ri ma’noda ular ham Vasila Po‘latovaning shogirdlari, farzandlaridir.

Bir insondan yaxshilik ko‘rgan kishining xayrli xulosasiga ko‘p bor ro‘baro‘ kelamiz: “Yaxshi odamlar borligi uchun ham dunyo turibdi-da”. Bu e’tirofga Vasila enam ham loyiq, albatta.

Yana o‘qing:  Hayot guli so‘lmasin

Vasila Po‘latova bilan ilk bor uchrashgan inson, bu ayol hayotda qiyinchiliklar ko‘rmagan ekan, deb o‘ylaydi. Boisi bu ayol, g‘amning iforini tuymaydi, dardni yo‘latmaydi, g‘ussadan yuz o‘girib o‘tadi. Bunga qodir bo‘lish uchun insonga jasorat kerak, bunga qodir bo‘lish uchun cheksiz sabru sabot kerak. U hech qachon taqdiridan nolimagan. Taqdir esa nasibadan ziyodasini tuhfa etmaydi. Ammo, ezgulik, yaxshilik, go‘zallik, shukronalik uning o‘rnini to‘ldiradi.

Vasila enam o‘g‘li Jasurbekni ota o‘rnida ota, ona o‘rnida ona bo‘lib voyaga yetkazdi. Ostonasidan kelin bo‘lib hatlab kirgan Shirinani peshonasidan o‘pib, qizim, deb qabul qildi. Farzandlari haqida hamisha to‘lqinlab gapiradi. Ko‘zida sevinch yoshlari qalqiydi.

Ha-a, enamning yana bir odatlari bor. Biror voqeadan ta’sirlansa bormi, bir zumda bolalardek ko‘zida yosh paydo bo‘ladi. Masalan, har gal yozda qishloqqa boraman. Tabiiyki, jaziramada oftob yuzimni qoraytiradi. Undan keyin yo‘l azobidan horib ishxonaga qaytaman. Shu oddiy sabab uchun ham enam ko‘ziga yosh oladi. Keyin sodda va samimiy savollar yog‘iladi:

– Voy, bolam-ey, qishloqda ul-bul yedingmi, o‘zi? Nega qishloqlaring buncha issiq?

Biror yutuqqa erishsang, yana yig‘laydi. Mehri jo‘shib bag‘riga bosadi.

Vasila enam bolalar uchun ko‘plab matallar, ertaklar, kichik maqolalar yozdi. Jahon adabiy merosi xazinalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Jumladan, Leonardo da-Vinchining kichkintoylar uchun yozilgan kichik ertak va hikoyalarini bir kitobga jamladi.

Vasila Po‘latovaga mamlakatimiz o‘quvchi-yoshlarining ta’lim tarbiyasi borasidagi mehnatlari uchun “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni berildi.

Yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni kamol toptirish borasidagi xizmatlari ham munosib baholanib “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Yaxshi inson hamisha e’zozda bo‘ladi. Bugun ham Vasila Po‘latovani “Gulxan” jurnali tahririyatida, qo‘shni tahririyatlarda ham barcha qadrlaydi, Ena, deb e’zozlaydi. Boisi, enamning o‘zi hammaga oftob nur taratgani kabi mehr ulashib yuradi.

Kun ora bino yo‘lagidan o‘tayotib, Vasila enamdan ahvol so‘ragani tahririyat eshigiga bosh suqaman. Enam mehr bilan yelkamni silab, har galgidek menga nimadir ilinadi:

– …bir piyola choy bilan shu shirinlikni yeb ol!

Keyin men ham jilmayib aytaman:

– Ena, enajonim, siz farishta ayolsiz…

Yana o‘qing:  Koreya – O‘zbekiston: salomatlik borasida samarali hamkorlik

Darvoqe, ushbu qoralamaning sarlavhasi borasida… To‘g‘risini aytsam, maqolaga bundan ulug‘vorroq sarlavha topolmadim. Aslida ham dunyoda onadan ulug‘roq zot yo‘q!

Faxriddin HAYITOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: