Nodiraning noyob qobiliyati

O‘zbek ayollari azaldan nafaqat o‘zlarining go‘zalligu nafosatlari, balki aqlu farosatlari bilan ham dunyoga ma’lumu mashhur bo‘lishgan. Barchinoyu To‘marislar, Nodirabegimu Uvaysiylar haqida ortiqcha ta’rifu tavsif qilishning keragi yo‘q.

Bugungi kuda mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning asosiy bo‘g‘ini – farzandlarimizni ham ma’nan ham jismonan yetuk qilib voyaga yetkazishdir. Zero, farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur.

Sog‘lom farzand esa sog‘lom onadan dunyoga keladi. Shu sababdan yurtimizda sportga, ayniqsa, ayollar sportini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Uch bosqichli sport o‘yinlarining tashkil etilishi ham mamlakatimiz yoshlarini to‘liq sport bilan qamrab olish, ularni sog‘lom turmush tarziga oshno qilish yo‘lida olg‘a tashlangan dadil qadam bo‘ldi. Mazkur sport o‘yinlari sportchi o‘quvchilar uchun tom ma’nodagi pillapoya vazifasini o‘tab bermoqda.

Uch bosqichli sport o‘yinlarining asosiy bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadigan “Barkamol avlod” sport musobaqalari ham sportchilarimiz uchun ana shunday mahorat maktabi bo‘lib kelmoqda. “Barkamol avlod” sport o‘yinlariga kiritilgan sport turlari orasida “aql gimnastikasi” deya e’tirof etiladigan shaxmatning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Zero, insonning zehni qanchalar o‘tkir bo‘lsa, uning kelgusi hayotida shuncha ko‘p yordami tegadi. Shaxmat esa o‘z navbatida aqlni charxlash va zehnni oshirishga yordam beruvchi sport turidir. So‘nggi yillarda yurtimizda shaxmat bo‘yicha qizlar o‘rtasida ham qator xalqaro chempionlar yetishib chiqayotgani mamlakatimizda ushbu sport turining naqadar ommalashayotganidan dalolat beradi. Nafisa Mo‘minova, Irina Gevorgyan, Gulruhbegim Tohirjonova, Sarvinoz Qurbonboyeva kabi ko‘plab shaxmatchi qizlarimiz orasida Nodira Nodirjonovaning ham o‘ziga yarasha o‘rni bor.

Nodira Nodirjonovani birinchi ko‘rganimda uning mayingina tabassumi, ko‘zlarida balqib turgan o‘ziga va yurtining ertasiga bo‘lgan ishonchi hali bu qizcha butun dunyoga dovrug‘i ketgan sportchi bo‘lishini aytib turardi.

– Nodira bolaligidan hisob-kitobga qobiliyati borligini ko‘rsata boshladi. Shu sababdan uni 6 yoshda shaxmat bilan shug‘ullantirishni boshladim, – deydi biz bilan suhbatda Nodiraning otasi Abdurahmon Nodirjonov. – Shaxmatga bo‘lgan qiziqish esa uni tinmay mashq qilishga undardi.

Intiluvchan va tirishqoq Nodira tez orada o‘zini ko‘rsata boshladi. Uch bora O‘zbekiston chempioni, ko‘plab xalqaro shaxmat musobaqalari sovrindori, 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida 3-o‘rin sohibi (2005, 2006 yillar), 2010 yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan XVI Osiyo o‘yinlari kumush medal sohibi kabi ko‘plab yutuqlari uning tinimsiz mehnatlari samarasidir.

Yana o‘qing:  Eng yaxshi tibbiy muassasasi: e’tirofga qanday erishiladi?

– 2008 yilgi “Barkamol avlod” uyinlaridagi ishtirokim men uchun juda katta yutuq bo‘ldi, – deydi Nodira Nodirjonova, – Zero, bunday musobaqalar sportchini toblaydi. O‘zini erkin tutishga, katta musobaqalarda hayajonlanmaslikka o‘rgatadi. Men o‘sha vaqtlarda O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga endi kelgan vaqtim, hali katta musobaqalar haqida unchalik tushunchaga ega emasdim. “Barkamol avlod” o‘yinlari esa menga haqiqiy tajriba maktabi bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, mazkur musobaqa davomida mamlakatimizda biz yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni yana bir bor chin yurakdan his qildim. Bu esa keyingi g‘alabalarimga qanot bo‘ldi.

Nodira qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan chegaralanib qolmay, o‘z ustida tinimsiz ishlashda davom etdi. Buning natijasi o‘laroq, 2012 yil o‘tkazilgan Markaziy Osiyo Kubogi musobaqalarida ayollar o‘rtasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Nodiradagi g‘alabaga bo‘lgan intilish, o‘z ustida tinimsiz ishlashini ko‘rib unga havasim keladi, – deydi Nodiraning terma jamoadagi ustozi Vladimir Yegin, – U har doim xotirjamlik va bosiqlik bilan harakat qiladi. Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi g‘alabalarining asosiy omilidir.

Nodira Nodirjonova 2012 yili dunyo shaxmatchilari tasnifida O‘zbekistonning 2-raqamli shaxmatchisi deya e’tirof etildi. Bu esa qilingan mehnatlar samarasidir.

Jahon, Osiyo chempionatlari, Butunjahon Shaxmat Olimpiadasining doimiy ishtirokchisi bo‘lgan Nodira Nodirjonova bugungi kunda oilaviy hayotida juda baxtli. Sportdan topganlarini, o‘rganganlarini hech qachon unutmaydi. Kelajakda uning tajribali murabbiy bo‘lib yana shaxmatga qaytishiga tilakdoshmiz.

Gullar shahri bo‘lmish Namanganda boshlangan “Barkamol avlod” sport musobaqalari esa yana ko‘plab iste’dodlarni kashf etishiga ishonamiz. Bu yurtning o‘tmishi buyuk, buguni buyuk va albatta kelajagi ham buyuk bo‘ladi.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: