FIRIBGARLAR FOSH BO‘LDI
Bu hayotda har kim turlicha hayot kechiradi. Kimdir oilasining farovonligi uchun kechayu-kunduz tinim bilmay mehnat qilib, farzandlariga halol luqma yedirishni afzal bilsa, yana bir toifa kimsalar esa o‘zgalar mehnati, peshona teri evaziga topilgan daromaddan firibgarlik yo‘li bilan foydalanish payida bo‘ladi.
R.Rahimov (ism-familyalar o‘zgartirilgan) ana shunday yengil yo‘l bilan pul topishga ishqiboz kimsa bo‘lib chiqdi. O‘zgalar ishonchiga kira oladigan bu shaxs tanishlariga o‘zini “Noturar joy binolardan foydalanish” departamenti xodimi deb tanishtiradi. Uy-joy masalasida yordam berish maqsadida yangi tanishlariga ijara shartnomasini tuzib berishni va’da qilib, mansabdor shaxslarga yordami uchun pul berishim kerak deb mo‘may daromad orttirib yurdi. Ma’lum bo‘lishicha yuqorida qayd etilgan maqsadda fuqaro J.Xoliqovdan 75 000 so‘m olib o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, R.Rahimovning kirdikorlaridan xabar topgan ichki ishlar xodimlari uni kuzatish jarayonida fuqaro D.Soliyevga ijara shartnomasini tuzib berishni va’da qilib, 100 000 so‘m pulni pora sifatida olayotgan vaqtda qo‘lga olishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, R.Rahimov binolardan foydalanish departamentida mutaxassis sifatida bir necha yillar ishlagan, ammo bu safar u o‘sha yerda ishlayotgan tanishiga hujjatlarni tayyorlab berish uchun borgan edi. Aslida tadbirkorlardan xujjatlarni qabul qilib olishga uning haqqi ham, huquqi ham yo‘q edi. Biroq, u yerga kelgan D.Soliyev R.Rahimovdan hujjatlarini rasmiylashtirib berishini so‘raganida u departament orqali emas, kadastr orqali rasmiylashtirishga yordam berishini va kerakli hujjatlar ro‘yxatini aytadi. Hujjatlarni olib kelgan D.Soliyev to‘lov 53780 so‘m ekanini bilgach, R.Rahimovga tezroq ishini bitirib bersa, unga qo‘shimcha 45000 so‘m pul berishini aytadi.
Dastlabki tergov vaqtida D.Soliyev tijorat qilish maqsadida ijaraga do‘kon qidirib yurgan vaqtida tanishi Komilni ko‘rib qolganini ma’lum qildi. Ijaraga do‘kon yo‘qmi, deganida unga Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish bozorida kiyim-kechak sotish uchun mo‘ljallangan do‘kon borligini undan birgalikda foydalanishsa egasiga ijara narxini arzonroq qilishini so‘rashini aytadi. Bu ishga yana bir necha tekintomoqlar qo‘shiladi. Aytilgan manzilga kelgan “do‘kon egasi” o‘zini Sora deb tanishtirgan ayol, uch nusxada shartnoma qog‘ozini to‘ldirishlarini aytib, ularni yana bir yigit bilan tanishtiradi. U yigit hammasini xo‘jayini Rustam aka barcha to‘lovlar amalga oshirilgach hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirishini tushuntiradi. Ammo bularning bir ozgina xarajati bor, deydi u muloyimlik bilan. Oradan biroz vaqt o‘tgandan keyin D.Soliyevga qo‘ng‘iroq bo‘lib, hokimiyatdan telefon qilishayotganini, tezda aytilgan manzilga kelib to‘lovlarni amalga oshirmasa ishi oldinga yurmasligini ma’lum qiladi. U o‘sha yerga borganida bir yigit o‘zini Rustam deya tanishtiradi. U Yunusobod tumani “Noturar joylarni hisobga olish departamenti” boshlig‘i ekanligini aytadi. Hujjat haqida so‘raganida unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul, eng kam ish haqining bir barobari miqdorida, deydi “hojatbaror” yigit. Shuni to‘laganidan keyin bir necha kun kutishini, agar tez bitishi kerak bo‘lsa, yana bir oz qo‘shishini aytadi. Yana bir oylik ijara haqini 200 AQSH dollariga kelishishganini tushuntiradi. D.Soliyev buncha pulni to‘lay olmasligini 50 000 so‘m berishini aytganida Rustam unga 100 000 so‘m berasiz deydi. Mijoz ish bitdi, xarajatini to‘lab keting, degan qo‘ng‘iroqqa uzrli sabab bois javob bera olmaydi. Xullas ish pishmaganidan keyin “hojatbaror” yigit D.Soliyevning ishini turli bahonalar bilan keyinga qoldiraverdi.
Ko‘p qavatli uylarning xonadonlarini noqonuniy tarzda hujjat to‘plab ijaraga berish bahonasida mol-dunyo orttirishni ko‘zlagan bunday kimsalar afsuski, oramizda ko‘plab topiladi. Nahotki, ular “Qing‘ir ishning qiyig‘i” kun kelib albatta fosh bo‘lishini xayoliga ham keltirmasalar?
Firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan R.Rahimov bugun o‘z qilmishiga yarasha jazosini oldi.
D.Abdullayev,
Yunusobod tuman prokurori katta yordamchisi
M. Xo‘jamurodova,
“Sog‘lom avlod” muxbiri