Kichkintoylar salomatligiga kamarbasta oila

Bola kulgusi bilan xonadon quvonchga to‘ladi. Yaxshi niyatlar, oydin orzular quloch yozadi. Umr mazmuni, ko‘ngil zavqi – farzand hayot davomiyligini ta’minlaydi. Ayniqsa, bolajon xalqimiz orzu-umidlarini dilbandlarining kamolida ko‘radi. Shu bois, o‘zbek oilalarida norasidasining sog‘lom dunyoga kelishi, parvarishi, jismonan va ma’nan barkamol voyaga yetishiga katta e’tibor qaratiladi.

Biroq, issiq jonning isitmasi bor. Farzand dard cheksa, ota-ona g‘ussaga botadi. Hayot bemazmun fursatlarini “hadya” eta boshlaydi. Dilbandimizni opichlaymizu shifokor huzuriga shoshamiz. Salomatlikka kamarbasta bolalar shifokori farzandimizni darddan forig‘ bo‘lishiga ko‘maklashadi, yana baxtiyor hayot tarziga qaytamiz.

Shifokorlik – mashaqqatli kasb, shu bilan birga inson salomatligiga daxldor ekani bilan xayrlidir. Bolalar shifokori bo‘lish esa undan ham mas’uliyatli. Murg‘ak jismining qayerida og‘riq kechayotgani, dard chekayotganini so‘z bilan ifodalab berolmagan norasidaning xastaligini aniqlash, tashxis qo‘yish, unga bolalarcha munosabat bildirish, og‘riqdan bezovtalanayotgan go‘dakning nigohiga boqish, yig‘laganda ovutish vrach-pediatrdan yuksak sabot va fidoyilik talab etadi. Xasta bolaning dardi barham topib, beg‘ubor yuzlarida tabassum yugurganida u cheksiz zavqqa to‘ladi.

Buxoro viloyati Kogon tumani tibbiyot birlashmasi bosh pediatri Mirzo Rajabov ana shunday jonkuyar bolalar shifokoridir.

1976 yilda umumta’lim maktabini a’lo baholarda tugatib, Toshkent pediatriya institutida tahsil olgan M.Rajabov oliy o‘quv yurtidan so‘ng shifokorlik faoliyatini Navoiy viloyati 1-sonli bolalar klinikasida boshladi. Tibbiyot muassasasida ilk ustozi M.Fayziddinovadan kasbning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi.

1990 yil Kogon tumani tibbiyot birlashmasida uning tashabbusi bilan bolalar reanimatsiyasi bo‘limi tashkil qilindi. Mirzo Rajabov 2000 yilgacha mazkur bo‘limning boshlig‘i sifatida faoliyat yuritdi. Bugungi kunda u 20 o‘rinli bolalar bo‘limining mudiri bo‘lib ishlamoqda. Tajribali, tashabbuskor, jonkuyar shifokor o‘tgan yillar davomida tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasiga qarab joy-joyiga qo‘yish, tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida samarali mehnat qilib kelmoqda. Faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar tayyorladi. G‘ayrat Yodgorov, Umid G‘ofurov, Aziza Ahrorova ustozining izidan borib, el farzandlari salomatligini saqlashda beminnat xizmat qilayotir.

Quvonarlisi, Mirzo akaning turmush o‘rtog‘i Mavjuda opa Qurbonova ham bolalar shifokori. Oilada ham, ishda ham bir-biriga hammaslak, hamfikr.

Yana o‘qing:  Tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik

– Bolalar shifokorining qalbi avvalo, boladek beg‘ubor, sof bo‘lishi joiz. Kichkintoy bemorlarning nigohi ziyrak, – deydi Mirzo aka Rajabov kasbga munosabat borasida so‘z yuritib. – Ularga yuzingizda tabassum bilan boqib, shirin so‘z bilan bola ko‘nglini olishingiz kerak bo‘ladi. Kichkintoy sizning tibbiy tekshiruvingizga xayrixohlik bildirmasa, ikki bora qiynalasiz. Demak, shifokorlik kasbiga munosabat bemor bilan muomaladan boshlanadi. So‘ngra esa tibbiy tekshiruv va davo choralari qo‘llaniladi.

Kasbimdan quvonadigan yana bir jihat, odamlar doimo bizni o‘ziga yaqin do‘st tutadi, salomatligini bizga ishonadi. Ba’zan yarim tunda ham bemor farzandini bag‘riga bosib darvoza hatlab keladi. Shunday holatlar ham bo‘lganki, to‘satdan og‘irlashib qolgan bemor bolaning otasi darvozani qoqib vaqt sarflamasligi uchun tun yarmida devor oshib xonadonimizga kirib kelgan. Bu vaziyatlardan hech qachon og‘rinmaymiz. Chunki, kasbimiz ham, insoniy burchimiz ham shuni talab etadi.

Bugun mamlakatimizda onalik va bolalik muhofazasi borasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Kogon tibbiyot muassasasining bolalar bo‘limi ham Salomatlik-3 loyihasi doirasida 8 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini hayotga tadbiq etish bo‘yicha yangi yotoq mebellari, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun sovitgichlar bilan jihozlandi.

Shifokorlar oilasiga tumanda hamma havas bilan qaraydi. Bu havas ortida ko‘p yillik mehnat, jamoat ishlarida ham faollik, farzandlar salomatligiga kamarbastalik, kamtarinlik va samimiylik kabi yuksak insoniy fazilatlar mujassam.

–Umr yo‘ldoshim bilan hayotning pastu baland dovonlaridan birga oshib kelyapmiz, – deydi Mavjuda opa oila haqida gapirarkan. – Shu baxtiyor kunlarga shukrona aytaman. O‘g‘limiz Maqsudjonni birgalikda ulg‘aytirdik. U oliy o‘quv yurtida tahsil olib, el-yurt himoyasi yo‘lida xizmat qilmoqda. Kelinim Zebiniso Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika instituti talabasi. Ularni ham doimo oilani muqaddas qo‘rg‘on sifatida asrab-avaylashga o‘rgataman. Nimagaki, oshyonini obod tutgan, poydevorini mustahkam yaratgan oila egalari bag‘rida ulg‘aytirgan, tinchlik va farovonlik hadya etgan Vatanning qadriga yetadi, yurtning ravnaqiga hissa qo‘sha oladi.

Mirzo aka va Mavjuda opa ikki nafar nabiraning suyukli bobosi va buvisi. Mehrangiz va Mirshodjonlar Kogon shahridagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilaridir. Ularning bola qalbiga quloq tutib, orzulari haqida so‘rasangiz, kelajagini bobosi va buvisi kabi shifokorlik kasbida ko‘radi.

Yana o‘qing:  Xarid qilgan MAHSULOTINGIZ SIFATLIMI?

El aro ezgulik ulashib yashayotgan kishilarni, xalqimiz oftob odam deyishadi. Ana shunday insonlar bor ekan, dunyoda ezgulik boqiy yashaydi. Mirzo aka va Mavjuda opa qalbida quyoshi bor insonlar. Bu quyosh hali nur taratib, ko‘ngillarni ilitib, bolalar yuziga tabassum baxsh etaveradi. Zero, bola kulib tursa, xonadonimizdan quvonch arimaydi.

Faxriddin HAYITOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: