MARD O‘G‘LONLAR
O‘zbekiston terma jamoasi Turkiya (2007), Argentina (2010) va Rossiya (2012)da o‘tkazilgan jahon chempionatlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 3 karra jahon chempioniga aylandi!
2012 yil Rossiyaning Kaliningrad shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 7ta o‘yin o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi chempionatni samarali yakunladi.
Kuni kecha O‘zbekiston nogiron-amputantlar terma jamoasi finalda Rossiya amputantlar terma jamosi bilan to‘qnashdilar. Hal qiluvchi bahsning birinchi bo‘limida jamoamiz to‘purari Haydarali Tursunboyev tomonidan kiritilgan gol o‘yinda yagonaligicha qoldi. Shunday qilib, hamyurtlarimiz ketma-ket uchinchi marta jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdilar.
Nogiron-amputant futbolchilar o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan jahon chempionati final bahsini Kaliningrad viloyati gubernatori Nikolay Sukanov ham kuzatdi va taqdirlash marosimida ishtirok etdi
– Juda zo‘r o‘yin bo‘ldi. Albatta, bizning jamoa g‘alaba qozonishini istagandik, ammo bugun ular haqiqiy matonat ko‘rsatishdi. Bunday ajoyib futbol o‘ynash har kimga ham nasib qilavermaydi. Sportchilar ko‘rsatgan o‘yin meni hayratlantirdi. Bizning terma jamoaga biroz omad yetishmadi. Lekin bugun stadionga tashrif buyurgan muxlislar futbolchilarimizdan minnatdor bo‘lishdi, — dedi Nikolay Sukanov.
Marosim so‘nggida uchinchi o‘rinni egallagan Turkiya terma jamoasi futbolchilariga 5 ming, ikkinchi va birinchi o‘rinni olgan Rossiya va O‘zbekiston futbolchilariga esa 10 va 20 ming dollarga sertifikat topshirildi.
O‘zbekiston terma jamoasi Kaliningrad viloyati gubernatori Nikolay Sukanov va shahar hokimi Aleksandr Yaroshukka milliy zarbop choponlar hadya qilishdi.
O‘zbek futboliga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni mard o‘g‘lonlarimizning buyuk g‘alabasi bilan tabriklaymiz.
Navro‘z NORBOBOYEV tayyorladi.