Oila bir chamanzor guliston ichinda

Darvoqe, bu mo‘jazgina baxt koshonasini bir chamanzor guliston ichinda, – deya ta’riflashimizga Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy shahridan tahririyatimizga kelgan bir maktub sabab bo‘ldi. Keling, ushbu maktubni qisqacha hukmingizga havola qilamiz:

“Assalomu alaykum, “Sog‘lom avlod” gazetasi tahririyati!

Men Malaxat Nuriddinovaman, yoshim 35 da. Bir nafar qiz farzandim bor. Sizlarga maktub yo‘llashimdan maqsad, shifokorlar menga boshqa farzand ko‘rmasligimni aytishdi. Har bir ota o‘g‘il farzand ko‘rishni xohlaydi. Turmush o‘rtog‘im iloji bo‘lsa, o‘g‘il bola boqib olaylik, deb maslahat qilgan edi, u kishining taklifi ma’qul keldi. Daromadimiz yetarli, dehqonchilik bilan shug‘ullanamiz. Sizlardan iltimos, farzand boqib olishimiz uchun kimga murojaat qilishimiz va qanday hujjatlar taqdim etishimiz borasida batafsil ma’lumot bersangiz”.

O‘g‘ilmi, qizmi farzandning bori yaxshi. Ammo, maktub egasi oilasining mustahkam va to‘kis bo‘lishi uchun yana bir farzandning boshini silashni niyat qilganiga quvonmoq kerak.

Kim bilsin, balki yana qaysi bir oila shu kabi ezgu ishga bel bog‘lagandir. Axir bag‘rikenglik xalqimizga xos fazilat emasmi?!

Biz esa maktub egasining savoliga javob izlab, mutasaddi idoralar tomon oshiqamiz. Mutaxassislar bu borada nima deydi?

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudi raisi Bahodir Sotvoldiyev bolani farzandlikka olish qay tartibda amalga oshiriladi va kimlar bola asrab olish huquqiga ega, degan ilk savolimizga quyidagicha javob berdi:

– Ayni vaqtda mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish hamda ularni ertamizning munosib vorislari qilib tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada ko‘plab qonunlar, kodekslar va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasiga muvofiq farzandlikka olish faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar alohida ish yuritish tartibida farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Aka-ukalar va opa singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yo‘l qo‘yilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.

Yana o‘qing:  VASIYLIK VA HOMIYLIK

Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlikka olish to‘g‘risidagi arizani farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudiga, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat yoki Toshkent shahar sudiga beradi.

So‘ngra sudga taqdim etish uchun (sud tomonidan beriladi) talab qilingan ro‘yxat bo‘yicha quyidagi hujjatlar arizaga ilova qilinadi:

Nikohda turgan shaxslar(shaxs) tomonidan farzandlikka olinganda – farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasining ko‘chirma nusxasi;

er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinganda – boshqasining roziligi. Agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan bo‘lsa va erning (xotinning) yashash (turgan) joyi noma’lum bo‘lsa, shuningdek bu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi;

nikohda turmagan shaxs tomonidan farzandlikka olinganda – farzandlikka oluvchi pasportining ko‘chirma nusxasi va nikohda turmasligi haqidagi ma’lumotnoma; farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) sog‘lig‘i holati haqida tibbiy xulosa ( ruhiy asab kasalliklari, sil kasalliklari, narkologiya dispanseri, shuningdek OITSga qarshi kurash dispanserining ma’lumotnomalari); farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) ish joyidan egallab turgan lavozimi va ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma yoki boshqa daromad manbalari to‘g‘risida ma’lumotnoma; turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat; fuqaro farzandlikka olishga nomzod sifatida hisobga qo‘yilganligi haqidagi hujjat.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olish to‘g‘risidagi arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 185-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari bola qonuniy vakilining roziligi va bola qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat vakolatli organining roziligi ilova qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olish to‘g‘risidagi arizasiga mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar, shuningdek farzandlikka oluvchi qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat (bola O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan farzandlikka olinayotganda – ushbu shaxslar qaysi davlatda doimiy yashash joyiga ega bo‘lsa, o‘sha davlat) vakolatli organining ularning yashash sharoitlari haqida va farzandlikka oluvchilar bo‘la olish imkoniyatlari haqidagi xulosasi, tegishli davlat vakolatli organining farzandlikka olinayotgan bolaning ushbu davlatga kirishi va mazkur davlat hududida doimiy yashashi uchun ruxsatnomasi, farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi vakillariga farzandlikka olingan bola haqida axborot berish va bola bilan muloqot qilish imkoniyatini berish to‘g‘risidagi notarial tasdiqlangan majburiyati ilova qilinadi. Chet el fuqaroligi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan farzandlikka oluvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Bunda taqdim etiladigan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Yana o‘qing:  Yetakchi bilim maskani

Sudya ishni sudda ko‘rishga tayyorlashda ajrim chiqaradi, unga ko‘ra farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi vasiylik va homiylik organlari zimmasiga farzandlikka olish asosli ekanligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi to‘g‘risida sudga xulosa taqdim etish majburiyati yuklanadi. Vasiylik va homiylik organining farzandlikka olish asosli ekanligi to‘g‘risidagi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosasiga tegishli tartibdagi hujjatlar ilova qilinadi.

Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishni mazmunan ko‘rib chiqib, farzandlikka olish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirish to‘g‘risida yoxud uni qanoatlantirishni butunlay yoki qisman rad etish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni sudning yopiq majlisida ko‘rib chiqadi.

Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.

Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin, qo‘yidagi shaxslar bundan mustasno: ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar. Qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar. Asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar, qonun asosida belgilangan tartibda farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar.

Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lmasligi shart, o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasnodir.

– Kimlar farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslar hisoblanadi?

– Turar joyidan qat’iy nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari, farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs. Aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar. O‘gay ota va o‘gay ona. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari. Kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega bo‘ladi.

Bolani vasiylikka yoki patronatga olishda qanday hujjatlar talab etiladi?

Nilufar Umarova, Toshkent shahar Olmazor tuman Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi qoshidagi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha mutaxassis:

Bolani vasiylikka yoki patronatga olish uchun Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga ariza bilan murojaat qilinganda xuddi farzandlikka olish kabi belgilangan tartibda hujjatlar yig‘masi arizaga ilova qilinadi.

Yana o‘qing:  Ajrashayotgan er-xotinning mulki qanday taqsimlanadi?

Shuningdek, bolani patronatga olishda belgilangan tartibda ma’lum muddatga shartnoma imzolanadi.

Ota-onaning o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlashi qanday tartibda amalga oshiriladi?

Shahnoza Mirzaboyeva, Toshkent shahar Shayxontohur tumani 5-sonli Davlat notarial idorasi notariusi:

– O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi (№ 364 2014. 02.01.) Qonuni 26-moddasiga asosan ota-onaning o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasi bolalarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga beriladi. Ushbu ariza yozilgan sana ko‘rsatilgan holda ularning o‘z qo‘li bilan imzolangan va notarial tartibda tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

– “Mehribonlik uyi” yoki “Go‘daklar uyi”dan farzandlikka olish tartibi haqida bilmoqchi edik?

Baxtiyor Qo‘chqorov, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 24-mehribonlik uyi direktori:

– Ushbu maskanlarda tarbiyalanayotgan bolani farzandlikka olish sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Ha, bolaning yomoni bo‘lmaganidek uning begonasi ham bo‘lmaydi. Shunday ekan, oila chamanini gullatuvchi beg‘ubor qalb egalari bolajonlarimiz omon bo‘lsin. Ularga mehr ulashish niyatida uzatilgan qo‘llar egalari qalbi aslo zavol bilmasin, deymiz.

Tahririyatimizga diliga ezgu istakni tugib, maktub yo‘llagan qoraqalpog‘istonlik yurtdoshimiz Malaxatxon siymosida yurtimiz ayollarining go‘zal fazilatlari, mehri va matonati aks etadi. Zero, ayol – Ona. Onaning mehri bilan biyobon gulistonga aylanadi.

Jamila Haydarova,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: