ZARARLI ILLAT

ichkilikbozlik – nasl kushandasi

Ichkilikbozlik – bu tez-tez va ko‘p miqdorda spirtli ichimliklar iste’mol qilish tufayli paydo bo‘ladigan, unga kuchli ishtiyoq bilan kechadigan, surunkali xastalik hisoblanadi. Bu holat “bosh og‘riqqa” ehtiyoj, shaxsning o‘ziga xos o‘zgarishi, somatik(ichki) va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Bu zararli illatga olib keluvchi omil alkogoldir. Lekin kasallikning paydo bo‘lishi uchun faqat alkogolning o‘zi yetarli bo‘lmay, ichkilikbozlikning rivojlanishida ijtimoiy, psixologik va biologik omillar qatnashadi.

Shaxs ma’lumoti, oilaviy ahvoli, moddiy ta’minoti, jamiyatdagi o‘rni, ichkilikbozlikka munosabati va boshqalar ijtimoiy omillar guruhiga kiritiladi. Ichkilikbozlik rivojlanishidagi psixologik omillarni kishining alkogol beradigan xushkayfiyat, quvnoqlik holati, yengil tortish, “hayotdagi qiyinchiliklardan qochish” intilishlari tashkil etadi. Biologik omillar deganda irsiy moyillik, modda almashinuvining buzilishlari, xususan V va S vitaminlar balansi, qonda xlor va natriyning o‘zaro nisbati buzilishi, adrenalin bilan adrenoxrom o‘rtasidagi muvozanat buzilishi tushuniladi. Mastlik (alkogol bilan o‘tkir zaharlanish) – spirtli ichimliklarning psixotrop ta’siri tufayli vujudga kelgan ruhiy, vegetativ va nevrologik buzilishlar majmuidir.

Surunkali ichkilikbozlik somatik kasalliklarni keltirib chiqarishi natijasida, ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lib kelmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotiga ko‘ra, ichkilikbozlik natijasida vujudga kelgan kasalliklarning o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha, yurak qon-tomir kasalligi va o‘sma kasalliklaridan keyingi o‘rinda turar ekan.

AQSHning statistik ko‘rsatkichlari bo‘yicha, surunkali ichuvchilarning spirtli ichimlik ichmaydiganlarga nisbatan o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichlari ikki barobarga yuqori ekan. Bu esa inson umrini 17-18 yilga qisqartiradi.

Ichkilikbozlikning millat genofondiga ta’siri yuqori. Chunki, tug‘iladigan chaqaloqlar, ruhiy va jismoniy zaif bo‘lib dunyoga keladi. Ushbu zararli illat natijasida inson sog‘ligidan ayriladi va ish faoliyati pasayadi. Shuningdek, oilada o‘zaro kelishmovchiliklar va oila buzilishi vujudga keladi. Shaxsning insoniy fazilatlari yo‘qolib, bu kimsa mehnat qilmay hayot kechirish tarziga o‘tadi. Bu yo‘lga kirganlarning davolash va reabilitatsiya qilish qanchadan-qancha mablag‘ni talab etadi.

Muntazam tarzda spirtli ichimlikni iste’mol qilish oilaga va jamiyatga katta salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun ham alkogolga qarshi tadbirlarda, bemorlarni davolash va ijtimoiy darajada tiklash bilan birga, ichkilikbozlik kasalligining oqibatlarini, uning oldini olishni, ya’ni spirtli ichimlik ichish va iste’mol qilishga olib keluvchi omil va sabablarni yo‘qotishdan iboratdir.

Yana o‘qing:  Astma (ziqqinafas) va allergiyaning yana bir sababi

Tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, alkogol iste’moli qanchalik yuqori darajada bo‘lsa, vujudga keladigan muammolar ham o‘tkir tus olib ko‘payib boradi. Alkogolni iste’mol qilish darajasi bilan, kasallanish ko‘rsatkichlarining bog‘liqligi, o‘lim va mastlik, ichkilikbozlik natijasida kelib chiqadigan jinoyatlar muhim o‘rin egallaydi.

Shundan ma’lum bo‘ladiki, birinchi o‘rinda ichkilikbozlik kasalligiga ko‘p miqdorda tez-tez kuchli spirtli ichimlik ichuvchilar chalinadilar. Bu toifaga asab tizimi bo‘sh insonlar kiradi. Ular alkogoldan xayoliy qo‘zg‘alishlarni qidiradilar, hayotda vujudga keladigan to‘siqlarga qarshi kuchsizlikni yo‘qotish uchun spirtli ichimlik ichadilar. Uzoq va ko‘p miqdorda, alkogolni iste’mol qilish, miyaning ish faoliyatini pasaytiradi. Markaziy asab tizimida salbiy o‘zgarishlar keltirib chiqaradi, bularga fikrlash, xotira, sezgi va hokazolarning buzilishi kiradi. Ya’ni, birinchi o‘rinda markaziy asab tizimining yuqori bo‘limi zaharlanadi. Bunday holatda tashqaridan keladigan turli ruhiy ta’sirlarga chidamsiz va turli sharoit o‘zgarishlariga moslashishlar qiyinroq bo‘ladi. Ichki a’zolardan me’da-ichak tizimi zararlanadi. Me’dada hazm qilish funksiyasi buziladi. Alkogol me’da shilliq qavatini yallig‘laydi. Bemorlarda surunkali gastrit, keyinchalik oshqozon va 12 barmoq ichak yara kasalini keltirib chiqaradi. Spirtga asosan jigar juda sezgir bo‘ladi. Jigardagi modda almashinuvida faol ishtirok etuvchi hujayralar atrofiyaga uchrab, uning o‘rnini biriktiruvchi va yog‘ to‘qimalari egallaydi. Alkogol ta’sirining neytrallovchi kuchi pasayadi. Jigar yallig‘lanib, jigar sirrozi vujudga keladi.

Tekshiruvlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, jigar sirrozidan 2050 ta o‘lim holatidan 81foizini alkogolni iste’mol qiluvchilar tashkil etgan. Ushbu xastalik tufayli yurak qon-tomir tizimida ham o‘zgarishlar kechadi. Yurakning mushak tolalarida alkogol ta’siridan yog‘ to‘qimalari vujudga kelib, mushaklar bo‘shashib, o‘z ish faoliyatini bajara olmay qoladi. Bu esa vaqtidan avval, ateroskleroz va xafaqon kasalligiga olib keladi.

Davlatimiz tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida” Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunni qabul qilishdan maqsad alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Ushbu hujjat fuqarolarning sog‘lig‘ini, avvalo, yigirma yoshga to‘lmagan el farzandlarini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zararli ta’siridan, shu bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgandir.

Yana o‘qing:  Pashshalar me’da saratoniga sababchi

Spirtli ichimlik reklamasining kuchliligi, idishlardagi yorliqlarning yorqinligi bilan ham o‘ziga tortadi. Oilada yoshlarimizni nazoratsiz va e’tiborsiz qolishi, ota-onalarning bolalari oldida spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi, salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti.

Yoshlarda, katta yoshdagilarga nisbatan organizmning alkogolga chidamliligi ancha past bo‘ladi. Vaqt o‘tgan sari spirtli ichimlikka chidamlilik oshib borib, fojeali holat ichkilikbozlikning belgilari namoyon bo‘lib boradi. Alkogol zahriga, yoshlarning markaziy asab tizimining kuchsizligi, o‘z navbatida spirtli ichimlikka tobelik va ichki a’zolarining ishdan chiqishiga olib keladi. Spirtli ichimlik ichish natijasida, gepatit (sariq), pankreatit (me’da osti bezi yallig‘lanishi), endokrin kasalliklar, yurak faoliyatining buzilishi, qon bosimining o‘zgarib turishi, nafas faoliyatining buzilishi, yuqumli kasalliklarga chidamlilikning pasayishi va ruhiyatda hamda markaziy asab tizimida salbiy o‘zgarishlar kechadi.

Yoshlarga ichkilikbozlikning oldini olishda, avvalambor tarbiyaga ahamiyat berish va spirtli ichimlikning zararli ta’sirini to‘g‘ri tushuntirish kerak bo‘ladi. Ota-onalar shuni unutmasliklari darkorki, zararsiz spirtli ichimlik umuman bo‘lmaydi.

Ayniqsa, ayollarning spirtli ichkilikka ruju qo‘yishi, hozirgi kunda jiddiy muammolardan biriga aylanib bormoqda. Ularning ichkilikbozlik kasaliga chalinishi erkaklardan farqli o‘laroq spirtli ichimlikka moyilligi tezroq sodir bo‘ladi. Ya’ni, erkaklarda kasallik rivojlanishi 7-10 yilni o‘z ichiga olsa ayollarda esa 5 yil kifoya. Ichkilikning organizmga nojo‘ya ta’siri ayollarda erkaklarga nisbatan ancha ertaroq kechadi. Asosan spirtli ichimlik jigar va me’daosti bezini zararlaydi. Ichkilikka ruju qo‘ygan ayollarning xulqi, hayot tarzi yomon tarafga o‘zgaradi. Natijada turli jinsiy kasalliklar kelib chiqadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ichkilikbozlikka chalingan ayollarning faqat 10 foizida jinsiy bezlarning normal faoliyati saqlanar ekan. Spirtli ichimlikni istemol qilish natijasida, ruhiy buzilishlar avj oladi. Ularning xarakteri o‘zgarib, ya’ni jahldor, asabiy, faqat o‘zini o‘ylaydigan bo‘lib qoladilar. Erkaklarga nisbatan ularda shaxs o‘zgarishi va aql pasayishi tezroq avj oladi. Patologik o‘zgarishlar ayollarning shu kasallikni tark etishni anglab yetishlarida to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun ham kasallikning qanchalik darajada jiddiyligini anglamay, ichkilik ichishni to‘xtatishga harakat ham qilmaydilar. Ayollarda xumor sindromi erkaklarga nisbatan, yumshoqroq o‘tadi. Shuning uchun ham ular uzoq muddat shifokorga murojaat qilmaydilar. Ichkilikbozlikka chalingan ayollarning erkaklarga nisbatan avvalgi hayot tarzlariga qaytarish ancha mushkul va u ko‘p vaqtni o‘z ichiga oladi. Ayollarga bu kasallikni tark etishda shifokorlar va yaqinlaridan juda katta e’tibor va chidam talab qilinadi.

Yana o‘qing:  Xavfsiz o‘smalar

Jo‘rabek TOIROV,

Respublika narkologiya markazi shifokori, narkolog

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: