Ilm saodati

Sog‘liqni saqlash sohasida dermatovenerolog Komiljon Yo‘ldoshev nomi hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi. Umrining salkam ellik yilini shu sohaga baxshida etgan shifokor, kasbiga qo‘ygan chuqur e’tiqodi tufayli bugun el e’zozida. Tibbiyot fanlari doktori sifatida ilmiy izlanishlar olib borib, 13 ta ixtiro, 12 ta monografiya, besh yuzdan ziyod ilmiy maqolalar muallifiga aylangan.

Dermatovenerolog Komiljon Yo‘ldoshevning faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanmiz, intilish, ishtiyoq va mehnat insonni yuksaklikka ko‘taradi, degan so‘zlar nechog‘li to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lamiz.

1982 yildan Dermatologiya va venerologiya ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim, so‘ngra “Zaxm kasalliklari” bo‘limining mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatib keldi. – Ustoz o‘git va yo‘l-yo‘riqlari insonning hayotda o‘z o‘rnini topishida ma’naviy kuch hisoblanadi, – deydi shifokor ustozlarini xotirlar ekan. – U. Obidov, U. Beluxa, A. Lukyanova, E. Babayans kabi mazkur sohaning yetuk olim va mutaxassislardan ilmiy-amaliy bilimlarimni boyitish bilan bir qatorda ularning ish uslubini o‘rgandim.

Endilikda esa Komiljon Yo‘ldoshev “Dermatovenerologiya” ilmini yangi bosqichlarga ko‘tarishga bel bog‘lab, bu yo‘lda o‘z mehnati, ko‘p yillik tajribasini ayamay, sohada ko‘zga ko‘ringan iqtidorli olimlarning yetishishi yo‘lida yosh mutaxassislarga ustozlik qilib kelmoqda. Uning ushbu sohaga oid olib borgan ilmiy tadqiqotlari, e’lon qilingan ilmiy ishlari, ish jarayonidagi tashabbuskorligi, vaziyatni to‘g‘ri baholay olish kabi xususiyatlari uni 1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Dermatologiya va venerologiya ilmiy tekshirish instituti”ga direktor etib tayinlanishida muhim omil bo‘ldi.

K. Yo‘ldoshev o‘z ilmiy yo‘nalishini zaxmning tarqalishi, diagnostikasi, kasallikning oldini olishni o‘rgatishga qaratdi va ular asosida ishlab chiqilgan tekshirish hamda davolash usullari aholi orasida zahm kasalligini nisbatan kamayishiga olib keldi. Shuningdek, respublikamizning ko‘pgina hududlariga borib, mahalliy sog‘liqni saqlash tashkilotlariga zamonaviy tashkiliy, uslubiy, konsultativ hamda amaliy yordam ko‘rsatib, tanosil kasalliklari, shu bilan bir qatorda zaxmga qarshi kurash borasida ham tajribalari bilan o‘rtoqlashib kelmoqda.

Tajriba almashinuvi muvaffaqiyatlarga zamin hozirlaydi. Shifokor o‘z ma’ruzalari bilan Turkiya, Avstriya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Shveysariyada bo‘lib o‘tgan turli anjuman, simpoziumlarda ishtirok etib, o‘z malaka va tajribasini oshirdi. Shuningdek, Komiljon Yo‘ldoshev tomonidan ko‘tarilgan masalalarning xorijlik olimlar tomonidan e’tirof etilgani hamyurtimizni tibbiyotning mazkur sohasida yetuk bilimdon ekanidan dalolat beradi.

Yana o‘qing:  O‘yinlar fe’l-atvorni shakllantiradi

O‘zbekiston Respublikasi Dermatologlar assotsiatsiyasining a’zosi, Turkiya dermatovenerologlari kengashining faxriy a’zosi, “Dermatovenerologiya va estetik tibbiyot” jurnali tahririyati hamda dermatovenerologiya bo‘yicha muammo hay’ati kotibi bo‘lgan K.Yo‘ldoshev dermatovenerologiyaning rivojlanishi, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun 2013 yilda “Respublika sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shavkat YOQUBOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: