Yozgi ta’til imkoniyatlari
Yozning shukuhi, tarovati o‘zgacha. Ehtimol shuning uchundir, har kim bir yil avval tuzgan rejalarini yoz oylarida amalga oshirishga intiladi. Kimdir tog‘li hududlarda dam olishni ma’qul ko‘rsa, yana kimdir qiziqarli sayohatni rejalashtiradi. Yil davomidagi ta’lim, yozgi imtihonlardan biroz horigan o‘quvchi-yoshlar esa tog‘ yon bag‘rilariga, favvora va suv havzalari bo‘ylariga, turli oromgohlarga oshiqishi tabiiy. O‘quvchi-yoshlarning dam olish kunlari mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda bu yilgi yoz mavsumida 950 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatib, ushbu dam olish maskanlariga 281 ming 342 nafar bola qamrab olinadi. Buning zamirida esa kelajak avlodning sog‘lom va aqli raso bo‘lib kamol toptirishdek ezgu maqsad mujassam.
Tibbiy jihatdan ma’lumki, to‘g‘ri tashkil etilgan hordiq kishining toliqqan asablarini tinchlantirib, ham jismoniy, ham ruhiy charchoqning bartaraf etilishiga yordam beradi. Ta’tilni maroqli o‘tkazgan bolalar uchun esa navbatdagi o‘quv yilini muvaffaqiyatli boshlashiga zamin hozirlaydi. Ahamiyatlisi, ayrim o‘quvchi-yoshlar yozgi ta’tilni turli oromgohlarda yoki ko‘pgina to‘garaklarda, bilim maskanlarida, usta-hunarmandlarning huzurida hunar o‘rganish bilan o‘tkazmoqda.
Abbosjon ham ta’tilning ilk kunlarida usta-naqqosh Saidkomil Xo‘jayevga shogirdlikka tushdi. U poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 44—umumta’lim maktabi o‘quvchisi. Naqqoshlikka mehr bergan boladan usta huzuriga oshiqish sababini so‘raganimizda, ta’til hunar o‘rganishda yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidlab o‘tdi. Ustiga-ustak yosh bo‘lishiga qaramay “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan, bobomeros hunarning to‘rtinchi avlodi bo‘lmish Saidkomil Xo‘jayevning bolalarga qunt bilan hunar o‘rgatib borishi unda bu kasbga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga zamin hozirladi.
Saidkomil aka hozirgi kunda “Barkamol avlod” Respublika Bolalar badiiy ijodiyot markazida o‘quvchilarning ta’tili mazmunli o‘tishida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Ochig‘i ustaning ish faoliyati bilan tanishish chog‘ida ta’til kunlarida markaz faoliyati qandayligi bilan ham qiziqdik.
Markazda bo‘lganimizda bu yerda o‘quvchilarning gavjumligi e’tiborimizni tortdi. Kimdir tikuvchilik to‘garagiga qatnayotgan bo‘lsa, yana kimdir raketalarni modellashtirish bo‘yicha ustozlardan saboq olmoqda. Qisqasi, bu yerda Abbosjonga o‘xshagan qiziquvchan o‘g‘il-qizlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
– “Barkamol avlod” Respublika Bolalar badiiy ijodiyot markazi tomonidan tashkil etilgan “Badiiy ijod”, “Texnika”, “O‘lkashunoslik va ekologiya” yo‘nalishlaridagi jami 36 ta to‘garak tashkil etilgan deydi, – ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yo‘ldoshbek Akbarov markazning yozgi mavsumdagi faoliyati bilan tanishtirar ekan. – Mazkur dargohda yetti yuzdan ortiq o‘quvchilarning qamrab olingani va har bir to‘garakning uzluksiz faoliyati bolajonlarimizning ta’til kunlarini to‘g‘ri tashkil etilayotganidan dalolat beradi.
Psixologlarning ma’lumotiga qaraganda dam olish kunlarini o‘zi sevgan mashg‘ulotlari bilan o‘tkazish bola uchun eng yaxshi va unumli hordiq sanalar ekan. Zero, bu jarayonda bola zavq-shavq bilan harakat qiladi. Butun ijobiy quvvatini shunga safarbar etadi. Bu jarayonda esa turli yangiliklar kashf etilishiga yoki muvaffaqiyat qozonilishiga zamin yaratar ekan.
Aslida kutilmagan ixtirolar ham shu jarayonning mevasi. Shu o‘rinda usta-naqqosh Saidkomil akaning so‘zlarini keltirib o‘tsak:
– Shogirdlarimni kuzata turib, ularning zavqlanib ishlayotganlariga guvoh bo‘laman. Nafis naqshlarga ishlov berayotganida shu qadar berilib ketadiki, ba’zan atrofdagilarni, xonaning issiqligini ham unutib qo‘yishadi. Dars soatimiz belgilangan bo‘lsada, o‘quvchilar uyga shoshilmaydi. Boshlagan ishni tugallashga intiladi. Bundan ko‘rinadiki, yoshlarimiz shijoatli va intiluvchan. Bu qiziqishni esa biz kattalar o‘z vaqtida ilg‘ay olishimiz yoki unga yo‘nalish berishimiz lozim.
Chindan ham ustaning shinamgina ustaxonasidagi jarayon – o‘quvchilarning yozning issiq kuniga qaramay yog‘ochga mehr ila ishlov berishini ko‘rib, insonning o‘z qiziqishi va orzularini ro‘yobga chiqarishda vaqtning ahamiyati yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, ularning yoshi, ruhiyatiga qarab tuzilgan dars soatlari esa berilgan topshiriqlarni tezda o‘zlashtirishga yordam beradi.
– Bola tabiatan qiziquvchan, yangiliklarga o‘ch bo‘ladi, – deydi psixolog Shohida Usmonova. – Ana shunday yangiliklar sari ularni yo‘naltirish, iste’dodlarini kashf qilish orqali qobiliyatlarini shakllantirish biz kattalarning vazifamizdir. Chunki, tajribasiz bola hayotda o‘zidagi qobiliyatlarni ko‘p ham ilg‘ayvermaydi. Bola faqatgina o‘rganib borish natijasida taraqqiy etadi, kamol topadi. Farzandlarimizning har bir o‘tayotgan kuni uning ham aqlan, ham jismonan ulg‘ayib borishiga xizmat qilishida ota-onalarning o‘rni katta. Zero, bolalarning ta’limga, kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarining ortib borishini inobatga olib, ularning bo‘sh vaqtlarini va dam olishini to‘g‘ri tashkil etishga ko‘mak berish birinchi masala bo‘lsa, ularning bandligi, doimo nazoratdaligi nafaqat jamiyatda, balki oilada ma’naviy barqarorlikka zamin yaratishi ikkinchi masala hisoblanadi.
– Farzand tarbiyasining nozik jihati bu bolaning bo‘sh qolishi, – deydi o‘zini Mukambar opa deb tanishtirgan zangiotalik ayol. – Zero, bekorchilik ortidan oilaga turli yot illatlar o‘rmalay boshladi. Shuning uchun ikki nabiramning qobiliyati va qiziqishini inobatga olib, ularni zargarlik yo‘nalishidagi to‘garakka biriktirmoqchiman. Bu ularning ta’til kunlarini hamda darsdan tashqaridagi kunlarining mazmunli o‘tishiga yordam beradi.
Vaqt – berilgan imkoniyat va kelajakka qo‘yilayotgan ulkan sarmoya. Uni qanday sarf etish esa har bir kishining o‘ziga bog‘liq. Ammo vaqtning qadrini anglay bilish va undan to‘g‘ri foydalanishni bolalikdan, yoshlikdan o‘rgatib borilsa, ayni muddao bo‘ladi. Shuni unutmaslik lozimki, yozgi ta’til bolalarning dam olish onlari bo‘lishi bilan birgalikda ulkan kashfiyotlar debochasi bo‘lishi hamdir.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“So‘g‘lom avlod” muxbiri