Polvonim, orim, g‘ururim

…Yahyo bolaligidanoq tengdoshlari bilan kurash tushib, g‘olib bo‘lib, sevinchi ichiga sig‘may, yugurib kelardi… Uning zavqqa to‘lib xursand bo‘lishidan “Polvonim, orim, g‘ururim”, deb erkalardim, – deya yodga oladi o‘zida faxr hissini tuygan Yahyo Imomovning otasi Qurbonmurod polvon.

Qurbonmurod polvon Surxon vohasida dong‘i ketgan kurashchilardan. U o‘g‘lini bolaligidan turli musobaqalarga olib borar, shu tariqa unda sportga mehr uyg‘otishga intilar, kurashchi sifatida yetisha olmagan orzulariga erishishini istardi.

Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari final bahsining kurash musobaqalarida Respublika olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Yahyo Imomov o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Mazkur g‘alaba yosh polvonning kelgusi faoliyatidagi ulkan g‘alabalariga poydevor bo‘ldi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan joriy etilgan uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari minglab sportsevar yoshlarimizga bir olam quvonch, g‘alaba nashidasini, unutilmas lahzalarni hadya etadigan, ularning orzularini ro‘yobga chiqaradigan, hayot yo‘lini belgilab beradigan tom ma’noda yoshlik, barkamollik bayramiga aylandi.

Hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 3-bosqich talabasi Yahyo Imomov ana shu musobaqalarda tajriba va mahorat oshirib, bugun xalqaro maydonlarda O‘zbekiston yoshlarining hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini namoyon qilayotgan sportchilarimizdan biridir.

U Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga qabul qilingach, ustozi – tajribali murabbiy Murod Do‘simbetovdan kurash va dzyu-do sirlarini qunt bilan o‘rgana boshladi. Jismoniy va texnik mashg‘ulotlarda toblangan polvon tez orada yaxshi natijalarga erishdi. Kurash bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston birinchiliklarida g‘olib bo‘ldi. Dzyu-do bo‘yicha ham mamlakat chempionatlarida muntazam ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

– Har bir sportchi nufuzli musobaqalarda Vatani sharafini himoya qilishni orzu qiladi. “Barkamol avlod” o‘yinlaridagi g‘alabam ana shu orzularimning ushalishida alohida ahamiyatga ega, – deydi Ya.Imomov. – Negaki, ushbu sport o‘yinlarida ishtirok etish har bir sportchi uchun o‘ziga ishonch, yuksak maqsadlar sari intilish hissini oshiradi, desam yanglishmayman.

Yahyo Imomov 2008 yili Turkiyada kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon birinchiligida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Dzyu-do bo‘yicha tajribali murabbiy Andrey Shturbabin boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2011-2012 yillarda Toshkentda va Chexiyaning Praga shahrida o‘tgan jahon kubogi musobaqalarida bronza va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Poytaxtimiz mezbonlik qilgan Osiyo chempionati, London Olimpiadasi uning sportchi sifatida toblanishida o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi.

Yana o‘qing:  SAMARALI TIBBIY XIZMAT: ELGA HIMMAT

O‘tgan yil ham Yahyo uchun juda omadli keldi. U Fransiyada o‘tgan dzyu-do bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumidagi xalqaro turnirda g‘olib bo‘ldi. Buxoroda o‘tgan talaba-yoshlarning Universiada sport o‘yinlari va Rossiyada tashkil etilgan XXVII Jahon universiadasida shohsupaga ko‘tarildi. Toshkent, Dubay shaharlarida o‘tkazilgan Gran-pri turkumidagi xalqaro musobaqalarda sovrindor bo‘ldi.

Mohir polvonning yurtimiz sporti rivojiga qo‘shgan hissasi Prezidentimiz tomonidan munosib baholandi. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 23 avgustdagi farmoniga binoan Yahyo Imomov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Ayni paytda Ya. Imomov dzyu-do bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida nufuzli xalqaro turnir va chempionatlar, shuningdek, joriy yilning 19 sentyabr – 4 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tadigan XVII Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yurtimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘plab sportchilarimiz qatori Yahyoning ham orzulariga mustahkam qanot bo‘ldi.

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: