XABARLAR, YANGILIKLAR, VOQEALAR (2014/24)
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 5-6 iyun kunlari yurtimizda tashkil etilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zahiralari” mavzuidagi xalqaro konferensiya yuksak saviyada o‘tkazildi. Mazkur anjumanda 40 ta mamlakat va 20 ta xalqaro tashkilotlardan 200 nafardan ziyod mehmonlar ishtirok etdi.
- Toshkent shahridagi “Lokomotiv” istirohat bog‘ida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida hamda 5 iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Ekohaftalik – 2014”ning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
- Poytaxtimizda “Namunali harbiylar oilasi” an’anaviy ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudida sohaga tegishli yangi qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ularni fuqarolarga yetkazish hamda tizim faoliyatiga joriy qilinayotgan yangiliklarga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
- Toshkent Fotosuratlar uyida milliy matolar ko‘rgazmasi boshlandi.
- Oltinko‘l tumanida yangi – “Oltin sohil” madaniyat va istirohat bog‘i ish boshladi. Ushbu oromgoh Sog‘lom bola yilida farzandlarimiz uchun munosib tuhfa bo‘ldi.