“Qo‘lning kiri”

farzandingizda pul muomalasiga munosabat qanday shakllanyapti?

Dilnoza Umrzoqova,

psixolog:

– Agar muloqotni ovqat bilan tenglashtiradigan bo‘lsak, unda u bolaga ham foyda, ham zarar yetkazishi mumkin. Yomon, sifatsiz oziq-ovqat bola tanasini zaharlagani kabi, noto‘g‘ri muloqot ham bolaning ruhiyatini “zaharlaydi”, bolaning ruhiy sog‘lig‘iga, hissiyotlariga va hatto taqdiriga ham ziyon yetkazadi. Biz uchun pul muammolar “manbai” hisoblanadi. Buni birgina oilada pulga bo‘lgan munosabatda ham ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda kattalarning munosabatini qo‘yib turaylik-da, hali hayot qiyinchiliklarini tushunib yetmagan bolalarning pulga bo‘lgan munosabatiga e’tibor qaratsak.

Biz “qo‘lning kiri”, deb baho beradigan pul hech kimni, tabiiyki, bolalarni ham befarq qoldirmaydi. Pul topish va uni sarflash turlicha bo‘lishiga qaramay, oilalarda pul yuzasidan tug‘iladigan muammolar bir-biriga judayam o‘xshash. Ko‘pincha ota-onalar farzandlari bilan bog‘liq katta-kichik muammolarga ham moddiyatni sabab qilib ko‘rsatishadi. Tan olish kerak, pul oilaviy hayotning moddiy asoslaridan biri. Biroq ko‘p hollarda ota-onalar farzandlari bilan pul haqida qay tarzda gaplashishni, pulni qachon va qancha berishni bilmaydilar.

Bu holat turli tushunmovchiliklarga olib keladi va oxir-oqibat farzand tarbiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Buning eng oddiy ko‘rinishi – maktabda olingan har bir yuqori bahoga muvofiq, ayrim ota-onalar tomonidan bola pul berib rag‘batlantirilishidir.

Akmal Rahimov,

ota:

– Aslida bunday chorani ko‘p hollarda farzandini boshqa usullar bilan o‘z vazifasini bajarishga majburlay olmagan ota-onalar qo‘llaydi, biroq, eng yomoni, ular buning salbiy oqibatlari haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Bunday tarbiya olgan farzandlarda xudbinlik, faqat o‘zini o‘ylash, har bir qilgan ishi uchun nimadandir umidvor bo‘lish – ta’magirlik hissi ortadi. Kerak bo‘lsa, u yolg‘on gapiradi. Qolaversa, pul evaziga yordam beradigan bola keyinchalik birovga beg‘araz ko‘maklashishi amrimahol bo‘lib qoladi.

Shu tarzda ko‘p hollarda ota-onalar tomonidan o‘ylab-o‘ylamay beriladigan bunday rag‘bat, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Aslida-ku, pul bolaga batamom salbiy yoki ijobiy ta’sir o‘tkazadi, deb bo‘lmaydi. Lekin unga noto‘g‘ri yondashuv ko‘pgina noxush holatlarga olib kelishi ehtimoldan holi emas.

Ammo voyaga yetgan bola o‘zi ishlab pul topish imkonini qila olsa-chi? Maktab o‘quvchisining maktabdan bo‘sh paytida mehnat qilish evaziga pul topishi ham pulga ruju qo‘yishga kiradimi? Ba’zi yoshlar oila muhitidan kelib chiqqan holda yoki o‘z ehtiyojlarini qoplash maqsadida pul ishlab topishning turli yo‘llarini qidiradi. O‘z mehnati orqali ehtiyojlarini qoplamoqchi bo‘lgan bunday yoshlarning harakati zamirida ularning mustaqillikka intilishi seziladi, albatta. Ular ta’minlangan yoki o‘rtahol oiladan ekanligi muhim emas, bu yerda asosiysi bolada pulga bo‘lgan munosabat, uni ishlab topish va sarflashga bo‘lgan ongli yondashuv shakllanadi. Biroq, bu yoshda bola o‘z vaqtini pul topish yoki sarflashga emas, bilim olish, sport bilan shug‘ullanishga bag‘ishlashi lozim.

Yana o‘qing:  ONA SAYYORA

Gulshod Sharipova,

o‘qituvchi:

– Mutaxassislarning fikricha, aynan boshlang‘ich sinflarda aksariyat bolalarning pulga munosabati shakllanar ekan. Shu yoshda uning pulga munosabatini to‘g‘ri yo‘naltirish mumkin. Aslini olganda, bolada pulning borligi va o‘z ixtiyoriga qarab sarflashi ozmi-ko‘pmi uni mustaqillikka o‘rgatadi. Odatda farzand maktabga qatnashni boshlaganida mayda narsalar uchun beriladigan cho‘ntak puliga ehtiyoj tug‘iladi. Maktab yoshida dastavval bolada tushlik uchun u-bu narsa sotib olishga ishtiyoq uyg‘onadi. Haftasiga bir marta yoki har kuni berib turiladigan cho‘ntak puli mavjud narx-navodan kelib chiqqan holda bo‘lsa, nur ustiga nur. Qolaversa, ota-ona farzandining yoshiga qarab uning ehtiyojlarini bilishi va shu orqali cho‘ntak puli miqdorini belgilashi maqsadga muvofiq. Bolaga pul berish masalasiga ochiq aytish kerakki, biz o‘qituvchilar qarshimiz, aslida. Hatto ota-onalar majlislarida imkon qadar bolalarga pul bermaslikni qayta-qayta tayinlaymiz. Shu pulga bolalar qorni och-to‘qligidan qat’iy nazar, nimadir sotib olish kerak, degan xayol bilan dars davomida vaqtni bekor o‘tkazishlari mumkin. Ular maktab yonidagi do‘kondan turli sharoitda tayyorlangan, sifatsiz oziq-ovqatni sotib olishlari, bu ham yetmaganday, aynan shu xarid uchun tanaffusda darsga kechikishlari ta’lim jarayoniga va bolaning bilim olishiga, eng muhimi uning intizomiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning o‘rniga bolani maktabga yaxshilab to‘ydirib yuborish, tanaffusda tamaddi uchun yegulik berib yuborishlarini iltimos qilamiz. Afsuski, hamma ota-onalar ham bunga amal qilavermaydilar. Kimdir ovqatlantirishning ilojini qila olmaganidan pul berib yuborishga majbur bo‘lsa, kimdir bolasining o‘rtoqlari oldida “tanti”ligini ko‘rsatib qo‘yish uchun shu yo‘lni ma’qul ko‘radi. Puli yo‘q bolalarning ba’zilari esa o‘rtoqlariga havas tufaylimi “bolalik” qilib qo‘yishadi.

Amerikalik ruhshunos Alan Frommning ta’kidlashicha, pul sarflash san’ati bizning xohish-istaklarimizni boshqarish qobiliyatimizni ko‘rsatadi, shu sabab bu san’atga yoshlikdan, bolada pulga qiziqish paydo bo‘lgan davrdan o‘rgatish kerak. Bundan chiqdi, agar farzandga pul berish uni qanday sarflash va kezi kelganda ishlab topish kabi masalalar borasida to‘g‘ri yondashilsa, unda moddiy boylikka nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirishda ortiqcha qiyinchilik yoki muammo tug‘dirmasligi shubhasiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: