“Salomatlik – 2020”: O‘zbekiston tajribasi yetakchi

“Poytaxt” biznes-markazida “Salomatlik – 2020” maqsadlariga erishish: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Ma’lumki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan inson salomatligi va bo‘lajak nasllar kamolotiga salbiy ta’sir etayotgan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yo‘naltirilgan “Salomatlik – 2020” strategiyasi ishlab chiqilgan.

Mazkur strategiya doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, milliy va xorijiy eks­pertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida ham o‘z aksini topgan “Sog‘­lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan milliy dastur hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. Tibbiyot muassasalarini modernizatsiyalash, jahon ilm-fani yangiliklarini amaliyotga keng joriy etish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda sog‘liqni saqlash tuzilmalari bilan bir qatorda ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari ham faol ish olib borayotir.

– O‘zbekiston inson salomatligi va kamolotiga yo‘naltirilgan sarmoya va e’tiborni doimiy oshirib borayotgan davlatlardan biridir, – deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi vakili, doktor Agis Souros. – Yurtingizda kasalliklarning oldini olish, tibbiy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, onalik, bolalikni muhofazalash borasida o‘ziga xos tajriba orttirilgan. “Salomatlik – 2020” strategiyasini joriy etish borasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ilg‘or tajribani o‘rganish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash jamiyatni yanada ravnaq toptirish va inson salomatligini muhofazalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Buning natijasida xalqimizning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichini uzaytirish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish, sanitariya-epidemiologiya muhitini barqaror saqlash, kasalliklarning oldini olish va samarali davolashga erishilmoqda. Tibbiy-ijtimoiy sohada erishilayotgan bunday yutuqlar xalqaro miqyosda ham munosib e’tirof etilmoqda.

Xo‘sh, “Salomatlik – 2020” loyihasi qanday vazifalarni o‘z ichiga oladi? Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Yevropa mintaqasi Mintaqaviy qo‘mitasi 63-sessiyasida O‘zbekiston ham qator manfaatdor davlatlar safida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi. Mazkur strategiya qabul qilinganiga deyarli bir yarim yil bo‘ldi. Ayni kunlarda ba’zi mamlakatlarda “Salomatlik – 2020” tashabbusiga asoslangan milliy strategik dasturlar, ayrimlarida esa joriy etilgan sog‘liqni saqlash amaliyoti natijalariga muvofiqlashtirilgan alohida strategiyalar ishlab chiqilib hayotga tatbiq qilinmoqda. Umuman olganda, “Salomatlik – 2020” tashabbusining siyosiy platformasidagi tamoyillar nafaqat Yevropa mintaqasi, balki qator davlatlar sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish yo‘lidagi chora-tadbirlar samarasini kuchaytirishga yo‘naltirilgani uchun muhim ahamiyatga egadir.

Yana o‘qing:  Greypfrutga marhamat!

“Salomatlik – 2020” loyihasi mintaqalarda noinfeksion va infeksion kasalliklarga qarshi kurashish, shuningdek, sog‘liqni saqlash, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy sog‘lomlashtirish, moliyaviy muammolarni hamkorlikda bartaraf qilish kabi asosiy masalalarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda infeksion kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish borasida muayyan tajriba to‘plangan bo‘lib, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha ham qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtgacha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hamkorlar ishtirokida NIKning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha konsepsiya va rejalar loyihasi ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi (YeMB) va Jenevadagi Bosh qarorgohi vakillaridan iborat delegatsiya ishtirokchilari strategiyaning asosiy tamoyillari va uning turli mamlakatlarda joriy qilish tajribalari bilan tanishdi.

Bu yo‘nalishda yetarli tajriba mavjudligini inobatga olib, O‘zbekiston ham JSST YeMBning sog‘liqni saqlash rivojini ko‘zlaydigan “Salomatlik – 2020” strategiyasiga muvofiq birlashtiruvchi yagona maqsadli hujjatni ishlab chiqish va joriy qilish taklifini qabul qildi.

– JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi “Salomatlik – 2020” tashabbusini ijro etishga bel bog‘lagan barcha davlatlarga yordam berishga tayyor, – deydi JSST YeMBning Mintaqaviy direktori Jujanna Yakab. – Biz “Salomatlik – 2020” loyi­hasidagi maqsad va vazifalar faoliyatimizning barcha yo‘nalishlarida ustuvor o‘rin egallashini ta’minlashimiz kerak. “Salomatlik – 2020” tashabbusi nafaqat sog‘liqni saqlash sektorining, balki aholi salomatligini muhofaza qilishni o‘z burchi deb bilgan barcha davlat va nodavlat sektorlarining ezgu maqsadlarini o‘zida ifoda etadi. Hammamiz birlashsak, mintaqalar bo‘ylab aholi salomatligini yaxshilay olamiz, shuningdek, kam ta’minlangan qatlamlar vakillarini baholi qudrat qo‘llab-quvvatlaymiz.

Amaliy ochiq muloqot tarzida o‘tgan xal­qaro anjumanda “Salomatlik – 2020” tashabbusi doirasidagi vazifalarni bajarishda O‘zbekiston katta ijobiy tajribaga ega ekani va mamlakatimizda sog‘liqni saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab boshqa rivojlanayotgan davlatlar uchun namuna bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelindi.

Xalqaro anjumanda “Salomatlik – 2020” strategiyasining asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida erishilayotgan o‘ziga xos natijalar, tibbiy-ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda davlat va jamoat hamda xalqaro tashkilotlar hamkorligi natijalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi, o‘zaro fikr almashildi.

Yana o‘qing:  O'zbekistonim

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: