Yurtimiz nozu ne’matlari – darmondorilar xazinasi
Grechixa yormasi kamqonlikda foydali deyishadi? Bu yorma yana qanday kasalliklarga davo? Undan bolalar uchun parhez taomlar tayyorlasa bo‘ladimi?
Feruza Sindarova,
Toshkent shahri
Grechixa yormasi tarkibida temir moddasi mavjud. Shuningdek, fosfor, kalsiy, kaliy, bor, rux va bir oz miqdorda yod moddasi ham uchraydi. Yana PP, B1B2darmondorilari ham grechixaning shifobaxsh xususiyatini oshiradi. Klechatka (dag‘al tola) va oqsil me’da-ichak tizimida yaxshi o‘zlashtiriladi. Dag‘al tolali klechatka ichaklar peristaltikasini (harakatini) yaxshilaydi. Temir moddasi qon tarkibidagi gemoglobin miqdorini oshiradi va anemiya (kamqonlik)ning oldini oladi. Shuningdek, gipertoniya (xafaqon), ateroskleroz jigar xastaliklarida grechixa yormasidan shifobaxsh taomlar tayyorlash mumkin. Yorma tarkibidagi rutin moddasi qon tomirlar devorini mustahkamlaydi. Qon oqishni to‘xtatadi. Vena qon tomirlariga ijobiy ta’sir etadi. Misol uchun, bavosil (gemorroy) va vena qon tomirlari kengayishida shifobaxsh hisoblanadi. Biriktiruvchi to‘qimalardagi mayda qon tomirlar (kapillyar)larni tiklaydi. Ayniqsa, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar va ortiqcha vazndan qiynalayotgan kishilar ham grechixa yormasidan parhez taomlar tayyorlab iste’mol qilishlari zarur. Chunki, uning tarkibida uglevodlar miqdori kam bo‘ladi. Bunday bemorlar non va kartoshka o‘rnida ham grechkali taomlarni tanovul qilishlari kerak. Grechixaning yana bir xususiyatiga e’tibor qaratish joiz, ya’ni bu yorma organizmdan ortiqcha xiltlarni chiqarib tashlaydi. Havo tarkibidagi og‘ir metallar ionlari organizmga tushgan bo‘lsa, ularni ham grechka o‘ziga shimib oladi va zararsizlantirib, tanadan chiqarib yuboradi. Ayniqsa, shahar sharoitida havo tog‘niki kabi musaffo bo‘lmaydi.
Bolalar va kattalar uchun ham grechixadan turli sutli va suvda dimlab pishirilgan va saryog‘ solingan bo‘tqalar tayyorlab beriladi. Shuningdek, grechkadan palov ham damlash mumkin. Grechka unidan oladi (quymoq) ham tayyorlasa bo‘ladi. Ortiqcha vaznga ega kishilar kechqurun 1 stakan yog‘siz qatiqqa bir osh qoshiq grechixa yormasidan solib, ertalabgacha ivitib qo‘yishlari zarur. Nahorda och qoringa bu mahsulot iste’mol qilinadi. Oradan ikki soat o‘tib nonushta qilish mumkin. Har kuni qatiq va yorma miqdorini oshirib, qirq kun davomida ozish muolajalari o‘tkaziladi.
Grechixali oladi (quymoq)
Sirli idishga 1 litr suv quyiladi. Iliq suvga 40 gr. xamirturush (drojja) solinadi va 500 gr. un ham aralashtiriladi. Iliq joyga ikki soat davomida qo‘yiladi. Suyuqroq xamir ustiga 3 dona tuxum, 100 gr. shakar va yarim kilo grechixa uni solinadi. Ta’bga ko‘ra grechixali oladiga turli ko‘katlar, sarimsoqpiyoz ham solish mumkin. Agar oladi shirinroq bo‘lsin desangiz unga yuvilgan mayiz yoki go‘shtqiymalagichdan o‘tkazilgan turshak soling. Bunday quymoqni bolajonlar suyib ist’yemol qiladi. Grechkali oladilar kamqonlik profilaktikasida qizil lavlagili salat, jigar, mayiz yoki yong‘oq, asal va turshak aralashmasidan tayyorlangan ma’jun (100 gr. tog‘ asaliga 100 gr. mayiz va yana shuncha miqdorda yong‘oq hamda turshakni go‘shtqiymalagichdan o‘tkazib undan kattaligi kichikroq sharchalar yasaysiz) dan kam ta’sir qilmaydi. (Ma’jun – tarkibida bir nechta dorivor vositalar mavjud bo‘lgan murakkab dori). Grechixali quymoqni tayyorlashda tovaga yog‘ quyish kerak emas, balki yog‘ni tovaga surtish zarur. Chunki, quymoq yog‘da qovurilsa, grechka taxir ta’mli bo‘lib, taom sifati buziladi. Quymoqning ikki tomonini qizartirib olish kerak. Yog‘ surtilgan tovaga suyuq quymoqni solib pishirasiz.